AQShda prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, saylovchilar o‘rtasidagi siyosiy tafovut ham kuchayib bormoqda. Ayrim saylovchilar bunda ommaviy axborot vositalarini ayblaydi.
Amerikalik saylovchilarning aytishicha, AQShda noyabr oyida bo'lib o'tadigan prezidentlik saylovlari oldidan qutblanish kuchaygan.
"Menimcha, hozir fuqarolik huquqlari davridan beri eng ko'p bo'lingan mamlakatmiz. Bizda hatto muloqot qila olmaydigan odamlar bor", - deydi Jon ismli saylovchi.
Ovoz muhandisi Maykl MakDermot fikricha, siyosiy qutblangan ommaviy axborot vositalari ham bunga hissa qo'shmoqda.
“Turli qarashlar uchun turli axborot manbalari bor. Siz eshitgan har bir narsangizni savol ostiga olishingiz kerak", - deydi u.
2023-yilda o'tkazilgan so’rovga ko’ra, amerikaliklar ommaviy axborot vositalarini siyosiy bo'linishlarni kamaytirish o’rniga, yanada kuchaytiradi, deb hisoblaydi.
Ularning faqat 16 foizi yangiliklarni to'g'ri va adolatli deb aytgan.
"Yangiliklarni o’qisangiz, ular o’zlari qo’llagan so’zlar orqali sizni qaysidir tomonga og’dirishga urinayotgandek bo’ladi", - deydi Niki ismli amerikalik.
Ommaviy axborot vositalarining qutblanishi tasodif emas, deydi Tennessi shtatidagi Mayoq markazi prezidenti Jastin Ouen.
“Ular o’ziga jalb qilishni xohlaydi. Ko’proq odam o’qishini, ko’rishini xohlashadi. Ochig'ini aytganda, keskin qarashlarni yoyishdan manfaat bor, chunki shu ko'proq e'tibor tortadi”, - deydi u.
Ijtimoiy tarmoqlarni ayblayotganlar ham ko’p.
“U yerdagi fikrlar alangani yanada kuchaytiradi”, - deydi Mark ismli saylovchi.
Bunday tarmoqlar bo'linishlarni kuchaytirishi mumkin, lekin paydo qilmaydi, deydi ekspertlar.
“Ommaviy axborot vositalari odamlarning e'tiqodini o’zgartira olishi haqida dalillar juda kam. OAVlardan oldin va tarfkash yangiliklar paydo bo’lishidan oldin ham qutblashish mavjud edi”, - deydi siyosatshunos Joanna Danavay.
Prezidentlik saylovi yaqinlashar ekan, Danaway noto'g'ri ma'lumotlarning tarqalishidan ko’proq xavotirda ekanini aytadi. Oddiy odamlar ularni haqiqatdan farqlashi qiyin bo’ladi, deydi tahlilchi.