O'tgan oy Bishkekda Janubiy Osiyodan kelib o'qiyotgan yoshlar va ishchilarga nisbatan zo'ravonliklar kuzatilgach hukumat xorijdan talaba va migrantlarni qabul qilish siyosatini qayta ko'rib chiqmoqda. "Amerika Ovozi" aniqlashicha, bu masalada rahbariyatda yakdillik yo'q. Immigratsiyani cheklash iqtisodga zarar keltirishi ayon.
18-may kuni 700 ga yaqin qirg'iz yoshlar Bishkekda janubiy osiyolik talabalarning yotoqxonalariga hujum qilgan, ularni turli nojo'ya harakatlarda ayblab, to'polon ko'targan.
Aksariyati pokistonliklardan iborat 41 talaba jarohatlangan. Voqea hamon tergov ostida.
Milliy xavfsizlik qo'mitasi rahbari Kamchibek Tashiev janjal sababsiz chiqmagan, deya ta'kidlagan, ya'ni mahalliy yoshlarni g'azabga keltirgan sabablar bo'lgan.
“Nolegal immigrantlar sodir etgan jinoyatlar bo'yicha statistika bor. Umuman olganda, ular Bangladesh va Pokistondan”, - degan Tashiev.
O'tgan oylarda, shu yilning o'zida Qirg'izistondan qariyb 2500 chet ellik deportatsiya qilingan.
Tashiev, hukumatda Prezident Sadir Japarovdan keyngi odam, immigratsiyani cheklashga undamoqda.
Ichki ishlar vazirligi viza vaqti o'tib ketganlarga jarimalarni ikki karra oshirishni ko'zlamoqda, shuningdek, hujjatsiz xorijliklarga ish berganlarga ham jazo kuchaytirilishi kutilmoqda.
30-may kuni olib borilgan tintuvlarda 64 chet ellik turli kamchiliklar bilan ushlangan.
Mehnat vazirligi Bangladesh, Pokiston va Hindiston fuqarolariga ish uchun ruxsatnoma bermayotgani haqida xabarlar bor.
Hujumga uchragan talabalar esa hujjatlari joyida ekanini aytib, diskriminatsiyadan noliydi.
18-maydan beri 4000 dan oshiq student chiqarib yuborilgan, aksariyati Pokistondan.
Ayrim mutaxassislar tahlilicha, tizim noqonuniy yurganlar sonini bo'rttirmoqda. 2024-yilning birinchi choragida 60 kishidan muammo topilgan, 264 jinoiy ish ochilgan.
Hukumatga ko'ra, Qirg'izistonda 71 ming chet ellik talaba bor, xususan 24 ming hindistonlik va pokistonlik. Ular asosan tibbiyot sohasida bilim oladi.
Konchilik, qurilish va kiyim-kechak sanoatida xorijlik ishchilar soni 25 ming atrofida.
Mehnat vaziri Gulnara Batirova migrantlarni haydash salbiy oqibatlarga yetaklashi borasida ogohlantirgan. Uningcha, ayniqsa kichik bizneslar zarar ko'radi.
"Xususiy biznes egalarining aytishicha, chet elliklar vaqtida ishga keladi va ko'proq mehnat qiladi. Bizning odamlarimiz Rossiya va boshqa joylarga ishga ketgan", - deydi Batirova.
Qirg'izistonda kamida 6,500 ish o'rni bo'sh ekani ma'lum.
Shunga qaramasdan hukumat odamlarning chet elliklarga nisbatan qarshiligini tushunishga urinayotgani seziladi. Eng muhimi, deydi kuzatuvchilar, rahbariyat aholining biror bir sabab bilan qo'zg'alishini aslo istamaydi.
18-may voqealari izchil tekshiriladi, deydi Tashiev. Prezident Japarov hukumat masalani hal qiladi, deya bayonot bergan. Prezident chet ellik talabalardan davlatga daromad kelishini e'tirof etgan.
Japarov deydiki, Qirg'iziston mehnat kuchiga muhtoj. Bizneslar hukumatdan chetdan odam yollash uchun imkoniyatlarni kengaytirishni so'ramoqda, deydi prezident.
Mahalliy aholi qanchalik undalmasin, ishlashga moyil emas, deydi Mehnat vaziri Batirova. Bizneslar ham ko'proq xorijliklarni ma'qul ko'radi.
"Bizning fuqarolar vaqtida ishga kelmaydi. Maoshini olgach g'oyib bo'ladi. Bayramlarda, tug'ilgan kunlarda mehnatdan qochadi, - deydi Batirova.