Seshanba oqshom AQSh tarixida misli ko’rilmagan voqea yuz berdi. Ilk bor Kongress Vakillar palatasining spikeri muddatidan erta vazifasidan ozod etildi. Quyi palatadagi 216 qonunchi Kevin Makkartini lavozimidan olishga ovoz berdi. Ya’ni 208 ta demokrat va sakkiz nafar respublikachi.
Makkartiga qarshi tashabbusni partiyadoshi Met Gets olg’a surdi. Kongressning ultra konservativ a’zolaridan bo’lgan floridalik qonunchi Makkartini byudjetga kelishishda sarfiyatlarni kerakli miqdorda qisqartira olmaganlikda aybladi.
“33 trillion dollarlik qarz bu tartibsizlikdir. 2,2 trillion dollarlik yillik qarz tartibsizlikdir. Xarajatlarni yoppasiga bir qonunga kiritish tartibsizlikdir”, - dedi Gets.
Makkarti nomzodini spikerlikka ortiq qo’ymasligini bildirdi.
“Kurashni davom ettiraman, balki boshqa usulda. Ammo yana spikerlikka bormayman”, - dedi u.
Gets nazarida, Makkarti yil boshida Prezident Jo Bayden bilan qarz shiftini ko’tarishga kelishib, Ukrainaga qo’shimcha yordam ko’rsatishga yashirincha rozi bo’lib, spikerlikka saylanishidan oldin safdoshlariga bergan va’dasiga vafo qilmadi.
“Ko’plarimiz spikerga qarz shiftidan xarajatlarni kamaytirish, islohotlarga chaqirishda foydalanishni o’tinib so’radik. Buning o’rniga u qarz shiftini cheksiz ko’tarishga kelishib oldi”, - deydi Makkartini lavozimidan olishga ovoz bergan yana bir respublikachi vakil Bob Gud.
Aksariyat respublikachilar Makkartini qoldirmoqchi bo’ldi, ammo uddasidan chiqa olmadi.
“Bizni xaosga solib qo'yishdan oldin uzoq va qattiq o'ylab ko'ring, chunki agar spikerlik bo'shab qolsa, aynan xaosga yuz tutamiz”, - dedi respublikachi kongressmen Tom Koul.
Demokratlarning birortasi Makkartini qutqarishga oshiqmadi.
“Unga ishonch yo’q. Hatto o’z partiyadoshlari ham unga ishonmaydi. Uning biz va Amerika xalqiga bo’lgan muomalasini ko’rgansiz”, - dedi ulardan biri Enni Klaster.
Makkarti roziligi bilan qabul qilingan 45 kunlik byudjetdan Ukrainaga atalgan bir necha milliard dollarlik yordam paketi olib tashlandi.
"Vakillar palatasidagi yetakchi qonunchilarning barchasi Ukrainaga yordamni davom ettirish tarafdori. Respublikachilarning aksariyati ham. Biroq ularning orasidagi oz sonli, ammo ovozlari juda baland vakillar oyog’ini tirab olgan. Ular o’z partiyasi, partiya rahbariyatini ifodalamaydi”, - deydi Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Spikerlik AQShda muhim lavozim bo’lib, prezident va vitse-prezident o’z vazifalarini bajara olmagan taqdirda davlat boshqaruvi Vakillar palatasining raisiga o’tadi.
Ayrim respublikachilar spikerning tagiga suv quyishda bosh bo’lgan Met Getsni partiya birligiga raxna solayotganlikda ayblab, uni palatadan haydashni taklif etmoqda.
Nyu-Jersi shtatida joylashgan Prinston universitetining Amerika tarixi bo’yicha professori Shon Vilents Makkartining lavozimidan olinishini sobiq prezident Donald Tramp uchun yutuq deb ko’radi.
"Har safar tartib izdan chiqganda Tramp yutgan bo’ladi. U 6-yanvarda erisholmagan maqsadiga endi erishyapti, ya’ni Vakillar palatasini o’z qo’liga olyapti. O’z odamlari orqali”, - deydi olim.
Quyi palataga yangi spikerni saylash jarayoni kelasi hafta boshlanadi.