AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri va Bosh vaziri o'rinbosari Murat Nurtleu bilan uchrashib, strategik hamkorlikni muhokama qildi.
Nurtleu mamlakatining bosh diplomati sifatida Vashingtonda ilk bor muloqot olib bormoqda, nafaqat Blinken, balki boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan.
Qozog'iston - Amerikaning Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes hamkori. O'tgan yili oradagi import-eksport qariyb 3,5 milliard dollarni tashkil etgan.
Blinken Nurtleu bilan iqtisodiy mavzularda gaplashar ekan, AQShdan sarmoya oqimi oshishi uchun shaffoflikni kengaytirish, erkinlik va adolatni ta'minlash zaruratini eslatgan.
Ekologiyani muhofaza qilish va iqtisodiy o'sish yo'lida tashlanishi kerak bo'lgan qadamlardan biri fuqaro jamiyati bemalol ishlay olishi uchun sharoit yaratish ekani ham qayd etilgan.
Qozog'iston hukumatiga ko'ra, respublika islohotlar ostida va vaziyat yaxshilanmoqda. Huquq tashkilotlari esa buning aksini ta'kidlaydi. Vashington Ostonani qonun ustuvorligi uchun harakat qilishga undab keladi. Nurtleu ham bugun Blinken va boshqalardan shuni eshitgan.
AQSh bosh diplomati Ostonadan kelgan hamkasbiga Amerika Qozog'iston taraqqiyotiga hissa qo'shishga hozir ekanini aytgan. Shuningdek, Blinken eslatganki, respublika suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi himoyasi - birlamchi maqsad.
Muloqotda Markaziy Osiyoda siyosiy va iqtisodiy birdamlik va boshqa mintaqaviy masalalalar ham ko'rib chiqilgan.