Dengizchi ayollar ish va sharoitdan mamnun

  • Amerika Ovozi

Avraam Linkoln nomidagi harbiy kema (USS Abraham Lincoln)

AQSh Mudofaa vazirligi xotin-qizlar uchun imkoniyatlarni kengaytirib, yaqin kelajakda 14 ming ish o’rni ochmoqchi.

Armiya, umuman, harbiy soha – erkaklar saltanati. Ayollar u yerda nima qiladi, degan savol nafaqat bu mamlakat, balki butun dunyo bo’ylab tez-tez quloqqa chalinadi.

Bunga harbiy ayollarning o’zidan boshqa hech kim yaxshiroq javob bera olmasa kerak. “Amerika Ovozi” yaqinda dengizchi xotin-qizlar bilan muloqotda bo’ldi.

Leytenant Megan Donnelli “Avraam Linkoln” nomli bahaybat kemadagi 770 ayoldan biri. Qariyb 100 ming tonna keladigan bu vositani haydaydigan mutaxassis. Kema yaqinda Fors ko’rfazidan qaytdi. Yuksak va mashaqqatli vazifa, deydi leytenant.

“Kemadagi 20 zobitga yetakchilik qilaman. Kapitanning yordamchisiman. Harbiy kemani boshqarish kuchli e’tibor, bilim va malaka, shijoat talab qiladi",- deydi leytenant.

Leytenant Donnelli AQSh dengizchilar akademiyasini bitirgan. Harbiy-dengiz floti uchuvchisi. Lekin ayni damda unga kapitanga yordam berish mas’uliyati yuklangan. Ishini qoyillatgani uchun yuksak mukofot bilan taqdirlangan. Kemada yagona sovrindor.

Leytenant Nikol Rosales – harbiy shifokor. Dengiz flotida ishlash azaliy orzusi edi.

“O’qishimga to’lashdi, amaliyotga chaqirishdi, keyin esa ish berishdi. Harbiy samolyotlar uchib-qo’nadigan kemadamiz. Harbiy kasalxonalarda ham mehnat qilaman”,- deydi u.

Leytenant Rosales dengizda yurib, vataniga xizmat qilmoqda, shuningdek, dunyo ko’rmoqda. Tajribasiga tayanib, shuni aytadiki, harbiy sohada ayollarga o’rin ham, talab ham yetarli. Buni hech kim rad eta olmaydi, deydi u, qo’lingizdan ish kelsa, eplasangiz bas.

Harbiylik ham tirikchilik, deydi bu ayollar. Maktabni bitirib, kasb tanlayotib ular shu sohani ma’qul ko’rgan. Oylik yomon emas, imtiyozlar yaxshi, maoshga oila boqish mumkin.

Osh-ovqat va turar joy ta’minlangani uchun pul yig’ish osonroq, deydi Amber Mentzer, kelajak haqida o’ylaydi odam.

“Hayotimning to’rt yilini shu sohaga sarflab, maza qilib ishlab, keyin boshqa joyga ketishim mumkin. Hamma teng, erkakmi yoki ayol, ishni eplash kerak”.

Amber Mentzer universitetga kirmoqchi. Ingri Pimetal esa kelajagini faqat askarlikda ko’radi.

“Karyera qilmoqchiman harbiy-dengiz flotida. Xizmatga kirganimga sakkiz oy bo’ldi. Ish, vazifa menga juda ma’qul",- deydiPimetal.

Yosh zobitlar jinsiy tengsizlikka uchramaganini aytadi. Lekin harbiy-dengiz flotida 10 yildan beri xizmatda yurgan leytenant Megan Donnelli ko’p narsa ko’rgan.

“Shaxsan o’zim biror muammo bilan yuzlashmadim. Lekin 10 yil oldin zobit ayollarga munosabat ancha boshqacha edi. Salohiyatingizni shubha ostiga olishardi, bugun ahvol o’zgargan”.

Bu ayollar - fidoiy zobitlar, lekin ularning ham oilalari bor. Yaqinlaridan, ayniqsa, farzandlaridan oylab uzoqda yashash oson emas. Har bir sohaning o’z talab va qiyinchiliklari bor, deydi ular, shu bilan birga gashti. Harbiy-dengiz floti oilali xizmatchilar uchun ayniqsa ko’p imtiyoz taklif qiladi.