Breaking News

Suriyada "Islomiy davlat" farzandlarini tarbiyalayotgan markaz


11-may, 2023: Suriyaning Qamishli shahrida o'smirlar birga ovqatlanmoqda. Ular sobiq jangarilar.
11-may, 2023: Suriyaning Qamishli shahrida o'smirlar birga ovqatlanmoqda. Ular sobiq jangarilar.

Kamida to'rt yildirki, Suriya shimoliga minglab yoshlar boshqa hududlardan najot izlab keladi. Bu yerda "Islomiy davlat" jangarilarining oilalari jon saqlaydi. Aksariyat bolalar savodsiz va qashshoqlikdan boshqa hayot ko'rmagan. Ular hozir kurdlar nazoratida. Lager xalqaro yordamga tayanadi.

Al-Hol nomi bilan tanilgan bu inshoot rahbariyati o'smirlarni tarbiyalashga bel bog'lagan. Asosiy maqsad - ularning jangarilikka qaytmasligini ta'minlash.

Bolalar onalaridan ajratiladi va muayyan davr mobaynida yaqinlaridan uzoqda ta'lim oladi. Huquq tashkilotlari bunga xavotir bilan qaraydi, chunki hududda biror qurolli tarafga ishonch yoq.

Turli davlatlardan kelgan odamlarning farzandlari ekan, bu yoshlar biror davlat fuqarosi emas yoki da'vo qilsa-da, shu kungacha ularni biror hukumat izlab kelmagan.

"Bu o'smirlar lagerdan boshqa joyga chiqmasa, yana ekstremizmga suyanadi, boshqa nima bor? Ularga o'zga bir dunyo borligini, bilim olib, ishlab, yangicha bir hayotga ega bo'lishini uqtirish lozim", - deydi Xolid Remo, kurd boshqaruvining adolat va islohotlar bo'limi rahbari.

Al-Hol lageri, Hasaka viloyati, Suriya, 19-aprel, 2023
Al-Hol lageri, Hasaka viloyati, Suriya, 19-aprel, 2023

Amerika jurnalistlari yaqinda Orkesh markaziga borib, u yerda maxsus dastur doirasida tarbiyalanayotgan bolalar ahvoli bilan tanishdi. 11-18 yosh orasidagi avlod 11 mamlakatdan, jumladan Fransiya va Germaniyadan chiqqanlarning farzandlari.

Orkeshda ular rasm chizish, musiqa, kasb-hunar o'rganadi shuningdek, turli fanlardan bilim oladi. Sartaroshlik va tikishdan ham dars beriladi.

Hamma ertalab soat 7 da turadi. Kuni bilan o'qish, keyin esa sport mashg'ulotlari. Yotoqxonada yashashadi. Yumushlarni o'zlari qilishadi. Oilasi vaqti-vaqti bilan ko'rib ketishi mumkin.

Rahbariyat jurnalistlarga bolalar bilan gaplashishga ruxsat bermadi. Chunki, deydi mutasaddilar, bu insonlar hali voyaga yetmagan va daxlsizlik huquqlari bor.

Al-Hol lagerida ham odamlar media bilan suhbatdan qochdi. Bolalar tarbiyasi haqida gapirishni va umuman hayotlarini muhokama qilishni istashmadi.

Maxsus markazda tarbiyalanayotgan bolalar, Qamishli, Suriya, 11-may, 2023
Maxsus markazda tarbiyalanayotgan bolalar, Qamishli, Suriya, 11-may, 2023

"Islomiy davlat" bilan urush 2019-yilda tugagan, biroq Suriya va Iroq aholisi hamon bu mojaro oqibatlari bilan yuzma-yuz. Ekstremizm va terrorizm tahdidi so'nmagan.

Al-Hol lageri "Islomiy davlat" dan meros, deydi bu hududda ishlaydiganlar, urushning bitmas yarasi.

Qariyb 51 ming kishi bu lagerda jon saqlaydi - xotin-qizlar va bolalar. Ularning erlari, otalari, aka-ukalari jangari bo'lgan, o'lgan yo bedarak ketgan.

Aksariyati iroqlik yoki suriyalik. Sakkiz mingga yaqin bola va ayol esa 60 boshqa davlatdan. Ularga lagerda "Islomiy davlat"ning ashaddiy tarafdorlari sifatida qarashadi, chunki ularning o'zi shuni aytadi.

O'tgan oylarda Suriya va Iroq ko'plab fuqarolarini olib ketdi. Lekin ajnabiylarni istab kelayotganlar deyarli yo'q. Tojikiston yaqinda bir necha fuqarosini qaytardi. O'zbekiston va Qozog'iston ham sal oldin yuzlab odamlarini qutqargan.

