VimpelCom "O'zbekistondagi pora ishi" uchun 750 million dollar murosa puli to'laydi

  • Amerika Ovozi

VimpelCom O'zbekiston va qo'shni davlatlarda "Beeline" nomi ostida biznes qiladigan mobil kompaniyasi

O'zbekistonda biznes qilish uchun Prezident Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimovaga katta miqdorda pora berganlikda gumon qilingan mobil kompaniyasi "VimpelCom", ishonchli manbalarga ko'ra, AQSh bilan murosa qilmoqchi.

"VimpelCom" O'zbekiston va boshqa o'lkalarda "Beeline" nomi bilan ishlaydi. "Bloomberg" biznes axborot manbaiga ko'ra, AQSh bilan murosa yaqin. Ayb tan olinib, 750 million dollar to'lanishi kutilmoqda.

Rus milliarderlari egalik qiladigan kompaniya aksiyalari jahon moliya markazi hisoblanmish Nyu-Yorkdagi birjalarda sotiladi. AQSh hukumati bir necha oydiki, "VimpelCom" ning O'zbekistondagi faoliyatini elakdan o'tkazib kelmoqda. O'nlab million dollarlik mulk Yevropa banklarida muzlatib qo'yilgan.

Biror bir shaxs yoki biznesga rasman ayblov qo'yilmagan lekin O'zbekistonda o'z filiallarini ochgan mobil bizneslari qattiq tekshiruvda.

AQSh Adliya vazirligi va boshqa tegishli organlar bu ish yuzasidan ma'lumot bermaydi, lekin tekshiruvning asosiy sababi korrupsiyaga asoslangan bizneslarga bolta urish, ularning Amerika moliyaviy tizimlaridan foydalanishiga yo'l qo'ymaslik va adolatni ta'minlash ekani aytiladi.

"VimpelCom" tarkibidagi "Telenor" va Yevropada asoslangan yana bir yirik mobil kompaniya "TeliaSonera" Gulnora Karimovaga jami 1 milliard dollar atrofida pora bergani taxmin qilinadi. Shvetsiya, Gollandiya, Shveytsariya va Amerikadagi tergov ishlari davom etmoqda.

AQShda Xorijiy korrupsiya amaliyotini taqiqlovchi qonunga binoan olib borilayotgan tekshiruv natijasida bunaqa katta miqdorda murosa puli taklif qilinishi kamdan-kam kuzatiladi. 2008-yilda "Siemens" AG korrupsiya aybini tan olib, 800 million dollar to'lab qutulgan.