Breaking News

Rossiya AQShning bombardimonchi samolyotlari yo’lini to’sganini da’vo qilmoqda


Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya Harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari Amerikaning ikki strategik bombardimonchi samolyoti Arktikadagi Rossiya havo hududiga kirishiga yo’l qo’ymaganini da'vo qilmoqda.

Kuni kecha Rossiyaning Telegram messenjerida chaqmoq belgisi bilan belgilangan postda Mudofaa vazirligi Rossiya qiruvchi samolyotlari Amerika samolyotlarini o‘z chegarasidan chetlanishga majbur qilgani tasvirlangan dramatik voqealar ketma-ketligini joylashtirdi.

Rossiya Barens dengizi ustida Rossiya Federatsiyasi chegarasiga yaqinlashayotgan “havo nishonlari guruhini” aniqlab, Rossiya MiG qiruvchi samolyotlarini “Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasining himoyasi” uchun havoga ko'targan.

“Rossiya qiruvchi samolyotlari yaqinlashganida, Amerika strategik bombardimonchi samolyotlari Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasidan orqaga qaytdi”, - deya ma’lumot berdi Rossiya mudofaa rasmiylari.

Bu yolg’on ma’lumot.

Rossiya Mudofaa vazirligi AQSh strategik bombardimonchi samolyotlarining Rossiya havo hududiga kirishga va Rossiya davlat chegaralarini buzishga uringani haqidagi xabarni soxtalashtirgan.

“Ikki amerikalik uzoq masofali B-52 Stratofortress strategik bombardimonchi samolyoti Qora dengiz bo'ylab Ruminiyadagi aviabazaga yo‘l olgan edi. Xalqaro suvlar ustidan uchib o‘tayotganida, ular o’z kursini o‘zgartirmagan va belgilangan manzilga reja bo‘yicha yetib kelgan”, - deyiladi o‘sha kuni AQShning Yevropadagi harbiy-havo kuchlari (USAFE) tarqatgan bayonotda.

“Xalqaro havo hududida va xalqaro qonunchilikka muvofiq parvoz qilayotgan amerikalik B-52 samolyoti Barens dengizi ustida ikki rossiyalik samolyot tomonidan to‘xtatildi, - deydi USAFE vakillari. - Shunday bo’lsa-da, Amerikaning bombardimonchi samolyotlari o’z kursini o‘zgartirmadi va rejalashtirilgan parvozini hech qanday hodisalarsiz davom ettirdi”.

Rossiya tomonidan voqealarning noto‘g‘ri talqini Rossiya davlat axborot platformalarini qamrab oldi va millionlab rossiyaliklarga bu “hodisa” haqida noto‘g‘ri ma'lumotlar ishonchli axborot sifatida tarqatildi.

Rossiyaning bosh telekanali – “Birinchi” kanal deyarli barcha yangilik dasturlarini boshlovchining qog’oz varoqqa qarab: “Mudofaa vazirligining shoshilinch bayonoti! Bizning davlat chegaramizni Amerika strategik bombardimonchi samolyotlari tomonidan buzilishining oldi olindi!”, - deya e’lon qilish bilan boshladi.

Rossiyaning tarafdorlari bo’lgan ko’plab ijtimoiy tarmoq akkauntlari, jumladan, o‘zlarini “mustaqil jurnalistlar” deb atab, ingliz tilida xabarlar joylashtirganlar ham, bu yolg‘on xabarlarni tasdiqlangan yangiliklar sifatida tarqatdi.

“YouTube” video striming platformasida ham ba'zi xorijiy axborot vositalari Rossiyaning Amerika bombardimonchi samolyotlarini Rossiya hududiga kiritmagani haqidagi yolg'on xabarlarni takrorladi.

“Hindustan Times” gazetasi o‘zining 7 million obunachiga ega “YouTube” kanalidagi postlariga: “AQSh Rossiyani urushga undayaptimi? Putin samolyotlari Amerika samolyotlarini chekinishga majburlamoqda!”, - kabi sarlavhalar qo’ydi.

Rossiya AQShning Yevropadagi manfaatlari va ittifoqlarini obro‘sizlantirish hamda AQSh bilan NATO ittifoqchilari o‘rtasida nizo qo‘zg‘atish uchun dezinformatsiya kampaniyasini izchil kuchaytirmoqda.

“B-52 — AQShning eng xavfli uzoq masofali bombardimonchi samolyoti bo’lib, AQSh ularning Yevropaga qilgan parvozlaridan xabardor Rossiya bo‘lishini xohlaydi”, - deb xabar berdi “CNN” kanali.

Ushbu B-52 Stratofortress parvozi AQShning Ruminiyadagi Mixail Kogalniceanu aviabazasida amalga oshiradigan birinchi operatsiyasi bo'ldi, deya xabar beradi “Stars and Stripes” nashri.

“MK nomi bilan tanilgan baza Qora dengiz mintaqasidagi AQSh harbiylari uchun asosiy operatsion markaz boʻlib xizmat qiladi va NATO uni yana-da kengaytirish uchun koʻplab milliard dollar sarflamoqda. Bu esa uni Germaniyadagi Ramshteyn havo bazasidan ham kattaroq bo’lishiga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG