Breaking News

AQSh razvedka sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirmoqchi


AQSh razvedka rasmiylariga ko’ra, Vashington axborot yig’ish va ulashish maqsadlari yo’lida xalqaro ittifoqchilari safini yangi davlatlar, jumladan, kompaniyalar va hatto nodavlat ishtirokchilar hisobiga kengaytirib borishi zarur.

Bu taklif payshanba kuni e'lon qilingan Milliy razvedka bo'yicha yangi strategiyaning bir qismi bo'lib, u AQShni Xitoy va Rossiya kabi an'anaviy davlat raqobatchilari va terror guruhlari bilan cheklanib qolmaydigan tahdidlarga yaxshiroq tayyorlanishga undaydi.

Milliy razvedka direktori Avril Xaynsning so'zlariga ko'ra, "Qo'shma Shtatlar tobora murakkab va o'zaro bog'liq bo'lgan tahdidlar muhitiga duch kelmoqda". Bu muhit Xitoy va Rossiya kabi global kuchlardan tortib iqlim o'zgarishi va COVID-19 kabi pandemiyalargacha bo’lgan kabi bir qator muammolarni o’z ichiga oladi.

Global muammolar, buzg'unchi o’zgarishlar

"Bundan tashqari, umumiy global muammolar, jumladan, iqlim o'zgarishi, inson va sog'liq xavfsizligi, shuningdek, yangi texnologik o’zgarishlar ko'pincha oldindan aytish qiyin bo'lgan jiddiy oqibatlarga olib keladi", - dedi Xayns.

Yangi strategiyaning asoslari va xususiy sektordan yangi hamkorlar topishga chaqiriqlar ustida bir necha oydan beri ish olib borilayotgan edi.

2022-yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi arafasidan boshlab, AQSh ittifoqchilar va hamkorlar bilan maʼlumotlarni yaxshiroq almashish uchun razvedka maʼlumotlarining ayrimlarini oshkor qilib kelmoqda.

Ukrainani qo'llab-quvvatlash va Rossiyani jilovlash bilan bog'liq sa'y-harakatlar allaqachon AQShning tahdidlarga qarshi kurashish bo'yicha rasmiy rejasining bir qismiga aylanib ulgurgan.

Xayns aprel oyida Vashingtonda joylashgan Xalqaro Karnegi jamg'armasida bo'lib o'tgan chiqishi chog'ida xususiy sektor va texnologiya kompaniyalari bilan ko'proq aloqa o'rnatishga chaqirdi.

"Ko'p holatlarda ular narsalarni bizdan oldin ko'rishadi", - dedi u.

AQSh razvedka hamjamiyatining fevral oyida e'lon qilingan yillik tahdidlarni baholash hisobotida xuddi shunday nodavlat ishtirokchilar, iqlim o'zgarishi bilan bog’liq global favqulodda vaziyatlar va jamiyatni buzish potentsialiga ega bo'lgan yangi texnologiyalar haqida ogohlantiriladi.

Yangi strategiya ushbu tendensiyalarga qarshi mavjud razvedka bo'yicha hamkorlikni oshirish, jumladan, Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan kelishuvni mustahkamlash va yangilarini yaratish orqali kurashishga qaratilgan.

Shuningdek, u Latviya va Albaniya kabi mamlakatlar bilan kiber xavfsizlik bo’yicha hamkorlikni oshirishni tavsiya qiladi.

Bunday hamkorlik nega muhim?

Ayrim sobiq razvedka xodimlari bunday hammorlikni zarurat deb hisoblaydi.

“Saylovlar va kommunikatsiya infratuzilmasi qanday ishlashi oddiy haqiqat; xususiy sektordagi texnologiya kompaniyalari birinchi navbatda bunday tahdidlardan xabardor bo‘ladi. Shuning uchun ular bilan yaqin hamkorlik juda muhim”, - deydi Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq yuqori lavozimli xodimi, hozirda Jorjtaun universiteti professori Pol Pillar.

AQShning yangi razvedka strategiyasi, shuningdek, Xitoy kabi davlatlar "bizning raqobatbardoshligimiz va milliy xavfsizligimizga putur etkaza olmasligiga" ishonch hosil qilish uchun yangi texnologiyalar va ta'minot zanjirlarini yaxshilashga urg'u beradi.

Strategiya AQShning barcha 18 razvedka agentligini, jumladan Milliy razvedka direktori idorasi, Markaziy razvedka boshqarmasi, Milliy xavfsizlik agentligi, Mudofaa razvedka boshqarmasi va Federal qidiruv byurosini boshqarishga qaratilgan.

U 2019-yilda e’lon qilingan, “haqiqatni gapirish”ga qaratilgan oldingi strategiya o‘rnini egallaydi.

"Biz siyosatchilarni va Amerika xalqini hozirgi mavjud tahdidlarga qaramay, bizga ishonish mumkinligiga ishontirishimiz kerak", - degan edi o'sha paytdagi Milliy razvedka direktori Den Koats.

AQShning ayrim qonunchilari yangilangan razvedka strategiyasini olqishlamoqda.

"Milliy razvedka strategiyasi muhim muammolar - kuchayib borayotgan Xitoy, Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchilik urushi va sun'iy intellekt kabi rivojlanayotgan texnologiyalar taqdim etgan murakkabliklar fonida Razvedka hamjamiyati ishini tashkillashtiradi", - deydi Senat Razvedka qo'mitasi raisi Mark Uorner "Amerika Ovozi" bilan baham ko'rilgan bayonotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG