Breaking News

"Paxta kampaniyasi" O'zbekistonda huquq faollariga bosimni bas qilishga chaqirmoqda


Farg'ona viloyati paxtazorlaridan, 3-sentabr, 2023
Farg'ona viloyati paxtazorlaridan, 3-sentabr, 2023

Vashingtonda asoslangan "Paxta kampaniyasi", O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi azaldan kurashib kelayotgan xalqaro koalitsiya shu kunlarda mamlakatda kuzatilgan noxush holatlar yuzasidan xavotir bildirib, hukumatni inson huquqlari faollariga nisbatan tazyiqlarni o'z vaqtida tekshirish va adolatni ta'minlashga chaqirmoqda.

Germaniyada ro'yxatdan o'tgan Inson huquqlari uchun o'zbek forumi rahbari Umida Niyozova Farg'ona viloyatida monitoring olib borayotganida bosimga uchragan, deya bildirmoqda "Paxta kampaniyasi".

O'zbekiston mutasaddilaridan hozircha javob yo'q. Hukumat odatda bunday chaqiriqlarga bevosita munosabat bildirmaydi, garchi rasmiylar ochiqlik siyosati davom etadi, qonunni buzganlar javobgarlikka tutiladi, deb keladi.

Koalitsiya 2021-yilda O'zbekistonda majburiy mehnat rasman tugatilgan deb hisobot chiqarib, islohorlar samara berganini qayd etgan. O'zbekiston paxtasiga uzoq yillik boykot shundan keyin bekor qilingan.

"Paxta kampaniyasi" respublika dalalaridagi vaziyatni 2010-yildan chuqur o'rgana boshlagan va hozirda asosiy e'tibori qishloq xo'jaligi sohasidagi islohotlar qanday ketayotganida.

Tashkilot bayonotiga ko'ra, 18-aprel kuni Niyozova va uning mahalliy hamkori Sharifa Madrahimova ikki kishi tomonidan haqoratlangan va do'q-po'pisa qilingan. Voqea Madrahimovaning uyi oldida yuz bergan. Erkaklar ularni O'zbekiston nomiga dog' tushirayotganlikda ayblagan.

Niyozova va Madrahimova ulardan qochib, mashinaga chiqmoqchi bo'lganida, erkaklardan biri bunga monelik qilgan.

Mahalliy fermerlar va paxta sanoati vakillari bilan uchrashib, muloqot olib borayotgan Niyozova tahdidlar bois ish safarini erta tugatgan.

"Paxta kampaniyasi" yetakchi ekspertlaridan biri Allison Gill deydiki, Farg'onadagi kabi holatlar O'zbekistonda huquq himoyachilarining faoliyati naqadar qiyinligi, zarur monitoring hali ham qattiq tazyiqlar ostida olib borilishini anglatadi.

O'zbekistonda paxta yetishtirish, uni qayta ishlash va mahsulot chiqarish jarayonida hech kim majburan ishlatilmasligini va tizimda qonun ustuvor bo'lishini ta'minlash - xalqaro majburiyat. Bu protsessni esa faollar tekshiradi va o'rganadi.

"Paxta kampaniyasi" aniqlashicha, Niyozova va Madrahimovaga hujum qilganlardan biri Shuhrat Esanov degan shaxs. Koalitsiya taxminicha, faollar pinhona kuzatilgan.

O'tgan oy Qashqadaryo viloyatida ham huquq faoliga tahdid qilingan.

"Paxta kampaniyasi" va unga kiradigan o'nlab tashkilotlar, bizneslar va uyushmalar O'zbekistonni inson huquqlari himoyasi yo'lida va muayyan huquqbuzarliklarga nisbatan konkret chora ko'rishga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG