Breaking News

Koronavirusga qarshi dori qanchalik samara bermoqda?


"Paxlovid" - koronavirusga qarshi dori, "Pfizer" kompaniyasi mahsuloti
"Paxlovid" - koronavirusga qarshi dori, "Pfizer" kompaniyasi mahsuloti

AQShda asoslangan "Pfizer" kompaniyasi COVID-19 ni davolash uchun ishlab chiqargan preparat samaradorligi tahlil qilinar ekan, e'tibor uning yordamida shifo topib, saldan keyin virusga qayta chalingan bemorlarda. Ularning soni juda oz, deydi mutaxassislar, ammo bu holatlarni chuqur o'rganish lozim.

"Paxlovid" o'tgan besh oy mobaynida eng ko'p tavsiya qilingan, buyurtirilgan va ishlatilgan dorilardan biri. Bemor uyda muolaja olishi uchun mo'ljallangan va natijani tezda ko'rsatadi.

Amerika hukumati bu vositaga hozirgacha 10 milliard dollardan ko'proq sarflagan va dunyo bo'ylab kamida 20 million odam uning yordamida shifo topgan.

AQSh dori-darmon boshqarmasi "Paxlovid"ni 2021-yilning dekabrida favqulodda chora sifatida tasdiqlagan.

Dorini besh kun ichish kerak. Biroq shifo topdim degan odamlarning juda oz qismi yana virus alomatlarini seza boshlayotgani kuzatilgan. Dorini yana muayyan muddat olishi kerakmi degan savol muhokamada.

Hukumat mutaxassislari dorini qayta olmaslikni tavsiya qilmoqda. Kasallik kuchayishi mumkin, bemorlar kasalxonaga yotishga majbur bo'lish ehtimoli ham yuqori, deydi olimlar.

71 yoshli vaksinalangan kishi, masalan, "Paxlovid" bilan virusdan tuzalgach to'qqiz kun o'tib, yana unga chalingan.

Boston kasalxonasida unga qaragan shifokor Maykl Charness nazarida bu dori aksariyat hollarda bag'oyat effektiv, ammo virusning yangi turlari oldida ojizroq bo'lishi mumkin.

500 dollarlik preparat hozirgi omikron emas, delta shtammi tarqalgan paytda sinovdan o'tkazilgan.

"Vaksinalangan odamlarga ta'siri boshqacharoq bo'lishi ham mumkin", - deya taxmin qiladi doktor.

"Paxlovid"ni yaratgan va tekshirgan mutaxassislar sinovlarda 1-2 foiz bemorlarda qaytalanishni kuzatgan. Shu bois mutasaddilar ham, dori ustida ishlagan olimlar ham hozirgi holatlardan hayron emas.

Jons Hopkins universitetidan tadqiqotchi Endi Pekoz deydiki, dozani oshirish lozim.

"Biz avvalo "Paxlovid" yetarlicha miqdorda berilishini ta'minlashimiz kerak. Bu dori pandemiyaga qarshi kurashda ulkan yutuqlarga yetakladi. Zarur vosita".

"Pfizer" bu preparatni vaksina olmagan bemorlarda alohida sinab ko'rgan. Kasalxonaga yotganlar va o'lganlar soni 7 foizdan 1 foizga tushgan. Testlarda yurak xastaliklari va qand kasali bilan chalinadigan bemorlar qatnashgan.

Amerikaliklarning 89 foizi hozirda koronavirusga qarshi kamida bir marta emlangan. Qariyb 60 foizi esa kamida bir marta virusga chalinib chiqqan.

"Pfizer" turli toifadagi bemorlar orasida sinovlarni davom ettirmoqda. Kuzga borib, "Paxlovid" samarasi xususida xulosalar yanada oydinlashishi kerak.

"Paxlovid" ichgan bemorlarning oilasida koronavirusga chalinish hollari kamroqmi? Bu savolga javob olish uchun ham hali kutish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG