Yaman prezidenti iste'foga chiqishga rozi bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Yaman prezidenti iste'foga chiqishga rozi bo'ldi

Yaman prezidenti Ali Abdulla Solih Saudiya Arabistoni poytaxti Riyodda Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi olg'a surgan bitimni imzolab, 33 yillik hukmronlikdan so'ng prezidentlikdan ketishga rozi bo'ldi.

Mazkur hujjatga ko'ra, Solih lavozimini o'rinbosariga topshirib, yangi hukumatga yo'l berish evaziga xavfsizlik kafolatlarini oladi.

Mamlakat 10 oydan beri notinch. Omma prezidentga qarshi namoyish qilmoqda. Bitimga ko'ra, Solih hokimiyatdan ketsa, unga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atilmaydi.

Kelishuvga ko'ra, vitse-prezident Rabbu Mansur Hadi yangi hukumat tuzguncha, Solih faxriy prezident bo'lib turadi. Bir necha oydan so'ng esa muddatidan erta saylovlar o'tkaziladi.

Bitimni imzolash marosimdan so'ng Solih "muxolifatdagi birodarlar bilan Yamanni qayta qurishda hamkorlik qilishga tayyorman" dedi.

Bu o'rtada Yamanda Solihga sodiq kuchlar va muxolifatdagi qabilalar o'rtasida janglar kechmoqda. Namoyishchilar "Solih suvdan quruq chiqmoqda" deya, bitimning unga yuridik daxlsizlikni kafolatlovchi bandini qoralagan.