Breaking News

Nega ayrim xorijliklar Ukrainaga ko'chib o'tgan?


Ukrainani vatan qilgan xorijliklar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:25 0:00

Vatanidan, yaqinlari davrasidagi xavfsiz hayotdan kechib, urush iskanjasidagi Ukrainada yashayotgan xorijliklar bor. “Amerika Ovozi” ikki nafari bilan uchrashib, ularni Ukrainada nima ushlab turgani bilan qiziqdi.

Stiven Mur amerikalik qonunchilardan birining idorasida ishlagan. U Rossiya kuchlari bostirib kirganidan keyin Ukrainaga yetib keldi. U quruq qo’l bilan kelmagan.

“Durbin, ratsiya, turli xil chiroqlar va shunga o'xshash boshqa anjomlar, tibbiy jihozlar. Ularni to'rtta katta chamadonga joylab keltirganman”, - deydi Stiven Mur.

Kiyev, 27-dekabr, 2023
Kiyev, 27-dekabr, 2023

Mur Ukrainaga yo’l olgan bir paytda, minglab odamlar mamlakatni tark etayotgan edi. Birinchi galgi yordamini Mur o'z hisobidan keltirdi. Keyin AQShda notijorat tashkiloti ochib, o’zi Kiyevga ko'chib o'tadi. Bunga uni nima majbur qilganini u shunday tushuntiradi.

“Sababi ikkita: Ukrainani juda yaxshi ko'raman. Ikkinchidan, men uchun erkinlik juda muhim, u asosiy qadriyat sanaladi. Ukrainaliklar o'z ozodligi uchun qanchalik kurashayotganini ko'rib turibman”, - deydi amerikalik.

Mur Ukrainada nimalar bo'layotgani haqida AQSh Kongressidagi sobiq hamkasblarini xabardor qilib turadi. Qonunchilar bilan uchrashishga ham harakat qiladi.

“Amerika Yevropa va Yaqin Sharqdagi urushlarda qatnashish yoki qatnashmaslikni tanlash imkoniyati bor degan xomxayollar bilan ovora. Tanlov ha yoki yo'q deyishdan iborat emas. Hozir nisbatan arzon qurollarni yuboramizmi, yoki kelajakda farzandlarimizni, askarlarimizni? Chunki Putin Ukraina bilan cheklanib qolmaydi”, - deydi u.

Mur hali-beri ortga, vataniga qaytmoqchi emas. Daniyalik Karen-Mari Kragelund ham endi Kiyevni ona shahri deb biladi. Rus tilini mukammal biladigan bu xorijlik, mamlakat rasmiy tilida erkin so’zlashishga ham ahd qilgan.

“Ukrainaga IT [axborot texnologiyalari] sohasida ishlash uchun kelganman. Taxminan olti yil oldin o'z biznesimni ham boshladim. Kompaniyalarga tashkiliy o'zgarishlar bo'yicha konsultantlik qilaman. Kelganimga 17 yil to’ldi”, - deydi Kragelund.

Urushning dastlabki kunlari Kiyevda otishmalar boshlangach, u Ukraina g'arbiga ko’chib o’tgan. Keyinchalik Niderlandiyada ishga joylashadi. Oradan bir yil o'tib, Ukrainaga qaytishga qaror qiladi.

“Chegaradan o’tishim, Ukraina zaminiga qaytishim bilanoq ichki bir halovatni sezganman. O’zimni yarim ukrainalik kabi his qilaman. Bu yerda o’zgarish qila olaman”, - deydi u.

Ukrainadagi janglarni Kragelund "bizning urush" deya ta’riflaydi. U Ukrainaga qo’lidan kelgancha yordam berishni istaydi.

“Pul bilan yordam bersa bo’ladi, albatta. Yana bir yo’li - bu yerdagi tashkilotlarga maslahat berish. Yirik bir nodavlat tashkiloti bilan ishlab, faoliyatini mustahkamlashga yordamlashyapman”, - deya bo’lishadi Karen-Mari Kragelund.

Doʻstlarimiz va oila aʼzolariz, deydi Mur va Kragelund, nima uchun urush zonasida yashayotganimizni tushunishmaydi, lekin vatanga qaytishga undashni bas qilishgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG