Breaking News

Belarus urushda ishtirok etish va mustaqillikni saqlash tanlovi o'rtasida turibdi


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Kreml bilan yaqin aloqada bo‘lgan holda, mamlakatda yangi prezidentlik saylovini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ammo bunda mamlakat uchun Ukrainadagi urushga to‘liq jalb etilish va mustaqillikni yo‘qotish xavfi mavjud.

Rossiya Belarusni asta-sekin o‘z nazoratiga olmoqda. Bu jarayon mamlakat mustaqilligini yo‘qotish xavfini oshirmoqda, chunki Lukashenko o‘z hokimiyatini saqlash maqsadida bu bosimlarga qarshi turmasdan yon bermoqda. Ekspertlar Belarus uchun 2025-yilni siyosiy va iqtisodiy jihatdan juda og‘ir yil sifatida ko‘rmoqda.

Mustaqillik va urush o’rtasidagi muvozanat

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri ekspertlarni Minsk urushga qo‘shiladimi; Rossiya Belarusni to‘liq anneksiya qilishga qaror qiladimi yoki Lukashenko hech bo‘lmaganda mamlakat mustaqilligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ladimi kabi savollar o’ylantirmoqda.

2024-yil Belarusning Rossiya bilan siyosiy va harbiy sohalarda yanada yaqinlashishi bilan ajralib turdi.

Dekabr oyida Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenko o‘rtasida Minskda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yadroviy qurol tashishga qodir bo‘lgan “Oreshnik” raketa majmuasini yetkazib berilishi e’lon qilindi. Shuningdek, Belarusda joylashtirilgan Rossiya taktik yadroviy qurollaridan foydalanishni nazarda tutuvchi xavfsizlik shartnomasi imzolandi.

“Afsuski, biz Belarusning Rossiya tomonidan de-fakto anneksiya qilinishini kuzatishda davom etmoqdamiz. Bu yerda Lukashenko o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun mamlakatining suvereniteti va mustaqilligini qurbon qilmoqda. Putinning Ukrainaga qarshi urushini qo'llab-quvvatlashda Belarus ham rol o'ynaydi. 2022-yilda Lukashenko Ukrainaga keng ko'lamli bosqinni boshlash uchun Belarus hududidan foydalanishga ruxsat berdi. Hozir esa Rossiya Belarusda yanada ko‘proq qurol va raketa tizimlarini joylashtirmoqda, bu esa mamlakatning militarizatsiyasini kuchaytiradi”, — dedi Jorj Bush instituti ijrochi direktori Devid Kramer.

“Rossiya va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanmoqda, – deydi Alberta universitetining Sharqiy Yevropa tarixi professori Devid Marpls. – Belarus hududida taxminan bir yildan beri taktik yadroviy qurollar joylashtirilgan. Ularning haqiqatan ham foydalanishga tayyorligini bilmaymiz. Ammo bundan ham muhimroq narsa – ikki davlat media makonlarining birlashgani. Hozir ular asosan G‘arbni asosiy dushman sifatida ko‘rsatadigan bir xil propagandani tarqatmoqda. Polsha Belarusga qarshi potensial tajovuzkor davlat sifatida tasvirlanmoqda. Bularning barchasi mamlakatni NATO bosqinidan himoya qilish zaruriyati bilan asoslanadi, garchi NATO hech qachon Rossiyaga tahdid solmagan bo‘lsa ham”.

Belarus rejimi, 2021-yilda bo‘lgani kabi, Suriya, Iroq va Afrika davlatlaridan kelayotgan muhojirlar oqimini Polsha chegarasiga yo‘naltirish orqali yana bir bor migratsiya inqirozini uyushtirishga urindi. Polsha rasmiylari muhojirlar tomonidan ko‘plab tajovuzkorlik holatlari, jumladan, chegarachilarga hujum qilish holatlari haqida xabar bergan. Varshava bunga javoban 200 metrlik bufer zonasini yaratib, chegarachilar sonini ko‘paytirdi. Litva va Latviya ham ehtimoliy provokatsiyalarning oldini olish uchun o‘z chegaralarini himoya qilishni kuchaytirdi.

“Lukashenko ko‘proq Kreml manfaatlarini ilgari suruvchi vosita sifatida harakat qilmoqda. Migratsiya bosimi va harbiy texnikani taqdim etish kabi harakatlar Rossiyaning strategiyasiga xizmat qilmoqda. Lukashenkoga G‘arb bilan aloqalarda ma’lum darajada mustaqillik ko‘rsatish uchun imkon berilsa-da, aslida barcha muhim qarorlar, oddiy qilib aytganda, “butun gamburger” Moskvada tayyorlanadi”, – deydi AQSh Tinchlik Instituti huzuridagi Rossiya va Yevropa markazining katta maslahatchisi Donald Jensen.

