Breaking News

HRW: Yevropa Ittifoqi O'zbekiston singari davlatlarda huquqqa e'tiborni oshirsin


Ketrin Eshton, Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi
Ketrin Eshton, Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi
26-30 noyabr kunlari Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton (Catherine Ashton) Markaziy Osiyo bo'ylab safarda bo'ladi. Qirg'iziston, Qozog'iston, Tojikiston, O'zbekiston va Turkmaniston rahbarlari bilan muzokara olib boradi.

Inson huquqlari bo'yicha Human Rights Watch xalqaro tashkiloti Eshton xonimni inson huquqlari va demokratiya masalasini chetga surmay, mintaqa rasmiylari bilan bu borada ochiq gaplashishga undamoqda.

Muzokaralar huquqbuzarlik hollari yuzasidan fikr bildirish uchun noyob imkoniyat, deyiladi tashkilot bayonotida.

Erkinlik himoyasi bilan mashg'ul bu muassasa nazarida Eshtonning safari Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda inson huquqlariga qanchalik e'tibor berayotganini ko'rsatib beradi.

“Va'da berish yaxshi, lekin Eshton xonim mezbon davlatlar rahbarlariga qamoqdagi huquq himoyachilarini ozod etib, faollarga tazyiqni bas qilish lozimligini ochiq aytishi kerak",- deydi Lotte Lext (Leicht), Human Rights Watch tashkilotining Bryusseldagi vakili.

Yevropa Ittifoqi keyingi yillarda mintaqa bilan hamkorlikni kengaytirishga urg'u berib, savdo, energetika va harbiy sohalarga diqqat oshdi.

Shu yilning iyun oyida Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari inson huquqlari va demokratiya targ'iboti bo'yicha yangi strategik reja ishlab chiqqan edi. Unda erkinlik, oshkoralik va qonun ustuvorligi blok tashqi siyosatining asosiy jihatlaridir, deya qayd etiladi. Dunyoning qay nuqtasida bo'lmasin, Yevropa Ittifoqi inson huquqlari uchun jon kuydiradi, deyiladi bu rejada.

Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida huquqbonlar, jurnalistlar va muxolifatchilar aksariyat hollarda panjara ortida yoki surgunda. Huquq himoyasi bilan shug'ullanadigan tashkilotlar doimiy bosim ostida yoki butkul yopilgan, tazyiq sabab ishini to'xtatgan.

Hukumat nazoratidagi nodavlat tashkilot va uyushmalar esa amaldagi siyosatni savolga tuta olmaydi, aksincha uni targ'ib qiladi.

Xalqaro organlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko'ra, mintaqadagi biror respublika erkin jamiyat emas. So'z va matbuot erkinligi, fuqaro huquqlari va siyosiy faollik cheklangan.

Human Rights Watch bu borada bong urib kelayotgan tashkilotlardan biri. Ketrin Eshtondan rahbarlar bilan uchrashuvlarda muayyan holatlarni tilga olish so'ralmoqda.

Qozog'istonda diniy erkinlik va fuqarolarning uyushish erkinligi tez-tez buziladi. Mahbuslarni qiynoqqa solish hollari kuzatiladi.

Qirg'izistonda o'zbek aholiga nisbatan huquqbuzarlik keng tarqalgan. 2010-yilning iyun oyida yuz bergan qonli voqealardan keyin adolat qaror topmadi. Xunrezlik uchun javobgar tutilgan shaxslar asosan o'zbeklar. Vaholanki, xalqaro tergov xulosalariga ko'ra, o'zbeklar - asosiy jabrdiydalar.

Tojikiston ham korrupsiya, qiynoqlar va repressiya botqog'ida. Vaziyatni tanqid qilganlar sudga tortiladi, mustaqil tashkilotlar erkin ishlay olmaydi.

Turkmaniston va O'zbekiston - dunyodagi eng repressiv va yopiq tuzumlardan, deya baholaydi Human Rights Watch tashkiloti. Hukumat biror erkin faoliyatga yo'l qo'ymaydi. Fuqaro jamiyati va adolat uchun kurashganlar davlat dushmani sifatida ko'riladi.

Yuqorida nomi tilga olingan barcha davlatlar huquq tashkilotlarining tanqidini rad etadi. Rahbarlar shuni ta'kidlab keladiki, har bir hukumatning o'z mustaqil siyosati va har bir jamiyatning o'z mentaliteti bor. Demokratiya tomon astalik bilan qadam qo'yilayapti, huquqbuzarlik har yerda, jumladan rivojlangan mamlakatlarda ham tez-tez uchraydigan holat, deydi rasmiylar.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda kimlar bilan hamkorlik qilayotganini yaxshi biladi. Amerika singari bu blok ham o'z manfaatlari yo'lida mintaqadagi real ahvolga ko'z yumishga urinmoqda, lekin rasmiy tashriflar faqat rahbarlar emas, xalqlar bilan ham bog'lanish imkoniyatini beradi.

Eshton xonim har bir respublikada huquq himoyachilari va faollar bilan alohida uchrashishi, ularning dardini tinglashi kerak, deyiladi Human Rights Watch bayonotida.

Stiv Sverdlov (Swerdlow), tashkilotning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh mutaxassisi:

"Yevropa Ittifoqi 2009-yilda sanksiyalarni bekor qilganidan beri huquq yuzasidan siyosat bag'oyat zaiflashdi. Real ahvol esa yomonlashdi. O'zbekiston hukumati bolalarni majburan ishlatishda davom etsa, siyosiy mahbuslar ozod etilmasa, nohukumat tashkilotlar uchun imkoniyat yaratilmasa, Yevropa Ittifoqi zarur choralar ko'radi. Ketrin Eshton shunday deydi degan umiddamiz".

Blok 2005-yilda Andijonda yuz bergan xunrezlik ketidan O'zbekiston hukumatiga nisbatan sanksiyalar qo'ygan edi. Lekin, deydi Stiv Sverdlov, ular samara bermay turib, bekor qilindi.

Tashkilot Ketrin Eshtonga yo'llagan maktubda O'zbekistonda qamoqda o'tirgan bir necha faollarning ism-sharifi tilga olinadi va diplomatdan ularning ozod etilishini so'rash iltimos qilinadi.

Hukumatlarga bir narsani aniq aytish kerak, deydi Stiv Sverdlov, Yevropa Ittifoqi bilan yaqindan ishlash xalqaro normalarga bosh egish, huquqni e'zozlashni talab qiladi.

Eshton xonim, blokning boshqa rasmiylari singari, huquq va demokratiya aloqalardagi muhim omillardan, deb keladi. Ittifoq mintaqa bilan hamkorlikda ularni chetga surmaydi, deydi mutasaddilar.

Huquq himoyachilari nazarida esa hali blok buni amalda isbotlamagan.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG