Breaking News

Respublikachilar Trampni siyosiy maydondan chiqarib yuboradimi?


Kongress, 9-yanvar, 2019
Kongress, 9-yanvar, 2019

Donald Tramp o'tgan hafta Senatdagi sudda aybsiz deb topildi. 6-yanvarda Kongressga hujum qilinganida o'sha paytda prezident lavozimida o'tirgan Tramp bu zo'ravonliklar ortida turgan, degan ayblovni aksariyat respublikachilar yoqlamadi. Lekin bu ular Trampni ma'qullaydi degani emas.

100 a'zolik Senatda 57 kishi "aybdor" deb ovoz berdi, 43 nafari esa "aybsiz". Trampni aybdor deb topish uchun palataning uchdan ikki qismi "aybdor" deb ovoz berishi kerak edi.

Tramp 2024-yilgi prezident saylovlarida Oq uy uchun kurashishi mumkin. Buni u turli bayonotlar orqali eslatib turibdi. Senat hukmi ketidan ham shunday qildi.

Vakillar palatasi uni aybdor deb topgan va shu bois masala Senatga o'tib, impichment jarayoni boshlangan edi.

Tramp fikricha esa bu demokratlarning unga qarshi yana bir uydirmasi edi. Biror prezidentga nisbatan shu paytgacha ikki bor impichment ochilmagan.

Sobiq prezident deydiki, u Amerika ravnaqi uchun harakat qilishda davom etadi va siyosatdan ketmaydi.

Impichment jarayoni tugagach, u bilan gaplashgan respublikachi senator Lindzi Gremga ko'ra, Tramp g'ayratga to'la va partiyani kuchaytirish harakatida. 2022-yildagi saylovlarda har ikki palatani demokratlardan tortib olishni respublikachilar uchun asosiy vazifa deb hisoblaydi.

“G'alaba xohlasa, sobiq prezident Tramp bilan ishlaymiz", - deydi senator. "Tramp boshlagan harakat barhayot va to'g'ri oqimda. Donald Tramp Respublikachilar partiyasining tayanchi".

Merilend shtati gubernatori Larri Hogan esa respublikachi sifatida Trampni qat'iyan qoralab, uning siyosatdan chiqib ketishini xohlaydi.

"Respublikachilar, agar partiya sifatida davom etishni istasa, kelasi ikki yil ichida buni isbotlashimiz kerak", - deydi u, Trampsiz kelajak haqida o'ylashga undar ekan.

“Tamoyillarimizga qaytamizmi? Konservativ mafkuramizga sodiq holda harakat qilamizmi? Aks holda biz demokratlar bilan kurasha olmaymiz", - deya tergamoqda Hogan.

Trampni quvvatlaydigan respublikachilar hamon talay, biroq Hogan kabi yetakchilar nazarida, konservatorlar istiqbolni yangi odamlar bilan ko'radi. Respublikachilar Trampdan va uning mashmashalaridan charchagan, chunki u partiyaga ishonchni yemirdi.

Janubiy Karolina shtati sobiq gubernatori, BMTdagi sobiq elchi Nikki Heyli ham Trampga qarshi.

Heyli 2024-yilda prezidentlikka harakat qilishi mumkin.

"Tramp xato qildi va bizga bu qimmatga tushdi, - deydi Heyli. - U egri yo'ldan ketdi va biz unga ergashmasligimiz kerak edi. Unga quloq tutmasligimiz kerak edi. Bunga endi aslo yo'l qo'ymasligimiz kerak".

Demokrat senator Eymi Klobushar fikricha, Tramp respublikachilar uchun va butun yurt uchun muhim odam emas va kelajakda ham bunday rol o'ynay olmaydi.

“Amerika xalqi bu insonni ko'rdi, uning nimaga qodirligini bildi".

Senator Lindzi Grem Donald Trampni quvvatlamoqda
Senator Lindzi Grem Donald Trampni quvvatlamoqda

Senator Grem esa Tramp faollikdan to'xtamasligini aytadi.

“Kapitoliydagi qo'zg'olonda uning aybi yo'q. U bunga sababchi bo'lmagan", - deydi senator.

Tramp o'z tarafdorlarini bosh ko'tarishga undaganida bunday hujumga chaqirmagan, deya qo'shadi u.

Grem nazarida Tramp saylov natijasidan norozi edi, g'azabda edi, Kongress Jo Baydenni g'olib deb e'lon qilishini qoralayotgan edi. Ammo prezidet sifatida u hech qachon odamlarni zo'ravonlikka undamagan, deya ishonadi senator.

Biroq boshqa respublikachilar bunday fikrda emas.

Senatda konservatorlar lideri Mitch Makkonnel Tramp aybdor deb ovoz bermadi, lekin uni aybsiz deb ham hisoblamaydi. Uningcha, muddati tugagan odamni impichment qilish mantiqsizlikdir. Lekin, deydi senator Makkonel, Tramp tarafdorlari qonunchilarga uning o'gitlari asosida hujum qilgan. Besh kishi halok bo'lgan.

Senatda respublikachilar lideri Mitch Makkonnell demokratlar lideri Chak Shumer bilan
Senatda respublikachilar lideri Mitch Makkonnell demokratlar lideri Chak Shumer bilan

Makkonnel nazarida Tramp o'sha mudhish kun uchun ma'nan va amaliy jihatdan javobgar shaxs. Kapitoliyga bostirib kirganlar uning chaqirig'i sabab shunday qilgan, deydi senator.

Alyaska senatori Liza Murkovski ham Trampga shunday qaraydi. Prezident ekan, u oylar davomida odamlarni davlatga qarshi qayradi, nafrat urug'ini sochdi, deydi senator. "Tramp boshdan oyoq aybdor".

Qarshilik kuchli, lekin bu norozilik respublikachilarning sobiq prezidentni o'z saflaridan chiqarib yuborishiga yetadimi? Partiya qanchalik yakdil?

Hozircha tarqoqlik keng. Trampni olqishlovchi doiralar unga ovoz berganlar 70 milliondan oshiq ekanini eslatadi. Partiya bu saylovchilardan yuz o'gira olmaydi. Biroq bu Tramp to'g'ri degani ham emas. Shunday ekan, partiya qay yo'ldan borishini obdan muhokama qilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG