Zelenskiyning Yevropa bo'ylab safari

  • Amerika Ovozi

Ukraina va Britaniya rahbarlari

14-may kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan ko’rishgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun Britaniyada Bosh vazir Rishi Sunak bilan uchrashdi. Britaniya ukrainalik uchuvchilarni tayyorgarlikdan o’tkazishi haqida ma’lum qilgan, ammo Ukrainaga samolyot bermoqchi emas.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 15-may, 2023-yil

Sunak idorasining bayonotida aytilishicha, Kiyev yuzlab zenitli raketa tizimlari va pilotsiz aviatsiya komplekslari, jumladan yuzlab zarbdor dronlar bilan ta’minlanadi.

"Sizning rahbarligingiz, mamlakatingizning jasorati va matonati barchamizni ilhomlantiryapti”, - dedi Sunak Zelenskiyga.

Ukraina rahbari shu kunlarda Yevropa bo’ylab safar qilmoqda. Germaniya va Fransiyaga tashrifi chog’ida uning mamlakatiga qo’shimcha tanklar, zirhli texnika va boshqa qurollar va’da qilindi.

Ukraina Britaniya uzatgan uzoq masofali “Storm Shadow” qanotli raketalarini qo’llay boshlagan.

Bugun ana shunday raketa bo’lginchilar nazoratidagi Lugansk shahriga tushib, kamida 4 odamni yaralagan.

Ulardan biri Lugansk xalq respublikasi ichki ishlar vaziri Igor Kornet ekani aytilmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi britan raketasidan biri urib tushirilgani haqida ma’lum qildi.

Zelenskiy qiruvchi samolyotlar ham olishga umid qilmoqda.

'Samolyotlar mavzusi biz uchun juda muhim, chunki biz osmonni nazorat qilayotganimiz yo’q. Maqsadimiz samolyotlar koalitsiyasini tuzish. Rishi bilan shular haqda gaplashdik. Yaqin kunlarda muhim qarorlar haqida ma’lumot olasiz”, - dedi Zelenskiy Sunak bilan uchrashuvdan so’ng.

Yakshanba kuni Zelenskiy Parijda Fransiya bosh vazirasi va tashqi ishlar vazirasi bilan ham ko’rishdi. Shu kuniyoq Berlinda Germaniya Kansleri Olaf Shols bilan uchrashuv chog’ida Germaniya hukumati Ukrainaga 3 milliard dollarlik harbiy yordam paketi haqida e’lon qildi. Shanba kuni esa Zelenskiy Italiyada Bosh vazira Jorjiya Meloni va Rim Papasi qabulida bo’ldi.

Ertaga Xitoyning Yevrosiyo masalalari bo’yicha maxsus vakili va Rossiyadagi sobiq elchisi Li Xui Ukrainada bo’lib, Pekin tinchlik tashabbusini muhokama qiladi. Xui Rossiya, Polsha, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarga borishi ham kutilmoqda.

Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Leyenning aytishicha, Rossiya bilan mojaroga yakun yasashda Ukraina o’z tinchlik rejasiga tayanishi kerak.

“Adolatli tinchlik uchun asosiy tamoyillar shafqatsiz bosqinga uchragan Ukrainaning o’zidan chiqishi zarur”, - dedi u.

Ertaga Islandiya poytaxti Reykyavikda Yevropa Kengashining sammiti, juma kuni esa Xirosimada “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar rahbarlarining majlisida Ukraina mavzusi muhokama etiladi.

​Zelenskiy bugun NATOga murojaat etib, Ukrainani alyansga qabul qilish masalasini yana bir bor ko’rib chiqishga chaqirdi. Tashkilotning iyul oyida Vilnyusda bo’ladigan sammitida bu mavzu ko’rib chiqiladi.