Breaking News

Turkiya-AQSh munosabatlarida yanada mashaqqatli davr boshlanyaptimi?


Turkiya Rossiyadan S-400 mudofaa tizimining ikkinchi partiyasini ham olmoqchi
Turkiya Rossiyadan S-400 mudofaa tizimining ikkinchi partiyasini ham olmoqchi

AQSh Senati Entoni Blinken nomzodini davlat kotibi lavozimiga tasdiqladi. Bu tayinlov Turkiya uchun noxush signal bo‘lishi mumkinmi? Zero, Prezident Jo Baydenning yaqin safdoshi bo‘lmish Blinken bir hafta avval Senatning Tashqi aloqalar bo‘yicha qo‘mitasida qonunchilarning savollariga javob berar ekan, Anqarani “nomigagina ittifoqdosh” deb atagan edi.

O‘shanda Blinken Rossiyadan S-400 havo mudofaa tizimini sotib olgani uchun Turkiyaga nisbatan ko‘proq sanksiya qo‘llash yoki qo‘llamaslik masalasi ko‘rib chiqilishi zarurligini ta’kidladi.

“Strategik yoki nomigagina strategik ittifoqdoshimizning eng yirik strategik raqiblarimizdan biri, Rossiya bilan yaqinlashishini qabul qilib bo‘lmaydi”, - dedi u.

Anqara va Vashington o‘rtasida S-400dan tashqari Suriya bo‘yicha siyosat, Turkiyaning Sharqiy O‘rta dengizda tabiiy gaz zaxiralarini qidirishi va Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlarga aralashgani singari masalalarda ziddiyatlar bor.

Ekspertlarga ko‘ra, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an va AQShning avvalgi prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlarning birmuncha yaxshi bo‘lgani ikki davlat aloqalaridagi muammolarni haminqadar ko‘zdan pana qilib keldi. Ana shu muammolar Bayden davrida yana qalqib chiqishi mumkin.

2008-2010 yillarda AQShning Anqaradagi elchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan Jeyms Jeffri ham Bayden davrida Amerika-Turkiya munosabatlarida ijobiy tomonga o‘zgarish bo‘lishiga ishonqiramaydi. Uning fikricha, ikki davlat aloqalariga eng katta zarba Turkiyaning S-400 mudofaa tizimini sotib olishi bo‘ldi.

Ammo Anqara bu tizimning mamlakat mudofaasi uchun zarurligini aytib, Vashingtonni muammoni muzokaralar orqali hal qilishga chaqirib kelmoqda. Qolaversa, Turkiya Rossiyadan S-400ning ikkinchi partiyasini ham olmoqchi.

“S-400 AQSh uchun qanchalik jiddiy muammo ekanligini turk do‘stlarimga ming martalab aytdim. Turkiya bugungacha qilgan birorta ish munosabatlarga bunchalik zarba bermagan. Chunki Vashingtonda hech kim bu qarorni oqlolmayapti”, - deydi Jeffri.

Sobiq elchiga ko‘ra, Turkiyada 2016-yildagi harbiy to‘ntarishni uyushtirishda ayblangan Fathulla Gulenning hali ham AQShda qolayotgani hamda Anqara PKKning (Kurdiston ishchi partiyasi) bir tarmog‘i deb hisoblaydigan kurdlarning Suriya Demokratik kuchlarining Vashington tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ham ikki o‘rtadagi jiddiy masalalardir.

Jeyms Jeffri Anqara diplomatik ta’sir kuchini yo‘qotdi va mintaqada yolg‘izlanib qoldi degan fikrda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Erdog‘an hokimiyatga kelgan ilk paytlarda Turkiya “qo‘shnilar bilan 0 muammo” siyosatini boshlagan edi. Lekin bu siyosat “0 do‘st” holatiga aylanib qoldi.

Karabuk universitetida xalqaro munosabatlar bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan Fazliddin Ma’diyevga ko‘ra, Anqara-Vashington munosabatlari keskin sovib ketmaydi.

“Erdog‘an bunga yo‘l qo‘ymaydi, u aqlli va usta siyosatchi. Bayden ham katta siyosiy tajribaga ega. Shuningdek, har ikki davlat ham NATO a’zosi. NATOga Amerikadan keyin eng katta askar beradigan davlat bu – Turkiya. Menimcha, tomonlar murosa yo‘lini topishga harakat qiladi. S-400 masalasi esa keskin qarorlar bilan emas, asta-sekinlik bilan hal etiladi deb o‘ylayman. AQShning yangi boshqaruvi uchun tashqi siyosatda Turkiya misolida yana bir muammo kerak emas, – deydi Ma’diyev. – Oxirgi vaqtda Turkiya tashqi siyosatda o‘zgarishlar qilishga, aloqalarni yaxshilashga harakat qilyapti, Fransiya misolida buni ko‘rdik. AQShning tashqi siyosatida esa ayni paytda Xitoy va Rossiya bilan munosabatlar muhimroq, Turkiya esa keyingi masala”.

Istanbuldagi Iqtisod va tashqi siyosat tadqiqotlari markazi direktori Sinan Ulgen oxirgi yillarda mintaqada AQSh ta’sirining kamayishi Turkiyaning o‘ziga nisbatan ishonchining ortishiga olib kelganini aytadi. Unga ko‘ra, qolaversa, Anqaraning keng miqyosli diplomatik tuzilmasi, yalpi ichki milliy mahsulotining ortishi, katta hajmli xalqaro gumanitar yordamlari, harbiy salohiyatining ortishi singari omillar ham vaziyatga ta’sir ko‘rsatgan.

Ulgen fikricha, Turkiya ham, AQShning yangi rahbariyati ham munosabatlarni ziddiyat bilan boshlashni istamaydi. Turkiya va AQSh Eron, Liviya va hatto Suriyaning kelajagi borasida hamohang nuqtai nazarg ega, deya tushuntiradi u.

Ammo Anqara S-400 masalasi ikki davlat munosabatlarida qanchalik jiddiy muammoga sabab bo‘layotganini sezmayapti. AQShning Suriya Demokratik kuchlariga qo‘llovi haqida ham xuddi shunday deyish mumkin.

“Mavjud vaziyatga qaralsa, muammolar “katta kelishuv” yordamida hal qilinishi mumkin. Bu Turkiyaning nafaqat AQSh bilan aloqlariga, balki Yevropa Ittifoqi bilan aloqlariga ham ta’sir ko‘rsatadi, - deydi Sinan Ulgen. - Yevropa Ittifoqining Turkiyaga nisbatan pozitsiyasi Anqara-Vashington aloqalariga yaqindan bog‘liq. Shunday ekan, bu Turkiya uchun imkoniyat bo‘lishi mumkin: AQSh bilan munosabatlarini yaxshilashi Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarining yaxshilanishiga yordam beradi. Lekin buning teskarisi ham bo‘lishi mumkin”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG