Qirg'iziston hukumati ikki yil oldin Issiq-ko'l bo'yida Osmon degan shahar qurish rejasini e'lon qilgan edi. Maqsad - mahalliy iqtisodni rivojlantirish va sayyohlar sonini oshirish, mamlakatda birdamlikni targ'ib qilish, deya tushuntirgan edi mutasaddilar.
Biroq yangi shahar qurish uchun mablag' qayerdan kelishi mavhum. Loyihalarni quvvatlashni va'da qilganlar ko'p, ammo amalda hech kim ish boshlamagan.
Bishkek rejadan qaytmoqchi emas. Osmon yashil shahar bo'ladi, deydi rasmiylar, har jihatdan zamonaviy biznes, moliya, sport, texnologiya, ta'lim va tibbiyot markazi yaratiladi. Osmon, loyihaga ko'ra, muqobil energiyaga tayanadi.
Qirg'iz milliy musiqa asbobi qomuz shaklida tasavvur qilingan Osmon uchun 4 ming gektar yer ajratilgan. Unda kamida yarim million aholi yashashi ko'zlangan.
Dastlabki hisoblarga ko'ra, Osmon uchun 20 milliard dollar zarur. Uni oyoqqa turg'azish uchun kamida 10 yil ketadi.
Prezident Sadir Japarov uchun bu loyiha prioritet. Japarov so'zi bilan aytganda, Osmon Qirg'iziston "sharqi va g'arbini ulaydigan moliyaviy hab bo'ladi".
Bishkekdan taniqli me'mor Ruslan Akmataliev nazarida Osmon kelajak shahri bo'lishi lozim, yuqori texnologiyaga asoslangan, shuningdek, tabiatni ardoqlaydigan maskan.
“Osmon ekologik mas'uliyatda hammaga o'rnak shahar bo'lishi kutiladi. Yashil zona, chiqindilar qayta ishlanib, atrof-muhitga imkon qadar oz zarar yetkaziladigan hudud", - deya tasavvur qiladi Akmataliev.
Osmon qurilishi rejalangan maydonga yaqin yashaydiganlar esa loyiha xususida hukumatchalik ijobiy fikrda emas.
"O'tloqlarga nima bo'ladi? Molni qayerda boqamiz? Hozir bu hududda uy-joy bor. Aholi punkti ko'chiriladimi?" - deya so'raydi Toru Aygyr qishlog'idagi do'kon egasi.
Bishkek oshkora siyosat yuritmaydi, deydi jamoachilik vakillari, ayniqsa moliyaviy jihatdan.
"Mablag qayerga qanday ishlatiladi?” - deya so'raydi Asxat ismli nafaqaxo'r.
"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan mahalliy odamlardan birortasi o'tgan bir yil ichida Osmon shahri qurilishi borasida biror progress kuzatmagan.
"Ulkan loyihalar aslida mansabdorlarning cho'ntagini qappaytiradi, bunyodkorlik qilamiz deyish bir bahona", - deya qo'l siltaydi Asxat.
Japarov qanchalik bong urmasin, Osmon shahri loyihasi bilan kim shug'ullanayotgani mavhum. Bu maqsadda tashkil etilgan agentlikning na idorasi bor va na sayti.
"Amerika Ovozi" hududda proyekt haqida biror ma'lumot topmadi. Biror banner osilmagan yoki boshqa turdagi e'lon ham yo'q.
Janar Akayev kabi qonunchilar fikricha, davlat yo'q pulni bunday loyihalar uchun ko'zlamay, bor mablag'ni real muammolarni hal etish uchun sarflashi kerak.
"Suv taqchil. Havomiz buzilgan. Jamoat transporti ishdan chiqqan. Mahallalarimiz rasvo. Bog'cha va maktablar yetishmaydi", - deya ta'kidlaydi Akayev.
“Bu ahvolda Bishkek qishloqqa aylanadi. Yangi shahar qurmay poytaxtimizga qarasak bo'lmaydimi?"
Osmon shahri bo'yicha tuzilgan agentlikning birinchi rahbari Timur Fayziev 2022-yilning oktabrida moliyaviy tovlamachilikda ayblanib, hibsga olingan.
Boshida Vazirlar mahkamasi nazoratida bo'lgan agentlik endi prezident idorasi qoshida. Prezident loyihani shaxsan o'zi boshqarayotganini aytgan.
2022-yilda hukumat Osmonni Fransiya kompaniyalari insho etadi, deb chiqqan edi.
2023-yilda esa Hindiston, Qatar, Birlashgan Arab Amirligi va Turkiya sarmoya qiladi, deya bayonot berildi.
Bu yilgi bayonot shuki, ular emas, Janubiy Koreyadan investorlar keladi.
Japarov ma'muriyati Issiq-ko'lda chet elliklar ham ko'chmas mulkka egalikk qilishi mumkin, deya ruxsat berishni taklif qilmoqda. Amaldagi qonunlar buni taqiqlaydi.
"Archa", Bishkekda asoslangan ekologik harakat, Osmonga qarshi chiqayotgan eng yirik tarafdir. Unga ko'ra, shahar qurilishi tabiatni buzadi, atrof-muhitga mislsiz zarar keltiradi.
Hukumat esa shahar ekologik jihatdan "aqlli" hudud bo'ladi, deya ta'kidlamoqda.
Bosh vazir Akilbek Japarov deydiki, biror loyihani amalga oshirish oson emas.
To'siqlar talay, muammolar ko'p, ammo Osmon quriladi, deydi u.
"Biz, qirg'izlar, tarixdan shaharlarni vayron qilganmiz, o't qo'yganmiz, o'rnida mol boqqanmiz. Yangi shahar barpo etish - biz uchun azaliy orzu. Osmon shahrini shakllantirish - prezidentimiz uchun orzu. Umid qilaman, bunga erishamiz", - deydi Japarov mahalliy media bilan muloqotda.