AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning ta'kidlashicha, Xitoyning Eron bilan aloqalarni kuchaytirishi Yaqin Sharqni beqarorlashtiradi. Ushbu ogohlantirish Pekin va Tehron 400 milliard dollarlik kelishuv imzolashi kutilayotgan bir paytda yangramoqda. Pompeoga ko'ra, Eronga qo’yilgan sanksiyalar Xitoyga ham qo’llanilishi mumkin.
“Xitoy Eronga kirib borishi Isroil, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarini (BAA) xavf ostiga qo’yadi”, - dedi Pompeo “Fox News” telekanali bilan suhbatda.
AQSh bosh diplomati uch ittifoqchisi va regiondagi boshqa davlatlarni Pekindan ehtiyot bo’lishga undadi.
“Eron terrorizmning eng yirik homiysi bo’lib qolmoqda. Uning qurol tizimlariga va Xitoy Kommunistik partiyasidan keladigan pullarga ega bo’lishi mintaqa uchun xavfni yanada oshiradi”, - dedi Pompeo.
Yaqin Sharq va boshqa joylardagi terror hujumlarida ayblangan jangari guruhlarni o’nlab yillardan buyon qurol bilan ta’minlab kelayotgan Eron o’zini homiy emas, terror qurboni deb ataydi.
Matbuot xabarlariga qaraganda, Xitoy va Eron savdo va harbiy sohada 25 yilga mo'ljallangan, “keng qamrovli strategik sheriklik” deya ta’riflanayotgan kelishuv imzolash arafasida. Muzokaralar 2016-yilda boshlangan, ammo Pekin bu borada hech qanday ma’lumot bermaydi.
Ikki davlat - o’nlab yillardan buyon iqtisodiy va harbiy ittifoqchilar. Xitoy Eronning eng yirik savdo sherigi bo’lib, uni 1980-yillardan beri qurol-aslaha bilan ta’minlaydi. BMT Xavfsizlik Kengashi 2010-yilda Tehronga qurol sotishni taqiqlagan, ammo embargo joriy yilning oktabrida tugagach Pekin uni uzaytirishga veto qo’yishini bildirgan.
Xitoy, shuningdek, o’tgan yili dekabrda Tinch okeani va Ummon ko’rfazida Eron va Rossiya qatorida ilk bor uch tomonlama harbiy-dengiz mashqlarida ishtirok etdi. Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Pekin Tehronga milliardlab dollarga teng qurol sotishdan, buning evaziga Erondan arzonroq narxda neft olishdan manfaatdor.
AQSh sanksiyalarni kuchaytirish yo’lidan borar ekan, Eron 2018-yildan buyon iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. AQShning bir tomonlama sanksiyalari tufayli Xitoydan tashqari ko’plab davlatlar Eron neftidan voz kechgan.
Taqiqotchilar Maykl Moran va Piter Rouning “Tablet” onlayn nashrida yozishicha, Eron va Rossiyaning “buzg’unchilik faoliyatini” rag’batlantirish Xitoyga har tomondan foyda keltiradi. Maqolaga ko’ra, bunday strategiya Yaqin Sharqdagi majburiyatlarini kamaytirishga harakat qilayotgan AQSh rahbarlarini “holdan toydirish”, mintaqada AQSh ta’siriga qarshi kurashayotgan guruhlarning Eron tomonidan quvvatlanishini osonlashtirish orqali “AQSh obro’yiga putur yetkazish”, hamda AQSh e’tibori va resurslari Fors ko’rfazida qolishini ta’minlashga qaratilgan.
“Amerika Ovozi” Fors xizmati bilan suhbatlashgan boshqa ekspertlar esa Yaqin Sharq yanada beqarorlashishidan Xitoy manfaatdor emasligini aytadi.
Belgiyaning Vezalius kolleji professori Gay Barton tahlilicha, AQSh 2003-yilda Iroqni bosib olishi va harbiylari bu mamlakatda qolishi Xitoyga neft va gaz sohasida serdaromad kontraktlarni qo’lga kiritishga yordam bergan. Agar Eron himoyasidagi shia jangarilar AQSh kuchlariga hujumlarni oshirsa, Iroqdagi nisbiy barqarorlik qo’ldan boy beriladi.
Xitoy, Bartonga ko’ra, Eronga qo’yilgan sanksiyalarga agressiv ravishda qarshi borib, Vashington bilan ziddiyatni kuchaytirishdan ham manfaatdor emas. Pekin Tehrondan katta miqdorda neft sotib olsa-da, o’tgan bir yilda neft importi va sarmoya miqdorini sekin-asta kamaytirayotgani ma’lum.
Rend tahlil markazida iqtisodchi Xovard Shatzga ko’ra, Eron Pekin istaganidek kuchli sherikchilikka ko’nmasligi mumkin.
“Eron aholisi Xitoy bilan keng ko’lamdagi hamkorlikni qabul qilmasligi mumkin. Xitoy respublikaga iqtisodiy yordam bermoqda, lekin ayrim eronliklar Pekin bilan yaqinlik Eronning mintaqadagi ta’sirini cheklashidan xavotirda”, - deydi Shatz.
Pekinning Tehron bilan yaqin hamkorlik qilishini cheklaydigan yana bir faktor – Xitoyning Saudiya Arabistoni, BAA va Isroil bilan mustahkam iqtisodiy va harbiy aloqalari. Pekin neft uchun qirollik va BAAga tayanadi, shuningdek, ularga qurol sotadi. Xitoy Isroilning texnologiya sanoatiga ham sarmoya kiritgan.
“Xitoy Eron kabi xatarli davlat bilan sherik bo’lgandan ko’ra mavjud iqtisodiy aloqalarni va strategik sheriklikni kuchaytirgani maqsadga muvofiq”, - deydi Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis Robert Mogelniki.
Facebook Forum