Turkiya hukumatining 80 yildan oshiq vaqt mobaynida muzey bo’lgan Ayasofiya obidasini masjidga aylantirish qarori mamlakat qay tomon yo’nalayotgani yuzasidan bahslarni qizitmoqda. Ayrim ekspertlar fikricha, Prezident Rajab Toyib Erdog’an ekspansion siyosati orqali usmoniylar imperiyasini qo’msayapti.
567-yilda qurilgan hozirgi ko’rinishdagi Ayasofiya yirik xristian cherkovi bo’lgan. 15-asrda masjidga, 1935-yilda Mustafo Kamol Otaturk prezidentligi davrida muzeyga aylantirilgan.
Tanqidlarga qaramasdan 24-iyul kuni majmuada 1930-yillardan buyon ilk bor juma namozi o’qildi. Vazirlar va yana minglab odam qatorida namozda qatnashgan Prezident Erdog’an Ayasofiya masjidga aylanganini o’z yutug’i va “millatning qayta tug’ilishi” deb biladi.
“Erdog’an o’zini musulmon dunyosining xalifasi deb biladi”, - deydi Kolumbiya universitetida Tinchlik va inson huquqlari dasturi direktori Deyvid Filips. Uning aytishicha, tashqi siyosatda Turkiya rahbari ekspansionistik siyosat olib bormoqda.
“Terrorizmga qarshi kurash bahonasida u Suriya va Iroqda kurdlarga qarshi hujumlarni amalga oshirdi, Turkiyaning Liviyada ta’sirini oshirish uchun harbiy kuchlardan foydalandi”, - deydi u.
Vayronaga aylangan Suriyadan tortib Kurdistongacha, neftga boy Qatardan Afrika sharqi va g’arbigacha, Bolqondan Liviyagacha, kuzatuvchilar Turkiyaning harbiy harakatlari ortib borayotganini aytishadi. Erdog’an mamlakatining global harbiy ta’sir doirasini kengaytirish haqida ochiq bayon qilgan edi.
“Erdog’anning “kichik” imperiyasi bor degan bo’lardim. Bu u ko'zlagan imperiya emas. Yaqin Sharq imperiyasi ham emas. G’arb qo’llab-quvvatlaydigan imperiya ham emas”, - deydi tahlilchi Soner Chag’aptay.
Aksar hollarda turk qo’shinlarini ichki yoki tashqi tahdid bilan yuzlashayotgan hukumatlar olqish bilan kutib olishadi. Ba’zida esa Turkiya mezbon hukumatning e’tiroziga qaramasdan o’z maqsadini ko’zlab kirib boradi.
Ko’pincha turk kompaniyalari uchun sarmoya imkoniyatlarini ochib beradigan harbiy ekspansiya Yevropa va arab davlatlarining g’ashiga tegadi, AQSh esa betaraf kuzatuvchi sifatida namoyon bo’lmoqda, deydi tahlilchilar.
Suriya va Iroq
Huquq tashkilotlari Turkiya va unga hamkor guruhlarni Suriya va Iroqda inson huquqlarini qo’pol ravishda buzganlikda ayblaydi. Anqara askarlar tinch aholiga qarshi jinoyatlar sodir etganini rad etadi. Ikki davlatda davom etayotgan harbiy amaliyotlar orqali Turkiya Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) va Suriyada asoslangan kurd Xalq himoyasi otryadlaridan (YPG) o’zini himoya qilayapti, deydi rasmiylar.
“PKK/YPG terroridan aziyat chekib kelyapmiz”, - deydi Turkiya prezidenti maslahatchisi Gulnur Aybet.
YPG “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda AQShga yordam berib kelayotgan guruh ekan, Vashington Anqaradan unga hujum qilmaslikni so’ragan, ammo Turkiya, AQSh va Yevropa tomonidan terrorchi deb belgilangan PKKga qarshi hujumlarga e’tiroz bildirmaydi.
