Tramp impichmentga tortilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

(Chapdan o'ngga) Trampning sobiq advokati Maykl Koen, Prezident Donald Tramp va uning kampaniyasi sobiq boshqaruvchisi Pol Manafort.

AQSh Prezidenti Donald Tramp tanqidchilari impichment talab qilmoqda. Bunga Trampning sobiq advokati kampaniyaning moliyaviy jinoyatlari yuzasidan bergan ko’rsatmasi sabab bo’lgan. Impichment jarayoni bo’lib o’tadigan Kongressda prezidentning siyosiy raqiblari ehtiyotkor pozitsiyani saqlamoqda.

Prezident Trampning sobiq shaxsiy advokati Maykl Koen o’tgan haftada saylov kampaniyasi davridagi moliyaviy ishlari, soliq va bank sohasidagi firibgarlikka oid sakkiz modda bo’yicha aybini tan olgan edi. Jumladan, qonunbuzarliklar Tramp bilan aloqada bo’lgan ayollarning og'zini yopish uchun qilingan to’lovlarni ham o’z ichiga oladi. Koenning ko’rsatmasiga ko’ra, prezident unga shunday buyruq bergan. Biroq Tramp va uning tarafdorlari Koenning davolarini inkor etib, uni yolg’onchilikda ayblamoqda.

Bunday davolar esa o'z o'rnida Prezidentga impichment e'lon qilinishini istaganlar uchun ayni muddao.

“Dalillarimiz hozircha yetarli emas”, - deydi demokratlardan Erik Svolvel.

Erik Svolvel Vakillar palatasi Sud huquq qo’mitasida faoliyat yuritadi. Prezident impichmementi bo’yicha dastlabki ishlar mazkur qo'mitada boshlanadi. Erik Svolven bu masalani muhokama qilishga hali erta va agar Vakillar palatasini demokratlar boshqarsa tergov ishlari birinchi o’ringa qo’yilgan bo’lar edi, deydi.

“Ko’pchilik ovoziga ega bo’lsak, respublikachilar istamayotgan tergov ishlarini boshqarishga tayyormiz. Bunda saylov oldi kampaniyalarida qilingan moliyaviy qonunbuzarliklar, ruslar bilan aloqalarga e'tibor qaratamiz. Shuningdek, demokratlarning katta qismi Amerika xalqi bexabar bo'lgan soliq qaytimlari bilan bog'liq ishlarni oshkor qilishiga va'da beramiz”, - deydi Erik Svolvel.

Vakillar palatasidagi respublikachilarning katta qismi Rossiyaning saylovlardagi aralashuvi va qonun buzilishiga doir ayblovlardan Trampni himoya qilmoqda.

Prezidentning hozirgi advokati Trampga impichment e'lon qilish xato ish deb hisoblaydi.

“Impichment qilish dahshat. Bunga mutlaqo asos ham yo'q. Prezident ruslar bilan til biriktirmagan, adolatga to’siq ham bo’lmagan. Koenning ko’rsatmalari o’z tasdig’ini topmadi. Siz faqat siyosiy sabablarga ko’ra uning impichmentini talab qilishingiz mumkin, biroq Amerika xalqi bunga qarshi namoyishga chiqadi”, - deydi Prezident Trampning advokati Rudi Juliani.

Tahlilchilar Tramp tarafdorlarining qarshiliklari kuchayishini hisobga olib, demokratlar impichment masalasida hadiksirayotganini aytmoqda. Joriy yilning noyabr oyida o’tishi kutilayotgan oraliq saylovlar ham mazkur siyosiy bo’ronlar shiddatini kuchaytirmoqda. Saylovlar Kongressning ikki palatasida ham qaysi partiya ko’pchilikni tashkil etishini belgilab beradi.