1920-yilda AQShda ayollar ovoz berish huquqiga erishdi. Shu darajaga yetish uchun hamda shtat va mamlakat miqyosida siyosiy qudratga erishish uchun o’n yillab kurash yo’lini bosib o’tdi. Vashingtondagi Smitson milliy portret galereyasida mana shu voqeaning 100 yilligiga bag’ishlangan katta ko’rgazma ochildi.
Amerikada xotin-qizlar uchun ovoz berish huquqini qo’lga kiritishga qaratilgan kurash uzoq va qiyin kechgan.
O’n yillab davom etgan bu kurashlarda Syuzan Entoni, Elizabet Kaydi va Lyusi Stoun kabilar faol bo’lgan.
Vashingtondagi Smitson milliy portret galereyasida Amerika ayollarining ovoz berish huquqi uchun 130 yillik kurash aks etgan tasviriy ko’rgazma tashkil etildi.
“Ayollarning ovoz berish huquqiga erishish harakati osmondan tushgani yo’q. Bu yo’lda ayollar abolitsionist jamg’armalar tuzib, spirtli ichimliklarga qarshi kurashgan harakat bilan hamkorlik qilib kuchaygan”, - deydi muzey xodimi Keyt Klark Limay.
Yetti xonali ko’rgazmaga 1832-yildan 1965-yilgacha bo’lgan davrga taalluqli 120 dan ortiq eksponatlar qo’yilgan.
Suratlar, portret, kitob, banner, plakat kabi ashyosviy materiallar Amerika tarixini shakllantirishda rol o’ynagan insonlar va voqealarni tasvirlaydi.
Masalan, 1872-yili Amerika prezidentligi uchun uchinchi partiyadan nomzodini qo’ygan ilk ayol Viktoriya Vudxal ekanini yoki Oq uy oldida namoyish uyushtirgani uchun olti marta qamoqqa tashlangan faol Lyusi Byorns kimligini bilasizmi?
Yoki bir guruh ayollarning 1913-yilda Vashingtonda ilk katta nozo’ravon namoyishga chiqqanini-chi?
Eksponatlarning uchdan bir qismi oq tanli bo’lmagan ayollar, jumladan, odatda oq tanli ayollar tomonidan yirik tashkilotlardan chetlatilgan qora tanli ayollar haqida.
“Ko’rgazmada ovoz berish huquqi uchun harakat tarixi va bu uchun kurashgan afro-amerikaliklar, hindu ayollari va boshqa irq vakillarining biografiyasini o’rganish mumkin”, - deydi muzey xodimi.
Faol Sara Parker Rimound irqiy ayirmachilikka qarshi birinchilardan bo’lib sudda da’vo qilgan qora tanli ayollardan.
Ko’rgazma qora tanlilarni sudsiz jazolashni taqiqlovchi federal qonunlarni targ’ib qilgan Ayda Vells va Rangli ayollar milliy uyushmasiga asos solgan Meri Cherch Terrellning hayoti haqida ham ma’lumot beradi.
Bugunga kelib Amerikada ayollar kuchli siyosiy qudratga ega. Saylovchilarning katta qismini ayollar tashkil qilib, hozirgi Kongressda 120 dan ortiq ayol qonunchilik bilan shug’ullanadi.
“Agar ko’rgazmani xronologik ravishda ko’zdan kechirsangiz, ayollar ovoz berish huquqi uchun kurashdan bugungi davlat boshqaruvidagi yetakchi o’rniga qadar bosib o’tgan yo’lini ko’rasiz. Ayollar harakati samara berayotganidan xursandman”, - deydi muzey xodimi.