Al-Hol lageri, Hasaka viloyati, Suriya, 19-aprel, 2023
Al-Hol lageri, Hasaka viloyati, Suriya, 19-aprel, 2023

Kurd xavfsizlik kuchlari bu lagerni qanchalik qo'riqlamasin, odamlarning fikri-xayolini nazorat qilish mushkul. Radikalizmni to'g'ri deb biladiganlar ko'p. Terrorchilarga qahramon deb qaraydiganlar buni hatto ochiq aytadi. Ular orasida esa minglab bolalar ulg'aymoqda.

Al-Holda 25 ming bolar bo'lsa, ulardan yarmi ham hozir savodini chiqarmagan.

Jurnalistlarni ko'rgan avlod ularga toshlar otib, mazah qildi. Ulardan biri esa hatto "kallangni olaman" degan ishora bilan mehmonlarni qo'rqitishga urindi.

"Bu bolalar esini tanishi bilan xavfli insonlarga aylanmaydi deb kafolat bera olmaymiz", - deydi Jihan Hanan, lager direktori.

"Ular bir-birini yoki boshqalarni o'ldirishi yoki azoblashi mumkin".

Al-Hol lageri, Hasaka viloyati, Suriya, 19-aprel, 2023
Al-Hol lageri, Hasaka viloyati, Suriya, 19-aprel, 2023

"Biz imkon qadar ularni o'zgartirishga harakat qilayapmiz. Maxsus dastur balki ularni ekstremizmdan uzoqlashtiradi. Ularning onalari bu yoshlarning ruhiyatiga behisob ta'sir qiladi. Bu ayollar esa mutaassib", - deydi Hanan.

Kurd rasmiysi Shayxmus Ahmad deydiki, o'g'il bolalar 13 ga kirishi bilan onalari ularni uylantirish payida. Lagerda o'smir qizlarni topib, ularga taklif qilishadi. "Islomiy davlat"ga ergashgan ayollar bu yerdagi mentalitetni kontrol qiladi", - deydi Ahmad.

Hozircha maxsus markazda 300 ga yaqin bola tarbiyalanmoqda. Ular hozir ikki hududda, oilalardan ikki soatli masofada.

Bu avlod umrida bu lagerlardan boshqa joylarni ko'rmagan. Otalarini ham aksariyati eslay olmaydi. Qayerda tug'ilgani noaniq. Onalari tirik bo'lsa, ular bor haqiqatni bolalarga har doim ham aytmaydi. Yoki otalari dovyurak jangarilar deya eslanadi.

Maxsus markazda tarbiyalanayotgan bolalar, Qamishli, Suriya, 11-may, 2023
Maxsus markazda tarbiyalanayotgan bolalar, Qamishli, Suriya, 11-may, 2023

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkilotining bu masala bilan shug'ullanadigan eksperti Letta Teyler nazarida maxsus dastur va markazlar ish bermaydi.

"Bu reabilitatsiya emas. Aslida bu bolalar ham jabrdiyda. Ularga shubha bilan qarab, majburlar boshqa joylarda tarbiyalash bilan muammo hal bo'lmaydi", - deydi Teyler.

Onalari ularni azoblayotgan bo'lsa, ajratish kerak, deydi mutaxassis, aks holda ularning miyasi yanayam buziladi.

"Bu bolalar dahshatli voqealarning guvohlari. Lagerda ham hayot ayanchli. Endi esa ularni oialaridan olib ketishyapti. Onalar bilarga dalda axir",- deydi ekspert.

Bolalar bilan ishlaydigan xalqaro xayriya tashkilotdan Ketrin Akillis deydiki, eng asosiy vazifa bu insonlarni vataniga qaytatish.

Al-Hol rahbariyatiga ko'ra esa buni kutib o'tirish uchun vaqt yo'q. Bolalar katta bo'layapti.

"Xalqaro tashkilotlar xohlagan ishlar bo'lishi uchun tegishli tomonlar tezroq harakat qilishi kerak. Biz esa lagerdagi hayotni o'ylashga majburmiz", - deydi direktor Jihan Hanan.

Maxsus markazda tarbiyalanayotgan bolalar, Qamishli, Suriya, 11-may, 2023
Maxsus markazda tarbiyalanayotgan bolalar, Qamishli, Suriya, 11-may, 2023

Kurd boshqaruvi ham shunday pozitsiyada, ya'ni bu insonlar uchun eng ma'qul joy ularning vatanlari, ya'ni ota-onalari kelgan yurtlar.

Biroq mamlakatiga qaytganidan keyin ham ular yolg'iz qolib ketmasligi kerak. Ruhiy muolaja, e'tibor, serqirra madad zarur.

BMT davlatlarni al-Hol lageridagi fuqarolarini aniqlab, ularni olib ketishga undamoqda. Lagerdagi vaziyat tahlikali, deydi tashkilot xodimlari, chunki janjallar va mojarolar kuzatiladi. Qo'riqchilar ularni tinchitish uchun kuch ishlatadi. Bu esa, BMTga ko'ra, urush jinoyatlari uchun zamin yaratadi va allaqachon shunday qabih ishlar qilinayotgan bo'lishi mumkin.

Ungacha esa kurd boshqaruvi maxsus dasturlarni davom ettiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG