Breaking News

Rossiya fuqaroligi evaziga Mudofaa vazirligi bilan shartnoma


Fuqarolik ilinjidagi muhojirlar harbiy xizmatga majburlanmoqdami?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:36 0:00

Rossiyada rubl qadrsizlanishi ortidan daromadi tushayotgan, patent bahosi salkam to’rt barobar qimmatlashishi etimoli bilan to’qnash turgan mehnat muhojirlari yana bir xatar bilan yuzlashmoqda.

Xabarlarga ko’ra, Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza berayotgan muhojirlardan Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash talab qilinyapti. Fuqarolik olganlar ham bu xatardan xoli emas, ularning harbiy ro’yxatda bor yoki yo’qligi tekshirilmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga boshlagan urushida muvaffaqiyatlar ko’zga tashlanmaydi. Urush cho’zilmoqda, yaqin kelajakda yakunlanishi ehtimoli uzoq, armiya esa askarlarga muhtoj. Muhojirlarni armiyaga jalb qilish talabi shu ehtiyoj soyasida kuzatilyapti.

Rossiyadagi markaziy osiyolik muhojirlarni Ukrainadagi urushga jalb etish harakatlari yangi emas. Bu tashviqot ayniqsa Rossiyada mobilizatsiya o’tkazilishi arafasida kuchaygan edi.

Xususan, fuqarolik olish istagidagi muhojirlarni armiyaga safarbar qilish harakati borayotgani haqida huquq himoyachilari xabar berishmoqda.

Rossiyalik huquq himoyachisi Tatyana Kotlyar Kaluj viloyatida tojikistonlik va o’zbekistonlik bir necha muhojirlar shunday talab bilan yuzlashgani, ammo haqiqatda bunday holatlar ko’pligi, u holat yuzasidan Rossiya Dumasining inson huquqlari bo’yicha mintaqaviy vakiliga murojaat qilgani, ammo javob olmagani haqida yozadi.

Kotlyarga ko’ra, hali fuqarolik olmagan muhojirlardan armiya bilan shartnoma tuzish talab qilinishi noqonuniy.

Rossiya siyosiy doiralarida fuqarolik olgan markaziy osiyoliklarni frontga jo’natish, aks holda fuqarolikdan mahrum qilishga doir tashabbus, chaqiriqlar anchadan buyon mavjud.

Rossiya politsiyasi fuqarolik olgan muhojirlarni harbiy ro’yxatga qo’yish maqsadida reydlar ham uyushtirib turadi. Bu amaliyotlar natijasida ular harbiy ro’yxatga qo’yiladi, mobilizatsiyaga tayyorlanadi.

Ayni paytda Rossiya armiyasida fuqarolik olgan qancha mintaqaliklar xizmat qilayotgani, ularning qanchasi bevosita Ukrainadagi urushga tashlangani noma’lum, ammo har yili minglab mintaqaliklar Rossiya fuqaroligini olayotgani inobatga olinsa, ular soni ancha ko’pligini taxmin qilish mumkin.

Ukraina urushining keyingi yil ham davom etishi haqiqatga yaqin. Bu har ikki tomondan ham zaxiralarning, mobilizatsiyaning yangi bosqichini talab qiladi.
Matbuotdagi ma’lumotlarga ko’ra, yaqin vaqtda Ukrainada ham, Rossiyada ham ommaviy harbiy chaqiruvning navbatdagi bosqichi boshlanishi mumkin.

O’tgan safargi mobilizatsiyada Rossiya 400 ming atrofida fuqarolarini safarbar qilgan edi. Ukraina armiyasi soni ayni paytda million atrofida.

Bir yarim yildan buyon davom etayotgan urush har ikki tomonning zaxiralarini, jangchilarini ayovsiz yo’qotmoqda. Urushda qatnashayotgan markaziy osiyoliklarni har ikki tomonda uchratish mumkin.

Ukraina tomonida urushayotgan, “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan o’zbeklar buni oilasini, ikkinchi vataniga aylangan Ukraina ozodligini himoya qilish qarori bilan izohlashadi.

Rossiya tomonida urushayotgan mintaqaliklarning bu boradagi biror ochiq izohi ma’lum emas. Ammo matbuotdagi ma’lumotlarga tayanilsa, bu ishtirok majburiy safarbarlik, qamoqdan mahbuslar yollanishi, moddiy manfaat, ayrim hollarda Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashning oqibatidan bexabarlik tufayli yuzaga kelayotgani kuzatiladi.

Bir muddat avval Ukrainadagi janglarda asir olingan o’zbekistonliklar ukrain harbiylari uyushtirgan so’roq davomida aldanib qolishgani, front ortida xizmat qilish uchun yollanishganini bildirishgan edi.

O’zbekistonda va mintaqaning boshqa davlatlarida uchinchi tomondagi harbiy harakatlarda qatnashganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjud.

Hozircha bu modda bo’yicha biror mahkama o’tgani ma’lum emas, ammo “Vagner” guruhi tomonidan yollangan bir necha o’zbekistonliklarning o’ligi vataniga qaytarilgan.

Rossiyadagi so’nggi vaziyat, qadrsizlanib borayotgan rubl soyasida harbiy xizmat uchun berilayotgan imtiyozlar, yirik maosh, boshqa tomondan patent narxlarining keskin oshirilishi vatanida ish topish imkonidan mahrum muhojirlarni yanada qiyin ahvolda qoldiradi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG