AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 7-dekabr kuni Germaniyaning Gamburg shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi.
Muloqotda Turkmanistondan hech kim ishtirok etmagan. Lekin Kerrining aytishicha, bugunga kelib C5+1 formatidagi dialog samara bera boshlagan chunki unga a'zo har bir tomon, jumladan O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston mintaqaviy integratsiya sari dadil qadamlar tashlamoqda. Amerika ularni bu yo'lda yaqindan quvvatlashda davom etadi, deydi Kerri.
C5+1 formatidagi uchrashuvlar o'tgan yilning noyabrida Samarqand shahrida boshlangan. Bu yil avgustda Vashingtonda ikkinchi bor muloqot qilindi. Gamburgdagisi uchinchisi. Tashqi ishlar vazirlari bu shaharga Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining yig'ilishida qatnashish uchun ham kelgan.
C5+1 Amerikaning tashabbusi bo'lib, undan maqsad - iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqaviy xavfsizlik, ekologiya va iqlim kelajagi va insonparvarlik bobida birga ishlash. Vashington inson huquqlari va demokratiya targ'ibotini ham chetga surmagan va mintaqada mavjud muammolarga ko'z yummayapti, deydi Amerika diplomatlari.
Jon Kerri davlatlarni mustaqillikning chorak asri bilan yana bir bor qutlab, hududiy yaxlitlik va suverenitet bebaho ne'mat ekanini tilga olib, Vashington bu borada xayrixoh ekanini eslatib o'tgan.
Obama ma'muriyatining muddati bitib, respublikachi Donald Tramp rahbarligida yangi boshqaruv tuzilar ekan, Kerri uning o'rniga keladigan davlat kotibi, qolaversa yangi prezident va u tanlayotgan odamlar Markaziy Osiyo bilan rishtalarni mustahkamlashda davom etadi va C5+1 formatidagi muloqot ham to'xtab qolmaydi deya ishonch bildirmoqda. Huquq tashkilotlari Trampdan mintaqa rahbarlari bilan huquq va erkinlik yuzasidan keskin gaplashishni so'ramoqda. Bu borada unga qator tavsiyalar yo'llangan.