Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Muxbir 3-yanvar kuni Karmonda salkam 100 kishini nobud qilgan xurujlar javobsiz qolmasligini bildirdi. 2020-yili AQSh dron hujumida o’ldirilgan qo’mondon Qosim Sulaymoniyni xotirlash uchun qabristonga to’plangan odamlar ikkita portlash qurboni bo’ldi.
Qo’shma Shtatlar xurujga Isroil qo’l urmaganini bildirmoqda, “Islomiy davlat” jangarilariga ishora qildi. Bugun Daish portlashlar uning ishi ekanini tan oldi.
Qurbonlarni xotirlash uchun to’plangan eronliklar Isroil, Britaniya va AQShga qarshi shiorlar aytdi.
Livanda ham Isroilga qarshi xayqiriqlar. Bugun Bayrutda XAMAS harakatining seshanba kuni Isroil dronida halok bo’lgan yetakchilaridan biri va ikki safdoshi dafn etildi.
Solih Aruriy tashkilot rahbarining o’rinbosari bo’lgan, XAMAS harbiy qanoti hisoblangan “Izzaddin Qasam brigadasi”ning asoschilaridan edi.
Isroil bu ishga aloqadorligini tan olgani yo’q, ammo inkor ham etmayapti.
“Hizbulloh” harakatining rahbari Said Hasan Nasrulloh hujumni Isroil tajovuzi deb atadi.
AQSh Davlat departamentining so’zlovchisi Mettyu Miller Solih Aruriyni zolim terrorchi deb atadi.
“Uning qo’lidan ko’plab fuqarolar nobud bo’lgan”, - dedi Miller.
Aruriyning o’limi Yaqin Sharqda kattaroq mojaroni avj oldirishi mumkinligi xavotir bilan tilga olinmoqda. Ba’zilar G’azoda XAMAS qo’lida qolayotgan 129 odamni garovdan ozod etishga doir muzokaralar to’xtab qolishidan tashvishda.
“Nazarimda bu garovdagilarni ozod etish va sulhga erishish yo’lidagi muzokaralarni chigallashtirishi mumkin, chunki bu shaxs muzokaralar ortida turganlardan biri edi. U oldin Qatarda yashagan va bilishimcha, o’ziga yarasha obro’-e’tiborga ega bo’lgan”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq institutidan Brayan Katulis.
Isroil G’azo Sektoriga zarba berishda davom etarkan, Livandagi xurujga javoban “Hizbulloh”dan katta hujumlarga hozirlanmoqda.
Bugun sektorning Xon-Yunus shahriga hujumda 16 kishi, jumladan to’qqizta bola o’lgan. Isroil snaryadlari falastinliklar turgan palatkalar yoniga tushgani ma’lum.
Qizil Yarim oy jamiyati uning idorasi ham Xon-Yunusda nishonga olinganini, bir odam o’lganini bildirmoqda.