Respublikachilar partiyasi sobiq prezident Donald Trampga va uning demokratiyaga putur yetkazish harakatlatiga qarshi tura olmayapti, deya o’nlab sobiq rasmiylar yangi markaz-o’ng qanot partiya tuzishni muhokama qilmoqda. Bu haqda tashkilotchilar “Reyter” axborot agentligiga ma’lum qilgan.
Muhokamalarda Ronald Regan, katta va kichik Jorj Bush, Tramp ma’muriyatlarida ishlagan sobiq mulozimlar, sobiq elchilar va respublikachi ekspertlar qatnashmoqda.
Ulardan 120 nafari yaqinda “Zoom” orqali muloqot qildi. Yangi partiya, deydi ular, “prinsipial konservatizm”, konstitutsiya va qonunlarga hurmat, Tramp davrida badnom bo’lgan qadriyatlarni tiklash asosida yaratiladi.
Saylovlarda yangi partiya o’z nomzodlarini olg’a surishi, shuningdek, boshqa partiyalardan markaz-o’ng qanot nomzodlarni qo’llab-quvvatlashni rejalamoqda.
“Zoom” muloqotini tashkillashtirgan Evan Makmullinga ko’ra, Tramp davrida Respublikachilar partiyasi faqat mahalliy aholi manfaatlarini himoya qiladigan partiyaga aylandi va sobiq prezidentning respublikachilarga ta’siri hanuz susaygani yo’q.
Yangi harakat Trampning saylov adolatli o’tmagani haqidagi asossiz da’volari va 6-yanvar kuni Kongressga qilingan hujum yuzasidan partiya ichida kelishmovchiliklar chuqur ekanini ko’rsatadi. Aksar respublikachilar Trampga hamon sodiq, lekin partiyani yangilashga chaqirayotganlar ham bor.
13-yanvar kuni AQSh Vakillar palatasi Trampni o’z tarafdorlarini hukumatga qarshi bosh ko’tarishga undaganlikda ayblab, impichment qilgan. Impichment mansabdor shaxsni o’z vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblab, uni lavozimdan olib tashlashga qaratilgan tekshiruv va sud jarayoni demakdir. Tramp Oq uyni tark etgan bo’lsa-da, ayni damda Senatda uni sud qilishmoqda.
Yangi partiya tuzishga chaqirayotganlar isyondan bir necha soat o’tib Kongressdagi respublikachilarning yarmidan ko’pi – 8 senator va 139 kongressmen – Baydenning saylovdagi g’alabasini tasdiqlashdan bosh tortganini taajjub bilan qayd etadi.
Aksar respublikachi senatorlar, shuningdek, Trampni aybdor topish uchun ovoz bermasligini aytmoqda.
“Respublikachilar partiyasining katta qismi radikallashib, Amerika demokratiyasiga tahdid solayapti. Partiya haqiqat va idrokka qaytishi, yangilanishi darkor”, - deydi Evan Makmullin.
“Omadsizlar”
Uchinchi bir partiya tuzish haqidagi muhokamalar haqida so’ralganda, Tramp so’zlovchisi Jeyson Miller shunday javob berdi: “Bu omadsizlar Jo Baydenga ovoz bergandayoq Respublikachilar partiyasini tark etgan”.
Respublikachilar milliy qo’mitasi raisi Ronna Makdaniel shuday deydi:
“Agar bir-birimizga, respublikachi safdoshlarimizga hujum qilishni davom ettirsak, partiya ichida kelisha olmasak, 2022-yilgi saylovni ko’zdan qochirgan bo’lamiz. Faqat bir yoqadan boshqa chiqarsak g’alaba qilishimiz mumkin”.
Makmullinning aytishicha, “Zoom” muhokamasida qatnashganlarning aksariyati uchinchi partiya tuzish g’oyasini qo’llab-quvvatlagan. Boshqa bir taklif – Respublikachilar partiyasi ichida yoki alohida fraksiya tuzish.
Yangi partiya yoki fraksiya Halollik partiyasi, Markaz o’ng partiya yoki Markaz o’ng qanot respublikachilar deb nomlanishi mumkin.
Facebook Forum