Breaking News

FAO bosh iqtisodchisi: Pandemiya dunyoda qashshoqlik va ochlikni kuchaytiradi


BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkilotiga (FAO) ko’ra, koronavirus pandemiyasi dunyoda qashshoqlik va ochlikni yanada kuchaytirdi. Tashkilot uning ochlikka qarshi kurashi 10 yilga ortga surilganini ma’lum qilmoqda.

Idora bosh iqtisodchisi Maksimo Torero Kullenning aytishicha, muammo oziq-ovqat tanqisligida emas, balki uni xarid qilish quvvatining kamayganida.

“Odamlar ishidan ayrilmoqda, daromadi yo’q, oziq-ovqat sotib ololmaydi. Jahon iqtisodiyotining sekinlashishidan, asosan, rivojlanayotgan davlatlar jiddiy zarar ko’rmoqda. To’yib ovqat yemaydigan odamlar soni 132 millionga ko’payadi”, - deydi mutaxassis.

Qashshoqlik ham kuchayadi, deydi Kullen.

“150 millionga yaqin odam o’ta qashshoq holatga yuz tutadi”, - deydi u.

Kullenning aytishicha, iqlim o’zgarishi va mojarolarga yuz tutgan aholi qattiqroq zarar ko’radi.

“Afrikaning Quyi Saxara va Sohil mintaqalari iqlim o’zgarishidan jabr ko’rmoqda. Sharqiy Afrikani esa chigirtkalar bosgan”, - deydi ekspert.

Natijada 20 milliondan ziyod odam oziq-ovqatsiz qolishi mumkin. Xususan Keniyada chigirtkalar hosilni barbod qilmoqda.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi vakili Xalimatu Amaduning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Afrika aholisining atigi 7 foizida hozirgi vaziyatdan o’tib olish uchun yetarli omonati bor.

Mutaxassislar Lotin Amerikasi ham koronavirus pandemiyasidan qattiq zarar ko’rayotganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG