Breaking News

Nikson safaridan yarim asr o'tib, AQSh-Xitoy aloqalari bag'oyat tarang


21-fevral, 1972: Xitoy rahbari Mao Tsedong va AQSh prezidenti Richard Nikson
21-fevral, 1972: Xitoy rahbari Mao Tsedong va AQSh prezidenti Richard Nikson

Sovuq urush avjiga chiqqan bir davrda, Amerika rahbari Richard Nikson kommunist Xitoyga tashrif buyurib, dunyoning ikki kuchli davlatini bir-biriga yaqinlashtirishga uringan. Vashington va Pekin bir-biriga tayanishni istagan. Hozir-chi?

50 yil oldinga bu uchrashuv va muloqotlarda ikki xalq va hukumat bir-birini tushunishga hamisha qiynalishi oydinlashgan. Biroq bu yaqinlashuv umid uchqunlarini ham yoygan. Mamlakatlar bir-biri uchun misli ko'rilmagan darajada ochilgan.

Sovet ittifoqi parchalanib, dunyoning eng qudratli kommunist hukumati barham topar ekan, Xitoy iqtisodiy jihatdan kuchaya boshladi.

Bu esa Vashingtonning va umuman demokratik mamlakatlarning Pekinning avtoritar boshqaruviga nisbatan xavotirlarini avj oldirdi. Sarmoyaga yo'q deya olmagan davlatlar Pekin ta'siriga tushdi.

“AQSh-Xitoy aloqalari hech qachon tekis bo'lmagan, hech qachon bo'lmaydi ham va bu asosli", - deydi Oriana Skilar Mastro, Stenford universiteti professori.

“50 yil oldin iqtisodiy kelishmovchiliklar ko'p edi. Bugun ularga xavfsizlik masalasi ham qo'shilib, vaziyat yanada murakkablashgan".

Prezident Richard Nikson va rafiqasi Pet Nikson Xitoyda, 24-fevral, 1972
Prezident Richard Nikson va rafiqasi Pet Nikson Xitoyda, 24-fevral, 1972

Nikson Pekinga qo'nganida Xitoy bo'ylab, "Daf bo'lsin Amerika imperializmi!" degan shiorlar yangrayotgan bo'lgan. Madaniy inqilob davri deya ta'riflangan bu paytda Xitoyda hukumat har qanday muxolif ovozni va tanqidni o'chirayotgan edi. Hozirgi Xitoyda ham siyosat shunday.

Mamlakat rahbari Mao Tsedong bilan muzokaralar natijasida 1979-yilda AQSh Pekin bilan diplomatik aloqalar o'rnatgan.

Tahlilchilar bunday hamkorlikni tabiiy emas, majburiy qaror sifatida baholagan. Amerika va Xitoy bir-biriga kerakligini anglagan, deydi ular.

Pekin SSSR hamlasidan qo'rqar, zarur bo'lganida Vashingtonga tayana olishni xohlar edi. Vashington esa Sovet ittifoqini yakkalash harakatida edi. Shuningdek, Nikson Vyetnamdagi qonli urushdan chiqib, mojaroga barham berishda Pekinga suyanishni istar edi.

Prezident Richard Nikson va rafiqasi Pet Nikson Xitoyda, 25-fevral, 1972
Prezident Richard Nikson va rafiqasi Pet Nikson Xitoyda, 25-fevral, 1972

Amerika hukumati Nikson tashrifini "farovon Xitoy tinch Xitoy bo'ladi", deya targ'ib qilgan. AQSh mahsulotlari uchun eng yirik bozor shu mamlakatdir, deya qayd etilgan.

Bugunga kelib, ikki davlat - dunyodagi eng yirik ikki biznes hamkorlar. Amerika - Xitoy uchun eng daromadbop bozor. Rasman kommunist tuzum - dunyoning ikkinchi eng kuchli iqtisodiy sistemasi.

Chikago universitetidan professor Dali Yang tahlilicha, Nikson tashrifi Xitoyning o'ziga nisbatan ishonchini oshirib, uni global sahnadagi nufuzini ko'targan.

Mao 1976-yilda vafot etgach, o'rnini Deng Shiaoping egalladi. Iqtisodiy liberalizatsiya davri boshlandi. Hukumat nazoratidagi kapitalizm joriy etildi. Bir partiya ostidagi siyosiy sistema shu tariqa ravnaq topdi.

Amerika rahbari Richard Nikson Xitoy Bosh vaziri Ju Enlai bilan, Pekin, 23-fevral, 1972
Amerika rahbari Richard Nikson Xitoy Bosh vaziri Ju Enlai bilan, Pekin, 23-fevral, 1972

Xitoyning boyishi uning harbiy salohiyatini ham oshirdi. Pekin Sharqiy Xitoy dengizi va Janubiy Xitoy dengizidagi qator orollarni o'z yeri deb da'vo qiladi. Bu esa atrofdagi davlatlar bilan munosabatlarni taranglashtirgan.

Vashington Tayvanni mustaqil mamlakat deb biladi, Pekin esa bunga qarshi.

Oksford universitetidan olima Rana Mitter fikricha, AQSh va Xitoy aslida ko'p masalalarda til topisha olishi mumkin edi.

"Har ikkisining o'ziga xos roli bor, ammo ular asosiy e'tiborni ziddiyatlarga qaratadi, o'zaro manfaatlarga emas".

Ekspertlarga ko'ra, hozirgi rahbarlar uzoqni ko'zlab hamkorlik qilishi zarur. Bir-biriga g'animlarcha qarash barqarorlik emas, notinchlik uchun poydevordir, deydi ular.

Bugungi Xitoy Rossiyaga yaqin. Geosiyosiy jihatdan bu ikki davlat birgalikda AQSh uchun ulkan raqiblardir.

Pekin va Moskva o'z avtoritar boshqaruvlarini to'g'ri va samarali deb biladi.

Ular nazarida Amerika demokratik monopoliya yurita olmaydi va bunga yo'l qo'ymaslik zarur.

Vashington esa Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan va liberal demokratiyaga asoslangan xalqaro tartibni saqlab qolish harakatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG