AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta nazarida al-Qoida yetakchilaridan ayrilib, yirik hujumlar sodir etishga ojizlik qilmoqda. O’tgan hafta Amerika havo hujumi oqibatida Yamanda jangarilar sardori Anvar al-Avlakiy o’lgan edi.
Operatsiyada al-Qoidaning internetdagi inglizcha sahifasi muharriri Samir Xon ham halok bo’lgan.
“Al-Qoida xorijda xurujlar rejalab, amalga oshirishi qiyin bo’lib qoldi. Lekin jangarilar hamon xavf-xatar kasb etishi va Amerikaga tahdid ekani shubhasiz”, - deydi Panetta.
Yaman prezidenti, muxolifat isyoni bilan olishayotgan Ali Abdulla Solih o’zini Amerikaning yaqin hamkori deb biladi. Hokimiyatdan ketsa, mamlakatda urush boshlanadi, deydi u. Qo’shma Shtatlar bu davlatga iqtisodiy va siyosiy yordam uzatib keldi va bu prezident Solihning qudratini oshirgan.
Biroq tahlilchilar fikricha, Solih hech vaqt ishonchli sherik bo’lmagan. Yaman turmalaridan o’nlab ekstremistlar yo qo’yib yuborilgan, yo qochgan.
Leon Panettaning aytishicha, prezident Solih hokimiyatda qolish-qolmasligidan qat’iy nazar Amerika Yamanni suyab, Arab yarimorolida al-Qoidaga qarshi kurashda yordam beradi. AQSh odatda qo’shma amaliyotlarda masofadan turib boshqariladigan samolyot va raketalarni ishga soladi.
Vashington islohotlar tarafdori ekanini va Fors ko’rfasi kengashi olg’a surgan tinchlik rejasini yoqlashini ta’kidlaydi. Lekin Amerika so’zlari va amallari qanchalik rost? Ayniqsa, Avlakiyga qarshi Amerika-Yaman qo’shma reydidan keyin. Ba’zilar Vashingtonni ikkiyuzlamachi siyosatda ayblaydi.
Yamanda Amerika tahlil markazi olimi Stiven Staynbayzer buni shunday izohlaydi.
“AQShni beqaror deb tanqid qilayotgan guruhlar, prezident Solihni qoralayotgan yoshlar kim ekani, qanday pozitsiyani olg’a surishi hali aniq emas. Bular ravshan bo’lsagina, Vashington mos chora ko’rishi mumkin”, - deydi olim.
Oq Uy Yamanda qabilalar bilan ham gaplashib keladi. Ayniqsa, Solihga qarshi yirik kuch sanalmish al-Axmar oilasi bilan muloqot qiladi. Qo’zg’olonchi bu qabila pragmatik siyosat yuritishga qodir bo’lsa, ajabmas, deydi Staynbeayzer.
“Al-Axmar sulolasi savdo bilan shug’ullanadi. Biznesni bilgan oila ko’plar o’ylagandan og’irroq, uzoqni ko’zlaydigan bo’lishi aniq. Yamanda yetakchi telefon kompaniyalari shu oilaniki”, - deydi siyosatshunos.
Uning aytishicha, Yamanda asosan prezidentdan qutulmoqchi bo’layotgan guruhlar konkret reja va siyosat yuritishi gumon. “Lekin al-Axmar qabilasi, armiyani tark etgan harbiylar, diniy guruhlar va muxolifat bundan keyin Amerikaga hayrixoh siyosatni davom ettirishi mumkin. Chunki tinchlik muhim ekanini ular tushunadi”, - deydi Stiven Staynbayzer.