Iroq va Suriya hukumatlari Turkiya aralashuvini o’z suverenitetlarini poymol qilish deya baholaydi. Shunga qaramasdan Turkiya yaqin orada bu mamlakatlardan o’z qo’shinlarini olib chiqish rejasi yo’qligini bildirmoqda.
“Ming yillik qo’shnimiz va birodarimiz, Suriya xalqi erkinlik, tinchlik va xavfsizlikka erishmaguncha bu mamlakatda qolishda davom etamiz”, - dedi Erdog’an o’tgan hafta.
Iroq shimolida Turkiya kompaniyalari neft, bank va qurilish sektorlariga katta miqdorda sarmoya kiritgan.
Afrika
Rajab Toyib Erdog’an Afrika qit’asidagi ko’plab davlatlar bilan harbiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlab, 2005-yilda “Afrika uchun ochiqmiz” degan tashabbusni yo’lga qo’ygan.
2017-yilda al-Shabab jangari guruhi Somalida hujumlar uyushtirayotgan bir paytda Turkiya Mogadishuda yirik harbiy baza tashkil etib, Somali askalarini treningdan o’tkazgan.
2003-yilda Turkiyaning Afrikada 12 ta elchixonasi bor edi, hozir 42 ta. 2018-yilda Turkiyaning qit’a bilan savdo aylanmasi 23 milliard dollardan oshdi. 2003-yilda salkam 5 milliard dollar edi.
Ammo Turkiyaning Afrikada o'z ta’sirini oshirish sa’y-harakatlari arab dunyosida shubha-gumonlar bilan qarshi olindi.
“Bir asrdan buyon arab millatchilar usmoniylarni zolim imperial kuch deb tasvirlab keladi. Erdog’an arab liderlarining manfaatlariga tahdid soluvchi siyosat olib borishda usmoniylar tarixini doim tilga olar ekan, arablar yuqoridagi ta’rifni yodga olishlari tabiiy”, - deydi tadqiqotchi Merve Tohiro’g’li.
Turkiya-arab ixtilofi
2015-yilda Turkiya Qatarda harbiy baza barpo etdi. Bu Usmoniylar saltanati qulaganidan beri Yaqin Sharqdagi birinchi shunday baza. O’shanda Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Misr Qatardan o’z elchilarini chaqirib olgan edi.
2017-yilda Fors ko’rfazidagi diplomatik nizo chuqurlashib, Saudiya Arabistoni va bir necha davlat Qatarga nisbatan iqtisodiy blokada joriy etdi. Turkiya esa Qatar himoyasiga otlanib, u yerga yanada ko’proq askar jo’natdi.
Turkiyaning yaqinda Liviyaga harbiylarini jo’natish qarori arab hukumatlarini yanada g’azabga keltirgani ma’lum. Turkiya armiyasi yordami bilan Liviyadagi urushda Milliy birdamlik hukumati (MBH) ustun kelmoqda. Ikkinchi tomonni, general Xalifa Haftar kuchlarini esa Misr, Saudiya Arabistoni va BAA qo’llab-quvvatlaydi.
Misr parlamenti Liviyaga qo’shin jo’natishga ruxsat bergach, BMT mintaqaviy urush boshlanishi ehtimoli oshayotgani haqida ogohlantirmoqda.
“Turkiya Liviyada bir necha maqsadni ko’zlaydi. Avvalo, Anqara bilan do’stona munosabatda bo’lgan Tripolidagi hukumat ag’darilmasligini ta’minlash. Liviyaning Turkiyaga Qaddafiy davridan qolgan milliardlab dollar qarzi bor, Turkiya bu pullarning qaytarilishini istaydi. Shuningdek, Liviyani qayta qurishda ishtirok etishni”, - deydi yaqinda Turkiya haqida kitob yozgan Soner Chag’aptay.
Unga ko’ra, Erdog’an va Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy o’rtasidagi adovat mafkuraviy tafovutlar bilan ham bog’liq.
“Erdog’an – dunyoviy generallarni qamoqqa tashlagan siyosiy islomchi. Sissiy esa siyosiy islomchilarni qamagan sekulyar general”, - deydi Chag’aptay.
Facebook Forum