Markaziy Osiyo dindorlari Suriya va Iroqdagi vaziyatdan xavotirda

Bishkek, Qirg'iziston

Islomiy davlat qurish shiori ostida Suriya va Iroqda o’rin olayotgan xunrezliklar Markaziy Osiyo, jumladan, Qirg’iziston musulmonlarida vahima uyg’otmoqda. Taqvodorlar nazarida bu jarayon diniy aqidalarga mos emas. Jamoatchi muxbirimiz Muhiddin Zarif mahalliy ulamolar hamda dinshunoslar so’zlarini yozib oldi.

Olloyor qori ulamolar va dinshunoslar shahri Qorasuvdan bo’ladi. Suriya va Iroqda musulmonlar o’rtasidagi qonli tortishuvlar mahalliy din ahlini ham tashvishlantiradi.

“Islomda odam o’ldirishlik harom narsa. El-yurt masjid-madrasalarni vayron qilish, din xizmatchilarini qatl etish, xunrezlikdan norozi. Maqsadlari nima – kim biladi deysiz, lekin islomiy davlat quramiz, deb bunday ishlar qilish yaxshimas”, - deydi Olloyor qori.

Qirg’izistonlik yosh dindorlarning Suriyaga “jihod uchun” ketish hollariga to’xtalar ekan, qori buni “niyati buzuqlik, chunki odam o’ldirishlik uchun ketishayapti” deya ta’riflaydi.

O’shdagi xalqaro islom hamkorligi markazi rahbari, shayx Sodiqjon Kamolov deydi-ki, Suriyadagi urushning jihodga aloqasi yo’q.

“Bu siyosiy urush, hokimiyat talashish mojarosi, siyosiy nayranglar va shu urush orqali o’z maqsadlariga erishish uchun bo’layotgan harakatlar”, - deydi shayx.

“Islom dini odamlarni o’zaro sabr-toqat, tolerantlikka chaqiradi. Oddiy musulmon qatori men xunrezlikni qoralayman. Axir dinimizga ko’ra, bir insonni nohaq o’ldirish butun olamga qasd qilmoqdan qattiqroq”, - deydi Bishkekdan taniqli dinshunos, Qirg’iziston musulmonlari diniy idorasi raisining sobiq maslahatchisi Yusur Loma.

Uning aytishicha, Qirg’izistonda ayrim diniy oqimlar vakillari orasida Suriya hamda Iroqda nizo chiqarayotganlarga nisbatan xayrixohlik mavjud. Bu hol mahalliy diniy idoralar ma’rifiy ishlarni kuchaytirishi lozimligini anglatadi.

Jalol-Obod shahridagi “Islom ta’limi” nodavlat tashkiloti hay’ati raisi Dilmurot hoji Orozov bir necha oy muqaddam Bishkekda o’tgan musulmon ulamolarining xalqaro anjumanida qatnashgan. Anjumanda, jumladan, nizolarga chek qo’yish, musulmon dunyosi ahilligini ta’minlash haqida so’z ketgan edi.

“Afsuski, bir majlis bilan masala yechilmas ekan. Bunga katta kuch-quvvat kerak. Bo’linishni saqlab qolishga manfaatdor siyosiy kuchlar ko’p”, - deydi suhbatdosh. U Yaqin Sharqdagi xunrezlikda yirik davlatlar ta’siri yo’q emas, degan fikrlarga qo’shiladi.

“Axir, zamonaviy qurol-yarog’ qaydan kelayapti? Ular musulmon diyoriga Alloh in’om etgan neft va boshqa tabiiy boyliklar hisobiga sotib olinayotgani ham sir emas. Musulmonlarni mal’un kuchlar qurollantirayapti. Ular bir-birlarini savalayaptilar”, - deydi Dilmurot hoji Orozov.