Yanvar oyida prezidentlikni boshlashi kutilayotgan Jo Bayden AQSh-Meksika chegarasida devor qurilishini to’xtatishga va’da bergan.
Texasning Laredo hududida agentlar AQSh-Meksika chegarasining 270 kilometrga cho’zilgan sektorini qo’riqlaydi. Bu yerda 113 kilometrlik devor qurish rejalangan.
Laredo shahrida patrul xizmati rahbari Metyu Xudakning aytishicha, to’siq odam savdosi va kontrabanda bilan shug’ullanuvchi guruhlarga qarshi kurashda qo’l keladi.
“Devor tizimi jinoiy guruhlarning daromadini kamaytiradi. Bu pullar Meksikada qurol-aslaha sotib olishga sarflanmasa, qo’shni mamlakatda otishma va zo’ravonlik ham kamayadi”, - deydi u.
Prezidentlikka saylangan Jo Bayden Tramp davrida qurilgan va yangilangan devorlarni olib tashlamasligini aytmoqda.
“Lekin men ishga kirishganimdan keyin qurilish to’xtaydi”, - deydi u.
Bojxona va chegara xizmatiga ko’ra, 2020-yil oxirigacha devor uzunligini 724 kilometrga yetkazish maqsad qilingan.
“Tramp 20-yanvargacha prezident ekan, qurilish davom etishini kutsa bo’ladi”, - deydi Migratsiya instituti tadqiqotchisi Jessika Bolter.
Chegara xizmatining bildirishicha, aksar kontraktlar taqsimlanib bo’lingan va 1188 kilometr devor qurish uchun mablag’ ajratilgan. Pulning bir qismi Pentagondan keladi. Bayden ishga kirishganidan keyin hali bajarilmagan kontraktlar bo’yicha qaror qabul qilishi kerak bo’ladi.
“Bayden ma’muriyati kontraktlarni bekor qilishni rejalayotgan bo’lishi mumkin, hatto qurilish ketayotgan joylarda ham. Hukumat bu borada keng vakolatlarga ega va shartnomalarni osonlikcha o’zgartira oladi. Ba’zida buning uchun pudratchiga haq to’lash kerak bo’ladi”, - deydi Bolter.
Prezident Tramp milliardlab dollar mablag’ni devorga sarflashidan norozi tomonlar bor. Kaliforniya boshchiligida o’nlab shtatlar sudga arz qilgan. Mablag’ning katta qismi allaqachon sarflangan bo’lsa-da, masalani Oliy sud ko’rib chiqadi.
“Bu hokimiyat o’zgarishi bilan hal bo’ladigan masala. Oliy sud qarori ahamiyat kasb etmaydi”, - deydi Rays universiteti professori Toni Payan.
Tramp ma’muriyati yuzlashgan bir muammo – chegarada yashaydigan aholi yerini hukumatga berishdan bosh tortgan va sudga arz qilgan.
“Shikoyatingizni qaytarib oling, yeringizni tortib olmaymiz”, - deydi Bayden.
Devorni uzaytirish o’rniga demokratlar 3000 kilometrlik janubiy chegarani nazorat qilish, noqonuniy muhojirlarni ushlash uchun kuzatuv texnologiyalaridan foydalanishni taklif etmoqda.
“Chegara xavfsiz bo’lishini ta’minlaymiz. Lekin bu ishni yuqori texnologiyalardan foydalangan holda bajaramiz”, - deydi Bayden.
Texasda patrul xizmati rahbari Metyu Xudak fikricha esa chegara xavfsizligi to’siqlarni ham o’z ichiga olishi lozim. Tabiatparvar faollarga ko’ra devordan tabiat va hayvonot olami ham zarar ko’radi, ekologik muvozanat buziladi, Bayden bunga e’tibor qaratishi kerak.
“Atrof-muhitga jiddiy zararni hisobga olgan holda ayrim joylarda devorni buzishga to’g’ri keladi”, - deydi Payan.
Yanvardan prezidentlikka kirishayotgan Bayden, deydi tahlilchilar, nafaqat chegarada xavfsizlik va gumanitar muvozanatni tiklashi, balki birinchi navbatda pandemiyaga qarshi kuchli choralar ko’rishi kutilmoqda.
Facebook Forum