Breaking News

Tramp sudlovi AQSh siyosiy maydonini yanada tarqoqlashtirgan


Nyu-York sudi oldida, 30-may, 2024
Nyu-York sudi oldida, 30-may, 2024

Donald Tramp hukm ustidan yuqori sudga arz qilmoqchi va Oq uy uchun poygada qoladi. Qonun buni cheklamaydi. Trampga jazo 11-iyulda belgilanadi: yo shartli jazo yo to'rt yillik qamoq.

AQSh tarixida misli ko'rilmagan voqea: Bir paytlar mamlakatni boshqargan inson - jinoyatchi. Nyu-York sudi 30-may kuni sobiq prezident Donald Trampni 34 noqonuniy harakatda aybdor deb topdi.

Hukm Amerika siyosiy maydonidagi keskinlikni avj oldirmoqda.

Oq uyga qayta saylanish ilinjidagi Prezident Jo Bayden nazarida hech kim qonundan ustun emas va Trampning qilmishlari uchun javob berishi - adolat.

Bayden saylovchilarga Tramp hamon respublikachilar nomzodi ekanini eslatib, unga aslo ovoz bermaslikka undamoqda.

Donald Tramp sudlovi hujjati, Nyu-York, 30-may, 2024
Donald Tramp sudlovi hujjati, Nyu-York, 30-may, 2024

Tramp kampaniyasi esa Nyu-York sudini adolatsiz, deya qoralab, sobiq prezident liberal uydirma qurboni, deya bong urmoqda.

Trampning o'zi sudni korrupsiyada ayblab, bayonot chiqargan. Hukm ham, uningcha, asossiz.

Kongressda Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson demokratlarni muxolifat liderini 'bo'lmagur ayblovlar" bilan sudlab, hukmni tantana qilmoqda, deya tanqid yog'dirdi.

Jonson fikricha, sudlov - demokratlarning saylovoldi o'yini. Kongressdagi demokratlar nazarida esa sud hay'ati xulosasi kuchli asosga ega va hukm Amerika adliya tizimi mustahkam va ishonchli ekanidan dalolat.

Nyu-York sudi oldida, 30-may, 2024
Nyu-York sudi oldida, 30-may, 2024

"34 jinoyatda aybdor deb topilgan inson uchun qonun ustuvor emas va bunday odam hech qachon dunyoning eng buyuk davlatini boshqarish uchun munosib emas", - deydi demokrat senator Sheldon Uyatxaus.

Uyatxaus palataning Adliya va sudlar bo'yicha qo'mitasida yetakchilardan.

"Sudlarimiz haqqoniy ekan, sobiq prezidentning yolg'onlari yaramadi, o'tmadi. Amerika xalqi sud hay'atlariga ishonadi va tayanadi".

Tramp hukm ustidan yuqori sudga arz qilmoqchi va Oq uy uchun poygada qoladi. Qonun buni cheklamaydi.

Virjiniya universitetidan tahlilchi Barbara Perri tushuntirishicha, 5-noyabrdagi saylovgacha hukm o'z kuchida qolsa, Tramp o'zi uchun ovoz bera olmaydi, chunki u Florida shtatida yashaydi va bu hududda jinoyatchilar bunday huquqqa ega emas.

Trampga jazo 11-iyulda belgilanadi: yo shartli jazo yo to'rt yillik qamoq.

Tramp tarafdorlari Nyu-York sudi oldida, 30-may, 2024
Tramp tarafdorlari Nyu-York sudi oldida, 30-may, 2024

Respublikachi senator Lindsi Grem ham hukmni qoralamoqda. Uning fikricha Nyu-York Amerikaning eng liberal qismlaridan biri ekan, respublikachi ayblanuvchining oqlanishi qiyin.

Biroq olima Barbara Perri tahlilicha, respublikachilar g'azabdan shunday gaplar aytmoqda.

"Eng xolis kuzatuvchilarni eshiting. Ular sudlov juda adolatli kechdi, demoqda. 12 kishidan iborat sud hay'ati ahmoqmi? Ular ham adolatsizmi?"

Bu a'zolarning har biri ayblanuvchining advokatlari va prokurorlar tomonidan ma'qullangan.

Oq uy AQShda qonun ustuvor, deya izoh bergan.

Trampni Florida va Jorjiya shtatlarida hamda Vashingtonda sudlovlar kutmoqda.

XS
SM
MD
LG