Prezident Jo Bayden va uning saylovdagi asosiy raqibi Donald Trampda ikkilanib turgan amerikaliklarni ularga ovoz berishga ko’ndirishi uchun olti oy vaqt qoldi.
Tramp shtat va federal sudlarda unga qarshi ochilgan ishlarda o’zini himoya qilish bilan ovora ekan, prokurorlarni saylovga aralashayotganlikda ayblamoqda.
“Hamma narsa qonuniy edi. Ularning ishlari ortida siyosiy sabablar bor. Baydenning saylanishini xohlashyapti. Bundan boshqa sabab yo’q”, - deydi Tramp.
Tramp tashviqot ishlari bilan shug’ullanishga kam vaqt qolayotganidan nolisa-da, siyosiy fitna unga saylovchilar obro’sini qozonishga yordam berayotganini aytadi.
“Mamlakatimiz dahshatli voqealarga yuz tutmoqda. Mamlakatimiz tarixida eng muhim bo’lgan kun, saylov kuni - 5-noyabrda, mening nazarimda, vaziyat o’zgaradi, aks holda bu odamlar yurtimizni barbod qilishadi”, - deydi Tramp.
Respublikachilar partiyasining iyul oyida Viskonsin shtatida bo’ladigan qurultoyida partiya Trampni nomzod sifatida rasman e’lon qilishi kerak bo’ladi.
2020-yil saylovidan oldin qurultoy Shimoliy Karolinada yarim virtual ravishda o’tkazilgan edi.
Bu yilgi syezdgacha Tramp o’ziga vitse-prezidentlikka sherik tanlashi kerak. Nomzodlar bir nechta: Floridadan AQSh senatori Marko Rubio, Ogayodan senator Jey Di Vense, Janubiy Karolinadan senator Tim Skott va Vakillar palatasining Nyu-Yorkdan saylangan vakili Elis Stefanik.
Oq uyda o’tayotgan tadbirlar Baydenga o’ziga yarasha siyosiy reklama vazifasini o’tamoqda.
Saylovchilari bilan uchrashuv paytida Trampga hujum qilish bilan birga Bayden iqtisodiyotning kuchayishiga hissa qo’shganini aytadi.
“Ma’muriyatim faoliyati davomida ikki baravar ko’p yangi zavod qurildi. Donald Tramp haligacha shamol tegirmonlari saratonga yetaklaydi deb o’ylaydi. COVID paytidagi maslahatlari esingizdami? Tomirlaringizga ozgina oqartirgich kiriting degan edi, ammo hammasi sochiga tegdi”, - deydi Bayden.
Demokratik partiyaning saylovoldi qurultoyi avgustda Illinoys shtatida o’tkaziladi. Bayden saylovda vitse-prezidenti Kamala Harris bilan qatnashadi.
Harris Oliy sudning 1973-yilda abort huquqlarini federal miqyosda ta’minlashga qaratilgan qarorini jonlantirish tarafdori ekanini aytib keladi. Sud 2022-yilda qarorni bekor qilgani mamlakatda noroziliklarga sabab bo’ldi.
"Qaror bekor qilinganida Donald Tramp prezident edi. Jo Bayden esa uni tiklagan prezident bo’ladi”, - dedi Harris.
Nomzodlar noyabrgacha bir necha televizion debatda bellashishi kutilmoqda. Munozara kunlari hali belgilanmagan.