Breaking News

AQSh Senati Oliy sudga yangi a'zoni ma'qulladi


Luiziana shtatidan chiqqan 48 yoshli federal sudya Eymi Barrett endi Oliy sud a'zosi. Bir umrlik lavozim.
Luiziana shtatidan chiqqan 48 yoshli federal sudya Eymi Barrett endi Oliy sud a'zosi. Bir umrlik lavozim.

Senatning saylovdan bir hafta oldingi qarorini demokratlar qoralamoqda. Kongressining yuqori palatasida respublikachilar hukmron ekan, bugungi ovoz ularniki.

Luiziana shtatidan chiqqan 48 yoshli federal sudya Eymi Barrettning nomzodini yoqlamagan yagona respublikachi senator Meyn shtatidan Syuzan Kollins bo'ldi. Sabab, deydi u, saylovga atigi bir necha kun qolganida bunday muhim qarorni shoshib qilish noto'g'ri.

O'tgan bir yarim asr mobaynida Oliy sudning biror a'zosi ozchilik tomondan ham quvvatlanmay tasdiqlanmagan. Odatda har ikki partiya a'zolari ovozi bilan ma'qullanishadi.

Oq uy, Vashington, 26-oktabr, 2020
Oq uy, Vashington, 26-oktabr, 2020

O'tgan to'rt yil ichida Prezident Donald Tramp uch konservativ sudyani Oliy sudga ko'rsatdi va ularning tayinlanishi to'qqiz a'zolik tizimda konservativlikka moyil ovozni, 6-3 hisobda, salmoqli darajada oshirdi.

Demokratlarga ko'ra, Oliy suddagi bo'sh o'rin saylovdan keyin to'ldirilishi kerak edi. O'tmishda respublikachilarning o'zlari shunday ish tutib, muxolifatning yo'lini to'sgan. Biroq demokratlar Senatda yetarlicha kuchga ega emas ekan, bu safar qarshilik ish bermadi.

Senatda respublikachilar lideri Mitch Makkonnell fikricha, butun jarayon bosh qomusga binoan kechdi va muammo yo'q.

Demokrat senator Elizabet Uorren fikricha, shoshilinch tayinlov davlatchilikka zid qadam va respublikachilar saylovda g'alaba qilishiga ishonmayotganidan darak.

AQSh Oliy sudi
AQSh Oliy sudi

Prezident saylovlari natijasi yuzasidan kelishmovchilik Oliy sud muhokamasiga qo'yilgan taqdirda yangi sudya Barrett unda qatnashishdan bosh tortishi mumkin, chunki nomzodligini Prezident Tramp ko'rsatgan. Biroq Barrett bu boradagi savollarga javob berishdan bosh tortdi.

Yaqin kelajakda Oliy sud ko'rib chiqishi kutilayotgan eng katta masala - Barak Obama davrida sog'liqni saqlash, xususan tibbiy sug'urta borasida qabul qilingan qonun. Respublikachilarning da'vosi shuki, qonun ijrosi xalqqa juda qimmatga tushmoqda va hukumat insonlar salomatligi ustidan haddan tashqari ko'p vakolatga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG