AQShda 2024-yilgi prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik avjida

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda prezidentlikka nomzod bo’lish uchun da’vogarlar butun mamlakat bo’ylab tashviqot olib bormoqda. Ammo asosiy e’tibor ikki shaxsda – Jo Bayden va Donald Tramp.

Trampning ko’plab tarafdorlari haliyam Jo Bayden 2020-yilgi saylovni yutqazdi deb ishonadi. Sobiq prezident, deydi ular, siyosiy jihatdan ta’qib qilinmoqda.

Respublikachilar partiyasiga ovoz beradiganlarning yarmi Trampni qo’llab-quvvatlashini aytadi. Trampning ritorikasini o’rganuvchi tadqiqotchilar, jumladan kommunikatsiya professori Jennifer Merchiya bundan hayron emas.

“U hamma narsani to’g’ri qilgani, tarixdagi eng zo’r prezident bo’lganini ta’kidlaganida, ular bunga ishonishadi. Ularning ko’ziga, va’da qilganidek, kuchli lider bo’lib ko’rinadi”, - deydi Merchiya.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka boshqa da’vogarlar Trampni uncha tanqid qilmayapti.

Ommaviy so’rovlarga qaraganda, respublikachi saylovchilar muqobil nomzodlarni ko’rib chiqishga qarshi emas, lekin ular Trampning tanqidchilari bo’lmasligi kerak.

Nikki Heyli Tramp prezidentligi davrida AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi edi.

“Prezident bo’laman degan odam yaxshi va yovuz, to’g’ri va noto’g’ri o’rtasidagi farqni bilishi kerak”, - deydi Heyli.

Prezident Baydenning Demokratik partiyadan raqiblari deyarli yo’q. Prezident iqtisodiy yutuqlari haqida bong urmoqda.

“14 million yangi ish o’rni yaratdik, shundan 800 mingtasi ishlab chiqarish sohasida. Mamlakatda ishsizlik darajasi 4 foizdan ham past va shunday saqlanib turibdi. Ishchilarning maoshi oshayapti. Inflyatsiya darajasi 65 foizga kamaydi”, - deydi Bayden.

So’rovlarga ko’ra, ko’plab saylovchilar, jumladan demokratlar, Bayden ikkinchi muddatining oxirida, 86 yoshida qanchalik effektiv rahbar bo’la oladi, deb so’ramoqda.

“Saylovchilar nazdida u haqiqatan juda keksa va iqtisodni eplay olmayapti”, - deydi Merchiya.

Tramp ham, Bayden ham mamlakatni ekzistensial tahdidlardan himoya qilish kerakligini ta’kidlaydi.

“Mamlakat jahannamga yo’l olmoqda. Biz birgalikda uni so’lchi yolg’onchilardan, buzuq va jinni odamlardan qutqaramiz. Mana shular kelajakni barbod qilmoqda”, - deydi Tramp.

Baydenning aytishicha, asosiy maqsad - Trampning Oq uyga qaytishiga yo’l qo’ymaslik. “Poygada u bo’lsa, men ham bellashaman”, - deydi u.

Kelasi yili Oq uy uchun kurashayotganlarni partiyaviy saralash jarayonini Ayova hamda Nyu-Gempshir shtatlari boshlab beradi. Respublikachilar nomzodini iyulda e’lon qiladi. Avgustda esa demokratlar Baydenni nomzod etib ko’rsatishi kutilmoqda.