Shunga qaramay, Lukashenko 2024-yilda, avvalgidek, G‘arb bilan muloqotga tayyorligini ko‘rsatib, hiyla qilishga urindi. U uzoq vaqt ichida birinchi marta 200 dan ortiq siyosiy mahbusni ozod qildi.

“Lukashenko doim o‘ziga chekinish yo‘lini qoldiradi. U Belarusni Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshiga aylantirayotgan bo‘lsa-da, o‘z harakat erkinligini saqlab qolishga harakat qiladi, – deydi AQShning Belarusdagi sobiq elchisi Kennet Yalovits. – Mahbuslarni ozod qilish va Belarus anneksiyaga qarshi turadi, degan bayonotlar uning mustaqillikni namoyish etish usuli. Ammo bu o‘yindan hamma allaqachon charchagan”.

“Menimcha, u AQShning yangi ma'muriyati, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar boshlansa, ularda qandaydir rol o‘ynashni umid qilmoqda. U o‘z ahamiyatini oshirishni, hali ham muhim o‘yinchi ekanligini ko‘rsatishni istaydi. Ammo bugungi kunda Lukashenko ikkinchi darajali o‘yinchi, Rossiya uchun niqob bo‘lib xizmat qilayotgan shaxs”, – deya xulosa qiladi Yalovits.

Ammo barcha ekspertlar ham Belarus o‘z mustaqilligini to‘liq yo‘qotgan degan fikrga qo‘shilmaydi.

“Rossiya, ehtimol, Belarusni to‘liq o‘z ichiga qo‘shib olishni maqsad qilmayapti, – deydi Jensen. – Putin uchun Belarus Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshi bo‘lishi yetarli, bu sovuq urush davridagi Sharqiy Yevropa davlatlarini eslatadi. Shu bilan birga, Putin na Lukashenkoning harbiy kuchlariga, na uning o‘ziga yetarlicha ishonadi. Shu bilan birga, Lukashenko Kremlning talablarini bajarib, o‘z hokimiyatini saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, mustaqilligini to‘liq yo‘qotmagan. U Putin uchun kerakli gaplarni aytmoqda, lekin anneksiya yuz berguday bo‘lsa, qarshilik bo‘lishi mumkinligi haqida ham bayonotlar qilmoqda. Shuningdek, Belarus jamiyatida Rossiya tomonidan bosib olinishga qarshi yashirin norozilik kayfiyati mavjud”.

Jensenning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Belarusda beqarorlik yoki noroziliklar kuchayishini va oqibatda resurslarini yo‘qotish yoki e’tiborni boshqa masalalardan chalg‘itishni xohlamaydi.

Shu bilan birga, 2024-yilda Belarus armiyasining Ukrainadagi urushga jalb etilishi ehtimolini ko‘rsatadigan yangi belgilar paydo bo‘ldi.

“Belarusda yangi Rossiya harbiy bazalarini yaratish bo‘yicha kelishuvlar va erishilgan bitimlar Belarus armiyasining Ukrainadagi urushga jalb qilinishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini ko‘rsatadi”, – deya tushuntiradi Marpls. – “Nazariy jihatdan bu har doim mumkin bo‘lgan hodisa, ammo hozirda bunga aniq asos mavjud. Shu o‘rinda men 2022-yilda o‘tkazilgan so‘rovga qaytishni istardim. Respondentlarning 86% dan ortig‘i Belarus armiyasining Ukrainadagi urushda ishtirok etishiga qarshi chiqqan. O‘shandan beri urush yanada shafqatsiz tus oldi va men jamiyatdagi kayfiyat sezilarli darajada o‘zgarganiga shubha qilaman”.

Vilnyus universiteti siyosatshunosi Tatyana Chulitskaya, aksincha, tashvishli tendensiyalarni ta’kidlaydi:

“Davlat boshqaruvi sohasida biz hokimiyat blokiga mansub boʻlganlar, voqealar rivojining repressiv va zoʻr ssenariysiga amal qilganlarning mutlaq ustuvorligini kuzatamiz. Bu shaxslar, aslida, Belarus manfaatlaridan ko‘ra Rossiyaning geosiyosiy manfaatlarini ustun qo‘yishga tayyor. Ular, asosan, Rossiya va Putinning tashqi, siyosiy va harbiy pozitsiyalariga xizmat qilish bilan shug‘ullanmoqda. Bu juda tashvishli tendensiya, chunki bu Belarusni urushga yanada yaqinlashtiradi”, – deya ta'kidlaydi Chulitskaya.

Biroq, Lukashenkoning xohishidan qat'i nazar, urushning o'zi 2024-yilda Belarus chegaralariga yaqinlasha boshladi.

“Belaruski Gayun” monitoring loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil iyul oyidan boshlab Belarus havo hududiga Ukrainaga qarshi urushda foydalanilayotgan kamida 356 ta Rossiya droni uchib kirgan. Ularning soni ortmoqda: agar iyul oyida 9 ta dron qayd etilgan bo‘lsa, noyabrga kelib bu raqam 151 taga yetgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG