Breaking News

AQSh: BMT Inson huquqlari kengashi - repressiv davlatlar to'dasi


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

13-oktabrda BMT Inson huquqlari kengashiga yangi a'zolar saylandi. Ularga va allaqachon a'zo sifatida o'tirganlarga qarab, Qo'shma Shtatlar bu organni repressiv tuzumlar birlashmasi deya qoralamoqda.

Tramp ma'muriyati xususan Rossiya, Xitoy, Kuba va Venesuela bu kengashda ekanidan norozi. AQSh uni zolim davlatlar davrasi deya, tashkilotni 2018-yilda tark etgan.

Davlat kotibi Mayk Pompeo bu yilgi saylov natijalarini la'natlab, Amerika huquqbuzarliklarga ko'z yummaydi, deya bayon qildi.

Bayonotda O'zbekiston tilga olinmagan, vaholanki, u ham bugun a'zolikka qabul qilingan. Huquq tashkilotlari nazarida respublika bu kengashda o'tirishga munosib emas, chunki u ham azaldan huquqbuzar davlatlar qatorida.

Vashington BMTning bu qismini Isroilga qarshi yondashuvda ham ayblab keladi. Oq uy pozitsiyasi shuki, Inson huquqlari kengashi isloh qilinmas ekan, a'zolik talablari va qabul qilish jarayoni tubdan yangilanmas ekan, undan naf yo'q.

BMTning javobi: 2006-yida tuzilgan kengash aslida islohotlar mahsuli. 47 a'zo demokratik tarzda saylanadi va kengash faoliyatini, tabiiyki, a'zolar belgilaydi.

AQSh hukumati esa bu organga ishonchsizlik bildirib, inson huquqlarini dunyo bo'ylab o'zi tarb'ib qilishga va himoya qilishga bel bog'laganini eslatmoqda.

Tramp ma'muriyati uchun diniy erkinlik nihoyatda muhim, deydi Pompeo. BMT doirasida AQSh bu va boshqa erkinliklar bo'yicha tashabbuslarni quvvatlaydi va o'zi ham yangi loyihalarni olg'a suradi.

Amerika hukumati, deydi davlat kotibi, Xitoy, Myanma va Eronda inson huquqlari muntazam va qo'pol ravishda buzilishiga nisbatan keskin choralar ko'rmoqda va siyosat o'zgarmaydi.

"Biz BMT Inson huquqlari deklaratsiyasi e'zozlaymiz va har bir so'zini hurmat qilamiz. Unga amal qilamiz. Qo'shma Shtatlar hamisha ezgulik yo'lidan boradi", - deydi Pompeo.

AQSh tanqidi ostidagi davlatlar esa uni gegemonlikda, bosim va adolatsizliklarda ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG