Breaking News

Putin va Ukrainaning bo'lginchi hududlari anneksiya haqida bitim imzoladi


Anneksiya haqida bitimni imzolash marosimidan so'ng
Anneksiya haqida bitimni imzolash marosimidan so'ng

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun Kremlda Ukrainadan ajralib chiqqan to’rt viloyat rahbarlari bilan bu hududlarni Rossiya tarkibiga qo’shish to’g’risida shartnoma imzoladi.

Xalqaro hayot - 30-sentabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:18 0:00

2014-yilda mustaqillik e’lon qilgan, biroq shu yil fevraligacha biror mamlakat tomonidan tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari hamda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari natijasida qo’lga kiritilgan Xerson va Zaporojye endi Rossiyaning bir qismiga aylandi. Aytish joiz, Donetsk va Zaporojye oblastlarining bir bo’lagi hamon Ukraina nazoratida.

Hujjatlarni imzolashdan oldin Putin siyosiy bayonotga teng ma’ruza qildi. U G’arb davlatlarini mustamlakachilik siyosatini davom ettirayotganlikda, Rossiyani tiz cho’kishga majburlashga harakat qilayotganlikda aybladi.

“Bugun biz avvalambor adolatli va erkin yo’l uchun kurashyapmiz. G’arb gegemonligining qulashi to’xtamaydi. Endi oldingiday bo’lmaydi. Biz buyuk, tarixiy Rossiya uchun kurashyapmiz”, - dedi Putin.

Rossiya rahbari uni Sovet Ittifoqini tiklash harakatida ayblayotgan tanqidchilariga shunday javob berdi:

“Sovet Ittifoqi yo’q endi. O’tmishni qaytarib bo’lmaydi. Rossiyaga bu kerak ham emas. Bunga intilganimiz yo’q”, - dedi Putin.

Unga ko’ra, G’arb dunyodagi qudratini va hokimligini saqlab qolish maqsadida Rossiyaga qarshi gibrid urushini e’lon qildi.

Putin AQSh va uning ittifoqchilarini Rossiyaning Boltiq dengizi tubi orqali yotqizilgan gaz quvurlarini portlatganlikda aybladi.

"Sanksiyalar yetmaganidek anglosakslar qo’poruvchilikka ham qo’l urdi. Ishonish qiyin, ammo haqiqat – ular Shimoliy oqim xalqaro gaz quvurlarini portlatishib, Yevropa energetika infratuzilmasini barbod qilishga kirishishdi. Bundan kim foyda ko’rishi ma’lum”, - dedi Putin.

Qo’shma Shtatlar bu da’volarni inkor etmoqda.

Putin, shuningdek, G’arbni an’anaviy oila qadriyatlaridan chekinganlikda aybladi, Rossiya “ayol” va “erkak” jinsidan boshqasini tan olmasligini aytdi.

Ushbu anneksiyadan so’ng Rossiya territoriyasi 108 ming kvadrat kilometrga kengayib, aholisi 8 millionga ko’payadi.

Rossiyaga qo’shilgan hududlar aholisi bunday qadamni olqishlamoqda. 2014-yilda Rossiya Qrimni ham o’ziga qo’shib olgan edi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, bundan keyin yangi hududlarga hujumlar Rossiyaga hujum deya ko’riladi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Qo’shma Shtatlar Rossiyaning anneksiya qilingan hududlarini hech qachon tan olmasligini aytdi, so’nggi referendumlarni soxta deb atadi.

Sovet Ittifoqi davrida AQSh Ikkinchi jahon urushidan oldin qo’shib olingan Boltiq bo’yi respublikalarini SSSRning bir qismi deb tan olmagan.

Bugun Yevropa Ittifoqi rasmiylari ham Ukraina hududlarining anneksiya qilinishini tan olmasligini aytib bayonot qildi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, Rossiyaning to’rtta ukrain viloyatini o’ziga qo’shib olishi xavfli eskalatsiyadir.

"Ushbu anneksiyaning huquqiy ahamiyati yo’q, qoralashga loyiq harakat”, - dedi u.

Guterrishga ko’ra, Rossiyaning bunday siyosati tinchlikka g’ovdir.

Rossiyaga qo’shilish bo’yicha referendumlar va anneksiyani qoralagan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining favqulodda majlisini o’tkazdi.

Unga ko’ra, Ukraina NATOga qo’shilish uchun tezkor a’zolikka ariza bermoqda. Zelenskiy Putin bilan emas, Rossiyaning boshqa prezidenti bilan muzokaraga tayyor ekanini aytdi.

NATO Ukrainani o’z qatoriga qo’shsa, uning hududlariga harbiy zarbalar NATOga hujum deya ko’rilishi, kollektiv mudofaa mexanizmi ishga solinishi mumkin. Bu esa 3-jahon urushiga aylanib ketadi.

Boshqa tarafdan NATO nizomiga ko’ra, a’zolikka da’vogar mamlakat xalqaro, etnik va hududiy mojaroni avval tinch yo’l bilan hal qilishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG