Erkakmi ayol, yurak kasalliklari har yili eng ko’p odamni hayotdan olib ketadi. Lekin, deydi shifokorlar, buning oldini olish mumkin.
Sog’lom ovqatlanish va badantarbiyada gap ko’p. Shunisi aniqki, yurak xastaliklari erkaklarga qaraganda ayollarga ko’proq tahdid soladi. Buning sabablaridan biri esa - xotin-qizlarga tashxis qo’yishning qiyin ekanligi.
Erkak kishi yurak xurujiga uchradimi, demak, ko’p hollarda uning arteriyasi yopilib qolgan. Rentgen orqali muammo qayerda ekanini darrov aniqlash mumkin. Bemor maxsus muolajadan o’tadi. Asosiy diqqat, tabiiyki, arteriyada.
Ammo angiogramma deb ataluvchi bu prosedura ayol kishi arteriyasidagi muammoni har doim ham aniqlay olmaydi. Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotining ogohlantirishicha, har yili yurak kasalliklari 18 million ayolning hayotiga zomin bo’ladi. Kuzatuvlardan ma’lumki, bu kasalliklar keksa emas, asosan yosh ayollarda uchraydi.
“31 yoshda edim…Kim o’ylabdi yurak haqida bu yoshda?”
Kerri Vinsent yurak xurujidan omon qolganlardan biri.
Ayrin Pollin ham bu holni boshdan kechirgan.
"Yurak kasali ayollar uchun vabo”,- deydi u.
Ayrin Pollin “Opa-singillar” degan nohukumat tashkilot ochgan, aynan yurak masalalari bilan shug’ullanadi. Xotin-qizlar bu borada juda kam biladi, deydi u, vaholanki, hayotimiz doimiy xavf ostida.
“Yurakni asrash uchun nima qilasiz? Ko’rikdan o’tib turish kerak, sog’lom yashashni o’rganish kerak, buning erta-kechi yo’q. Hoziroq…”
Ayrin Pollin shifokor emas. Boston va Brigem shahridagi taniqli kasalxonalarning kardiologlari bu tashkilot bilan hamkorlik qiladi.
“Ayollar shuni bilsinki, yurakni tez-tez tekshirtirib turish sizni 95 foiz hollarda sog’lom saqlaydi”.
Chekmang; cheksangiz, darhol tashlang; ko’p shirinlik yemang; vaznni me’yorda saqlang; toza mahsulotlar yeng; kuniga kamida yarim soat jismoniy mashq qiling; asabni ehtiyot qiling.
Yaxshi maslahatlar, lekin ayollar, qay yurtga bormang, eng band odamlar. O’zi haqida emas, oilasi, bolasi, eri, yaqinlari va ishi haqida o’ylaydi.
“Juda bo’lmaganda, yaxshi ovqatlanishni odat qilish kerak. Gap ko’p yeyishda emas, nima iste’mol qilayotganingizda. E’tibor bering”.
Dariush Muzaffarian baliq, qora non, qayta ishlanmagan bug’doydan yopilgan mahsulotlar, sabzavot, sabzavot yog’i, yong’oq ko’p yeng deydi. Tuz va yog’li ovqatni kamaytiring.
Jamiyatda yurak salomatligi, tibbiy ta’lim va ko’rikni targ’ib qilish kerak. Bu nafaqat sog’liqni saqlash xodimlarining balki har bir insonning burchi, deydi mutaxassislar.