Prezident Donald Tramp koronavirus pandemiyasi yuzasidan Amerika xalqiga murojaat qildi. Nima dedi?
41 shtat va poytaxt Vashingtonda jami 1200 dan oshiq holat qayd etilgan. O'lganlar soni qariyb 40 nafar.
"AQSh koronavirusga qarshi eng keskin chora ko'rayotgan davlatdir", - deydi Tramp.
"Vaqtida harakat qilganimiz uchun ham bemorlar va vafot etganlar soni oz. Koronavirus - dahshatli kasallik".
AQSh Yevropa davlatlaridan safarlarni to'xtatmoqda va bu cheklov bir oy davom etadi. 13-martdan kuchga kiradi. Britaniyadan tashqari, deydi prezident.
Uning fikricha, Yevropa mamlakatlari koronavirusga qarshi oqsamoqda. Ahvol yaxshilangan taqdirda cheklov erta bekor qilinishi mumkin.
Dunyoning boshqa qismlariga nisbatan ham shunday qaror qabul qilinishi kutilmoqda. Vaziyat davlatma-davlat ko'rib chiqiladi.
AQSh olimlari vaksina yaratishga qodir, deydi prezident, bu vosita ustida jadal ish olib borilmoqda.
Test jarayonlarini takomillashtirish va zarur dori-darmon ta'minotini kengaytirish - prioritet.
Keksa yoshdagi amerikaliklar, zarur bo'lmasa, sayohat qilmasin, gavjum joylarga bormasin va eng muhimi gigiyena qoidalariga rioya qiling, deya murojaat qildi prezident.
Hozirgacha Kongress koronavirusga qarshi 8,3 milliard dollar ajratgan.
Iqtisodiyot joyida, deydi Tramp. Moliyaviy organlar va banklar bu sinovlarga bardosh bera oladi. Barcha sanoatlarga ko'mak ko'rsatiladi.
"Bu inqiroz emas, o'tkinchi qiyinchilik", - deydi prezident.
Hukumat kichik bizneslar uchun maxsus kreditlar ajratadi. Ishsizlik hozir eng past darajada, deydi Tramp, lekin davlat iqtisodiyotning barcha tarmoqlari ravnaqi uchun 250 milliard dollardan oshiq mablag' yo'naltiradi.
"Dunyoda hech bir davlat bu virusga qarshi bizchalik bardosh bera olmaydi. Eng baquvvat iqtisodiy tizimmiz. Har jabhada oldindamiz va ustunmiz", - deydi Tramp.
"Amerika xalqi o'ziga ishonadi, har doimgidek. Bir-birimizga mehrli bo'lamiz. Bir-birimizdan yordamni ayamaymiz va o'zimizni ehtiyot qilamiz", - deya undadi prezident.
Facebook Forum