Rossiya Prezidenti Vladimir Putin NATOning Yevropadagi ayrim a’zolarining Ukrainaga G’arb qurollari bilan Rossiyaning ichkaridagi hududlariga hujum qilishiga ruxsat berish da’vatlarini olov bilan o’ynashishga qiyosladi. Rossiya rahbariga ko’ra, bu global mojaroga turtki berishi mumkin.
Putin bu haqda O’zbekistonga tashrifi chog’ida so’zladi.
Unga ko’ra, NATOga a’zo davlatlarning aksariyati kichik, aholisi zich va Rossiyaga zarba berishga da’vat etayotganda shuni hisobga olishlari kerak.
Putin alyans bosh kotibi Yens Stoltenbergni oldin Norvegiya tashqi ishlar vaziri bo’lganida aqli raso odam bo’lganini, ammo hozir aqlsiz bayonotlar qilayotganini aytadi.
Stoltenberg AQShning “The Economist” jurnaliga bergan intervyusida Ukraina NATO a’zolaridan olgan qurollar bilan Rossiya ichkarisiga hujum qilishi kerakligini yoqlab chiqdi. Boltiq bo’yi mamlakatlari, Polsha, Chexiya kabi davlatlar ham shunday fikrda. Ammo alyansning AQSh va Germaniya kabi yirik a’zolari bunga qarshi.
Putinning aytishicha, uzoq masofali yuqori aniqlik bilan uradigan qurollar Ukraina tomonidan emas, balki sun’iy yo’ldoshlar orqali, yuqori malakali mutaxassislar tomonidan boshqariladi va nishonga yo’naltiriladi va bu ishga yolg’iz G’arb qodir.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy G’arbdagi hamkorlar o’z qurollarining Rossiyaga zarba berishda qo’llanilishini taqiqlayotganidan shikoyat qiladi.
“Prezident Zelenskiyning bu masalaga qiziqishidan xabardormiz, ammo bizning bu borada siyosatimiz o’zgargani yo’q. Biz AQSh qurollaridan Rossiya ichkarisiga zarba berishda foydalanilishiga qarshimiz va bunga rag’batlantirmaymiz”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Kreml rasmiylari Ukrainaning Rossiya shaharlari, neftni qayta ishlash zavodlari va hatto yadro hujumi haqida ogohlantiruvchi tizimga hujumlari ketidan Moskvaning sabri tugab borayotgani haqida ogohlantirmoqda.
Putin Zelenskiyning prezidentlik muddati tugaganiga, unda davlatni boshqarish uchun ortiq vakolat yo’qligiga va bunday sharoitda parlament spikeri uning vazifalarini bajarishi kerakligiga ham diqqat qaratdi.