Amerika hindulari muzeyi atrofida 40 ta qizil ko’ylak osilgan. Maqsad o’ldirilgan, yo’qolib qolgan, umuman zo’ravonlik qurbonlari bo’layotgan hindu ayollari taqdiriga e’tibor jalb qilish. Bunday ko’rgazma Qo’shma Shtatlarda ilk bor tashkil qilingan. Unga turtki bo’lgan omil boshqa irq vakillariga mansub xotin-qizlardan ko’ra, hindu ayollarining zo’ravonlikka uchrash darajasi ancha katta ekanida.
Vashingtondagi Amerika hindulari milliy muzeyi atrofiga osilgan ko’ylaklar naqd 40 ta. Ular qizil rangda.
Ko’rgazma o’ldirilgan yoki bedarak yo’qolgan hindu ayollari taqdiri ramzi sifatida qo’yilgan. Maqsad Amerika tub aholisiga mansub ayollar yuzlashayotgan zo’ravonliklar ko’pligidan ogohlik uyg’otish. Muallif badiiy san’at ustasi - Jeymi Blek.
“Qiladigan ishim jamoat joylarga qizil ko’ylaklarni osib chiqish. Odamlar anglasinki, bu ko’ylaklar egasi bo’lmasa-da, ayollarning o’rni, kuchi bor”, - deydi Jeymi Blek.
Ko’rgazma boshlangan sovuq kunlarda muallif hindu ayollar taqdiriga ehtirom sifatida maxsus tomosha tashkil qildi.
“Ko’rgazma orqali ovozimni ishga solishni istadim. Ishimni sukut saqlashga hukm qilingan hindu xotin-qizlariga, ular yuzlashayotgan ovoz chiqarmaslik, dardini yormaslik epidemiyasiga bag’ishladim”, - deydi u.
Muallif atayin qizil rang tanlagan.
“Bilsangiz bu - hayot ramzi. Inson uchun joshqinlik, tiriklik, kuch ramzi. Shuningdek, qizil - zo’ravonlik, muqaddas hayot qonining yo’qolishiga ishora hamdir”, - deydi ijodkor.
Muallif ko’rgazmani “Tuzatish, tiklash loyihasi” deb nomladi.
“Ko’rgazma Shimoliy Amerikada asrlardan beri hindu ayollari yuzlashayotgan adolatsizlikka barham berish, vaziyatni o’nglashga qaratilgan”, - deydi Jeymi Blek.
Hozir ko’pchilik hindu ayollar sukut saqlashdan bosh tortib, faollashgan.
“Mahalliy aholiga mansub xotin-qizlar oldin ham qo’z’g’algani, mustamlakachilar zo’ravonligi paytida ham o’z madaniyatida qattiq turgani hindu ayollarining kuchidan darak”, - deydi muallif.
Ijodkor va g’oya tarafdorlarini AQSh Kongressida hozir ikki hindu ayoli borligi ilhomlantiradi.
“2019-yilga kelib Kongressda nafaqat ayollar soni ortdi, balki tub aholidan chiqqan ayollar Kanzas va Nyu-Meksiko shtatlaridan qonunchi etib saylandi. Endi hindu ayollari dardini kimdir eshitishiga umidimiz bor”, - deydi muzey direktori Mashel Monenerkit.
Ijodkor esa ko’ylaklarni ko’rgan har bir odamni ta’sirlantirishni istaydi.
“San’at, ijod yurakka ta’sir ko’rsatadigan kuchga ega. O’tayotgan har bir yo’lovchi shu ko’ylaklarga ko’zi tushmay o’tmaydi. Osilgan ko’ylaklar g’oyasini bilmasdan turib ham ularning xotirasida, qalbida anchagacha muhrlanib qoladi”, - deydi u.