Breaking News

Hisobot: Sun'iy intellekt internet erkinligini cheklamoqda


Internet erkinligi 13 yildirki cheklanib bormoqda va bunga qisman sun'iy intellekt aybdor, deyiladi "Ozodlik uyi" xalqaro tashkiloti chiqargan hisobotda.

“Sun'iy intellekt bilan bog'liq texnologiya ahvolni qiyinlashtirmoqda", - deydi Alli Fank, tahlilnoma mualliflaridan biri.

70 mamlakatdagi vaziyat o'rganilgan. Jahon tarmog'idagi ommaning 88 foizi yashaydigan jamiyatlar tahlil qilingan. 55 tasida erkinlikka salmoqli to'siqlar qo'yilgan.

Xitoy, Myanma va Eron - eng cheklangan mamlakatlar.

O'tgan yili OpenAI kompaniyasi ChatGPT generativini chiqarganidan beri erkinlikka zarba oshdi, deya xulosa qilmoqda ekspertlar.

Fank deydiki, bu texnologiya hukumatlar tomonidan huquqni ezish uchun ishlatilmoqda.

Aslida yangi imkoniyatlar erkinlikni kengaytirishi kerak, ammo hozirda buning aksi qattiq sezillmoqda, deydi mutaxassis.

Hukumatlar chatbotlarga to'siqlar qo'ymoqda, kompaniyalarni sun'iy intellekt yordamida platformalarni tezlikda o'zlari istamagan kontentdan tozalashga majbur etmoqda.

Davlatlar sun'iy intellekt chatbotini senzura uchun qo'llamoqda. “Xitoy bu jihatdan birinchi", - deydi Fank.

"Baidu" tarmog'ining "Ernie" boti va "Alibaba" kompaniyasining "Tongyi Qianwen" kabi vositalari Pekinga yoqmaydigan biror ma'lumotni qoldirmaydi.

Tayvan, uyg'urlar, Tibet yoki boshqa nozik masalalar yuzasidan xitoycha internetda axborot berilishiga yo'l qo'yilmaydi.

“Xitoy xalqi shundoq ham azaldan senzura ostida yashaydi", - deydi Kian Vesteynsson, "Ozodlik uyi" eksperti.

Qamoqadagi jurnalistlar, blogerlar va faollar haqida informatsiya kamayib ketgan. Xitoyning Vashingondagi elchixonasi buni inkor etadi.

“Internet mamlakatimizda erkin, ochiq va tartibda, - deya bildiradi vakolatxona. Suveren davlat ekanmiz, qonunlarimiz amalda va hammaning manfaatlari himoya qilinadi".

Kambodja va Turkiyada yakkahokimlikka mukkasidan ketgan rahbarlar saylovlarda sun'iy intellektni o'zini targ'ib qilishga va muxolifatni chetga surish uchun ishlatadi.

“Demokratik tizimlarda ham bunday taktikalar qo'llanilmoqda", - deydi Vesteynsson.

Hisobotda ta'kidlanishicha, Hindiston, Indoneziya, Meksika va AQShda internet erkinligi cheklangan holatlar kuzatiladi.

Biroq ekspertlar ijobiy o'zgarishlarni ham sanab o'tadi, xususan internetda josuslik uchun ishlatiladigan dasturlar kamaygan. AQShda bu borada qonun qabul qilindi. Unga binoan, davlat xavfsizligini ta'minlashda tijoriy josuslik va maxfiy kuzatuv programmalari ishlatilmaydi.

Vesteynsson deydiki, dunyoning yetakchi texnologlari senzura va yashirin onlayn faoliyatga qarshi kampaniya olib bormoqda.

Xitoyliklar orasida repressiyaga qarshi kayfiyat kuchli, oshkoralik talabi oshgan.

"Odamlar baribir erkinlikka intiladi, ayniqsa internetda", - deydi Vesteynsson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG