AQSh Federal qidiruv byurosi sobiq prezident Donald Trampning Florida shtatidagi hovlisini tintuv qilgani Kongress tekshiruvi ostida bo'lgan odamga nisbatan normal holat, deydi ko'plab huquqshunoslar.
Adliya vazirligiga ko'ra, Trampning uyidan bir necha qutida maxfiy ma'lumotlar bitilgan hujjatlar musodara qilingan. Ular esa Oq uydan 2021-yil yanvarida, Trampning prezidentlik muddati tugaganida olib ketilgan.
AQSh Milliy arxivi - federal agentlik. Davlat boshqaruvi bilan bog'liq har qanday hujjat pirovardida unga topshiriladi va unda saqlanadi.
“Prezident hujjatlari - AQSh mulki, davlatimiz va xalqimizniki", - deydi Megan Rayan Gatorn, Milliy arxiv rahbarining o'rinbosari.
“Federal qonunlarimizga binoan har bir prezidentning muddati bitgach unga tegishli hujjatlar bizga keladi. Ular bizga topshiriladi yoki zarur bo'lsa, musodara qilinadi".
Prezident hujjatlari to'g'risida 1978-yilda qabul qilingan qonun Oq uyda rahbar yangilanganida oldingi prezidentning jamiki qog'ozlari avtomat tarzda arxivga kirishini ta'minlaydi.
Sobiq prezidentlarning kutubxonalari va muzeylari ham Milliy arxivning bir qismi.
2008-2016 yillarda prezidentlik qilgan Barak Obamaning kutubxonasi birinchi elektron arxivdir, ya'ni raqamli texnologiyaga asoslangan ma'lumotlar manbai.
Gatornning tushuntirishicha, Oq uy hujjatlari Amerika xavfsizligi, iqtisodi, fuqaro haq-huquqlari va umuman, bu davlatning eng muhim jihatlari xususidagi materiallardir. Shu bois ular qattiq muhofaza qilinishi, kelajak avlodlar uchun asrab-avaylanishi zarur.
“Biroq birinchi prezident Jorj Vashingtondan Jimmi Kartergacha, bunday bo'lmagan. O'sha davrda prezidentlar hujjatlarni shaxsiy mulk deb hisoblagan va ularni xohlagan joyda saqlagan", - deydi Gatorn.
Aksariyat hollarda prezidentlar muddati bitgach, qog'ozlarni xayriya qilgan, o'zlari tanlagan kutubxna yoki ko'rgazmalarga. Ayrimlari, masalan, 1968-74 yillardagi prezident Richard Nikson ularni yo'q qilishni ma'qul topgan.
Kongressda bunga qarshilik kuchli bo'lgan. Qonunchilar arxivlarni saqlash uchun choralar haqida o'ylana boshlagan.
Nikson uzoq harakat qilgan, ammo uddasidan chiqamagan. Uning faoliyatiga doir hujjatlar o'limi ketidan davlatga topshirilgan.
1995-2005 yillarda Milliy arxivni boshqargan Jon Karlin "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Niksonning farzandlari u bilan hamkorlik qilgan.
Har bir amerikalik Oq uydan axborot so'rashga haqli. Bu bilan shug'ullanuvchi maxsus idora ishlaydi. Biroq prezident biror hujjatni 12 yilgacha oshkor etmaslikni buyurish vakolatiga ham ega.
Prezident tarixchisi Shennon Bou Obrayan deydiki, haqiqatni yashirish biror rahbar yoki sobiq rahbarni yaxshilikka yetaklamagan va yetaklamaydi.
"Prezidentlar yoki sobiq prezidentlar o'z tarixlarini o'zlari aytib bergisi va bu borada asosiy manba bo'lgisi keladi, ammo ular haqidagi faktlar ularning faoliyati bilan bog'liq hujjatlarda va ularni xalq ko'rishi, tahlil qilishi va shunga qarab baho berishi kerak".