Breaking News

Pandemiya global miqyosda qizlar yuzlashayotgan muammolarni yanada chuqurlashtirdi


Bugun Xalqaro qizlar kuni. Pandemiya davrida bu kun qizlarning muvaffaqiyatlarini sarhisob qilish o’rniga ular yuzlashayotgan iqtisodiy va ijtimoiy muammolarning yanada kuchayganini afsus bilan tilga olish lozim.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu kunga 2011-yilda asos solganida qizlarning huquqlarini oshirish maqsadini ko’zlagan edi, biroq hozir ta’lim, bolalar nikohi, uydagi zo’ravonlik, iqtisodiy imkoniyatlarga kelganda qizlar bilan bog’liq ahvol yanada og’irlashgan.

BMT sahifasida aytilishicha, kelasi yilga borib dunyoda 435 million ayol va qiz kuniga 1,9 dollardan kamiga kun kechirishga majbur bo’ladi. Shulardan 47 millioni COVID-19 sabab qashshoqlikka yuz tutgan.

BMTga ko’ra, pandemiya qizlarni iqtisodiy imkoniyatlar va ta’limdan ayiribgina qolmay, ularga qarshi zo’ravonlik kuchayishiga ham sabab bo’ldi.

Pandemiyadan oldin ham dunyodagi har uch ayoldan biri jismoniy yoki jinsiy tajovuzga uchragan.

Bolalar nikohi

Vashingtondagi Ayollar bo’yicha xalqaro izlanish markazida siyosiy ekspert Lirik Tompsonning aytishicha, gumanitar inqiroz paytida oziq-ovqat va turar-joy kabi boshqa narsalarga takror va takror kattaroq urg’u berilayotganini ko’rish mumkin.

Tompson dunyoda bolalarning zo’rlab turmushga chiqarilishiga qarshi kampaniya olib borayotgan “Girls Not Brides” (Qizlar kelin emas) tashkilotining Amerikadagi idorasini ham boshqaradi. Unga ko’ra, inqirozlar paytida jinsiy guruhlarga qarshi zo’ravonliklar, jumladan bolalarni nikohlash kabilarga e’tibor pasayadi.

Pandemiya bilan bog’liq karantin tufayli bolalarni nikohlash holatlari ko’paygan, chunki maktablar yopilgani bois qizlar uyda o’tirishga majbur. Ba’zilari jinsiy tajovuzkorlarga yaqin joyda turadi, boshqa hollarda esa oilalar qizlarni o’ziga to’q xonadonlarga chiqarib, moliyaviy muammolarini yengillashtirishga harakat qiladi.

“Bolalarni asrang” tashkilotining oktabr oyida chop etilgan hisobotida aytilishicha, COVID-19 oqibatida turmushga erta chiqishga majbur bo’lgan qiz bolalar soni dunyo bo’ylab 500 mingga ko’paygan.

“Qizlar kelin emas” tashkilotining yana bir rahbari Ariya Grabovskiyga ko’ra, bolalarni turmushga chiqarish ko’paygani achinarli, ammo ajablanarli holat emas. Mutaxassis pandemiya paytida bunday illat hamda jinsiy zo’ravonlikka qarshi kurash dasturini erta ishlab chiqib, zarur mablag’ ajratishni tavsiya qiladi.

“Ko’p diqqat-e’tibor infeksiyaning oldini olish va nazorat qilishga qaratilyapti”, - deydi Grabovskiy.

Ilojsizlik

Bangladeshdagi roxinjalik qochqinlar lagerlarida bolalar nikohi ayniqsa keng tarqalgan. Lagerda yashovchilardan birining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ayrim hollarda bir necha oila haddan ziyod to’lgan palatakalarda birga yashashga majbur.

Pokistonlik ayollar uydagi zo'ravonlikka qarshi namoyish qilmoqda
Pokistonlik ayollar uydagi zo'ravonlikka qarshi namoyish qilmoqda

“Ana shunday sharoitda ota-ona balog’at yoshiga yetmagan qizini turmushga chiqarishiga to’g’ri keladi”, - deydi bu kishi.

“Ayollarning tinchlik tarmog’i” tashkiloti asoschisi va direktori Vay Vay Nuning aytishicha, lagerda bolalar nikohlarining ko’payayotgani tashvishlanarli hol.

Unga ko’ra, lagerdagi ota-onalar qizlarini qashshoq yoki o'qimagan bo’lgani uchun emas, balki oila ularga xotirjamlik keltirishiga ishongani uchun turmushga chiqaradi.

“Er ota-onadan ko’ra yaxshiroq himoyachi bo’la oladi degan tasavvur mavjud”, - deydi Nu.

Uydagi va jinsiy zo’ravonlik

Pandemiya paytida qizlar uyda o’tirgani uchun ko’p vaqtini internetda o’tkazmoqda. Natijada qizlar ijtimoiy sahifalarda ko’proq hujumga uchramoqda.

“Plan International” tashkilotiga ko’ra, indoneziyalik qizlarning 32 foizida shunday bo’lgan, 56 foizi esa ijtimoiy sahifada zo’ravonlikka guvoh bo’lgan. Tashkilot 15 dan 20 yoshgacha bo’lgan 500 nafar qizlar bilan suhbat qilgan.

Zo’ravonlikdan AQSh kabi rivojlangan mamlakatlarda yashovchi qizlar ham himoyalanmagan. Mart oyida jinsiy zo’ravonlik yuzasidan ishonch raqamlariga qo’ng’iroq qilganlarning yarmi o’smirlar bo’lgani aytiladi. Shulardan 67 foizi oila a’zosi ustidan shikoyat qilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti global koronavirus epidemiyasi paytida yuz berayotgan jinsiy zo’ravonliklarni “soya pandemiyasi” deb ataydi. COVID-19 avj olganidan beri ayollar va qizlarga qarshi turli turdagi zo’ravonliklar, jumladan oiladagi zo’ravonlik kuchaygani aytiladi.

Ta’lim

Koronavirus sabab qizlar ta’lim olish imkoniyatlaridan ham ayrilgan. “Malala jamg’armasi” olib borgan izlanish natijasidan ma’lum bo’lishich, pandemiya tugaganidan so’ng o’rta maktab yoshidagi 20 million qiz sinfga umuman qaytmasligi mumkin.

Afg'onistonlik o'quvchi qizlar
Afg'onistonlik o'quvchi qizlar

Jamg’armaga Pokistonda qizlar uchun ta’lim targ’iboti bilan shug’ullanib, boshidan o’q yegan Malala Yusufzoy ismli faol asos solgan. 2014-yilda Malala Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo’ldi. Hozir u 23 yoshda. Faol Xalqaro qizlar kuniga Britaniya shahzodasi Garri va uning rafiqasi Megan Markl bilan birga pandemiyaning qizlar ta’limiga ta’siri haqida video murojaat tayyorlagan.

YUNESKO hisobotida aytilishicha, jinsiy tenglikni ta’minlashda qizlar uchun ta’lim imkoniyatlarini oshirish muhimdir. So’nggi yillarda ta’lim tizimining turli bosqichlarida qizlar soni ko’payganiga qaramay, qizlarni ajratish o’g’il bolalarga qaraganda yuqoriroq bo’lishi, pandemiya esa bu holatni yanada kuchaytirishi ushbu hisobotda qayd etiladi.

BMT raqamlariga ko’ra, dunyo bo’ylab 132 million qiz hozir pandemiya sabab maktabga qatnamaydi, qashshoq oilalarda yashovchi o’spirin qizlarning har uchtasidan biri esa umuman maktabda o’qimagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG