NATO Ukrainaga tank berish qarorini “burilish nuqtasi” deb atadi

  • Amerika Ovozi

AQSh, Germaniya va Britaniya tanklari namunalari. Bu mamlakatlar Ukrainaga tank berishini bildirgan

Germaniyada aholining salkam yarmi Ukrainaga tanklar yuborilishiga qarshi bo’lishiga qaramay, ko’pdan beri ular bilan hamfikr bo’lgan Kansler Olaf Shols yaqin bir necha haftada Kiyevni 80 tagacha “Leopard” tanklari bilan ta’minlashga va’da berdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-yanvar, 2023-yil

Shols va Mudofaa vaziri Boris Pistorius Germaniya mojaroga bevosita aralashmaydi deyishiga qaramay, Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbokning hafta boshida “Germaniya Rossiya bilan urush qilyapti” degan gaplarini Kreml keskin tanqidga oldi. Rossiyaliklar Germaniya Ikkinchi jahon urushidagi mag’lubiyatidan saboq olmaganini aytmoqda.

Berlin Berbok bir oz qizishganiga ishora qiladi. Shunday bo’lsa-da, Germaniya Ukrainaga qurol uzatishda va ukrain harbiylarini nemis texnikasi bilan muomala qilishga o’rgatishda davom etmoqda.

“Ukrainaliklar G’arb harbiy yordamini o’zlashtirishda qobiliyatli ekanini ko’rsatmoqda. O’rganishga vaqt kerak, ammo hozir vaqt Ukraina tomonida emas. Bahor yaqinlasharkan, Rossiya yirik hujum boshlashi kutilmoqda”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Jon Lof.

NATO Ukrainaga tanklar yuborish qarorini “burilish nuqtasi” deb atadi.

“So’nggi oylarda Vladimir Putin do’q-po’pisalar, yevropaliklarning charchashi va ayniqsa G’arb sanksiyalarining o’z iqyisodiyotlariga salbiy ta’siri transatlantik ittifoqining parchalanishiga olib keladi deya umid qilgan edi. Ammo bunday bo’lmadi. Buning aksini ko’ryapmiz”, - deydi Jorjtaun universiteti eksperti Anjela Stent.

Ukraina Rossiya kuchlarini haydash uchun unga 300 ta tank va samolyotlar kerakligini ta’kidlaydi. G’arb samolyot berishga hozircha tayyor emasligini bildiradi.

“Nazarimda, G’arb mamlakatlari avval Ukraina tanklardan qanday foydalanishini ko’rib, shunga qarab harakat qilmoqchi”, - deydi londonlik tahlilchi Ed Arnold.

Ukrainaga bu urushda yordam berayotgan G’arb Rossiyani mag’lub etish uchun milliardlab dollar sarflamoqda.

“Mojaro uzoqqa cho’zilishi mumkin. Ruslar buni tushunyapti. Prezident Putinning bayonotlaridan ham bilsa bo’ladi buni. U xalqni uzoq urushga tayyorlayapti. Ammo G’arb hukumatlari va ularning aholisi bunga tayyormi? Mana shuni bilish muhim”, - deydi Jon Lof.

Rossiya Ukrainaga yuboriladigan tanklar boshqa harbiy texnika kabi yonishini bildirarkan, ba’zilarini jang maydoniga yetmasidan yo’q qilmoqchi.

Xususan, bugun Rossiya Mudofaa vazirligi havodan va harbiy kemadan otilgan raketalar va dronlar hujumida Ukraina mudofaa va transport sanoatlariga aloqador korxonalarga zarba berilganini, natijada NATO mamlakatlarining jang maydoniga qurol va o’q-dori yetkazishi qiyinlashganini, harbiy texnikani ta’mirlovchi zavodlar faoliyati izdan chiqarilganini bildirdi.