Pentagonga ko'ra, Ukrainadagi urush va Rossiya agressiyasi qanchalik tahlikali va xavotirli ko'rinmasin, AQShga eng katta tahdidni uzoq muddatda Xitoy solmoqda.
Bugun Kongressga bu haqda hisobot bergan Mudofa vazirligining Hind-Tinch okeani bo'yicha bosh rasmiysi Eli Ratner deydiki, Pekin dunyoning salmoqli qismida kuch ishlatishga qodir va o'ziga tegishli deb biladigan hududlarga hamla qilib, Amerika manfaatlariga zarar keltirishi mumkin.
“Xitoy Tayvan va uning atrofini, Janubiy va Sharqiy Xitoy dengizlarini, Hindistonga yaqin hududlarni o'zining azaliy mulklari deb biladi", - deya tushuntiradi Ratner.
O'tgan yilning oktabr oyida Pentagon Xitoy harbiy dengiz floti Janubiy va Sharqiy dengizlarda son jihatdan oshgani va faollashganini savolga tutgan edi.
Ratnerga ko'ra, Pekin o'z qudratini proksi kuchlar orqali ham korsatishga moyil.
Xitoy atom arsenali taxmin qilinganidan ham jadalroq oshayotgani kuzatiladi. Yangi infrastruktura bunyod etilib, yadroviy qurollar uchun zarur inshootlar kengaymoqda.
Pekin rasmiylari bayon qilishicha, Amerika vaziyatni bo'rttirmoqda.
Mudoaa vaziri Lloyd Ostin esa ayni damda asosiy e'tiborni Ukrainaga qaratgan.
Germaniyaga safar qilgan Ostin Kiyevga yordamni tashkillashtiruvchi kengash bilan uchrashib, AQSh Ukrainani quvvatlashda davom etishini bildirgan.
"Ukrainadagi urush bizning xavfsizligimizga ham tahdiddir", - deydi Pentagon rahbari.
“AQSh tahlikaga befarq emas: agressiya va avtokratiya avjiga chiqib, zolimlar haddidan oshmoqda. Diktatorlar xayol qilayaptiki, ular demokratiyani batamom yo'qqa chiqarishi mumkin".
Amerika razvedkasi Kongressga axborot berganida Rossiya va Xitoy tahdidi o'zaro bog'liq, deb qayd etgan. Vladimir Putinning Ukrainaga nisbatan agressiyasi Pekinning jasoratini oshirgan, deyiladi bu tahlilnomada.
Milliy razvedka idorasi direktori Avril Heynz qonunchilar bilan muloqotda masalaning yangi bir jihatiga urg'u bergan: Pekin Moskva tarafida, ayniqsa Ukraina bosqinida; buning evaziga Rossiya u bilan uzoq muddatli kelishuvda.
Markaziy Razvedka Agentligi ham Xitoy Tayvan va Janubiy Xitoy dengizida harbiy amaliyotlar olib borishi mumkin, degan xavotirda.
Ratner deydiki, Pentagon Yaponiya, Janubiy Koreya, Filippin va Avstraliya bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda.
Mudofaa vazirligi Kongressdan 2025-yilda havo va suvda salohiyatni oshirish uchun yangicha qurollar zarur deb, qo'shimcha mablag' so'ramoqda.