Harbiy ma’lumotlarni fosh etib tanilgan "Wikileaks" sayti Iroqdagi urushga doir 400 ming hujjatni omma e’tiboriga havola etmoqda.
AQSh Mudofaa vazirligi buni qoralamoqda. Hujjarlarda qayd etilishicha, 2003 yilning mart oyidan, ya’ni Amerika kuchlari Iroqqa kirganidan boshlab o’tgan yilning oxirigacha 109 ming insonning yostig’i qurigan.
Shulardan 60 foizdan oshig’i mahalliy fuqarolar deyilsa, Iroqda bu borada izlangan tashkilotlar aslida 80 foizi deb hisoblaydi.
Pentagon bu hujjatlarni maxfiy deb atab, ularning keng ommaga, jumladan terroristlarga ham oshkor etilishi, AQSh armiyasi va xalqiga xavf soladi deya ogohlantirmoqda.
"Wikileaks" bu hujjatlarni qayerdan va kimdan olganini sir tutmoqda, ammo bu ishda hozirda turmada o’tirgan harbiy tahlilchi Bredli Menning gumon qilinadi.
Sal oldin "Wikileaks" Afg'onistondagi harakatlar bilan bog'liq hujjatlarni fosh etgan edi. Pentagon o'shanda ham bu xavfsizlik nuqtai nazarida xato qadam deya norozilik bildirgan edi.