Breaking News

Saudiya Arabistoni valiahdi - Tramp uchun "o'ta muhim" sherik


Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad bin Salmon AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan suhbatda, Riyod, 17-fevral, 2025
Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad bin Salmon AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan suhbatda, Riyod, 17-fevral, 2025

AQSh va Rossiya rasmiylari Riyodda Ukraina yuzasidan ilk uchrashuvini o'tkazar ekan, Saudiya qirolligi Misr, Iordaniya, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari bilan muloqotga tayyorlanayotgan edi. Arab davlatlari AQSh rahbari Donald Trampning G'azo xususidagi rejasiga javob berishi kutilmoqda.

Amerikaning Rossiya-Ukraina va Yaqin Sharq bo'yicha muzokaralarida Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad bin Salmon strategik rol o'ynayotgani bot-bot tilga olinadi.

Tramp o'z xalqiga har ikki mojaroni tugatishni va'da qilgan.

Ukraina Rossiya bilan tinchlik muzokaralarida chetda qolib ketmoqda, degan xavotirga Tramp "nega uch yildan beri hech kim bu urushni to'xtatmadi?" deya javob qaytarmoqda.

"Men allaqachon Ukrainaga deyarli barcha yerlarini qaytarib beradigan kelishuvga erishgan bo'lar edim", - deydi Tramp.

AQSh delegatsiyasi Riyodda Rossiya rasmiylari bilan uchrashuvdan mamnun, 17-fevral, 2025
AQSh delegatsiyasi Riyodda Rossiya rasmiylari bilan uchrashuvdan mamnun, 17-fevral, 2025

Oq uy Ukraina uchun Rossiyadan nima talab qilinishi mumkinligi haqida aniq gapirmayapti, ammo Moskva qo'shinlari mamlakatning deyarli 20 foizini nazorat qiladi, jumldan Donetsk, Xerson, Lugansk, Zaporojyening katta qismlarini. Boshqa hududlarda janglar davom etmoqda. Qrim esa 2014-yildan beri Rossiya iznida.

Yaqingacha Ukrainani shartsiz quvvatlab kelayotgan AQSh siyosatida keskin burilish bo'lganini Yevropa hazm qilishga qiynalmoqda.

AQSh nafaqat urushni tezroq tugatish, balki Rossiya bilan aloqalarni tiklash ustida bosh qotirmoqda.

G'azo shahridagi manzara, 17-fevral, 2025
G'azo shahridagi manzara, 17-fevral, 2025

Yaqin Sharqda esa Oq uyning G'azoda nazoratni qo'lga olib, uni qayta qurish va falastinliklarni u yerdan chiqarib yuborish rejasiga munosabat o'ta salbiy.

Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi arab dunyosi AQShga muqobil reja taklif qilishi kerak. Uning ilk shakli bu hafta Riyodda, yakuniysi esa kelasi hafta Qohirada tasdiqlanishi kerak.

Misr ishlab chiqqan taklif shuki, G'azo XAMASsiz boshqariladi va bu vazifa Falastin milliy qo'mitasi degan organga topshiriladi. Kelasi uch yil ichida G'azoni qayta qurish uchun 20 milliard dollar zarur. Bu mablag'ni asosan Fors ko'rfazi mamlakatlari va boshqa arab davlatlar xayriya qiladi.

Donald Tramp va Muhammad bin Salmon, Osaka, Yaponiya, 28-iyun, 2019
Donald Tramp va Muhammad bin Salmon, Osaka, Yaponiya, 28-iyun, 2019

Vashingtondagi Jons Xopkins universitetidan siyosiy tahlilchi Lora Blumenfeld nazarida Muhammad bin Salmon realistik va tashabbuskor arbob sifatida ko'rinishga harakat qilmoqda.

Blumenfeld deydiki, Saudiya valiahdi Trampga xos biznes qarashga ega odam, ya'ni sarmoyaga urg'u beradi.

Bugun Mayamida kechayotgan investorlar anjumanida Prezident Tramp ham so'zlamoqda va tadbirni aynan Saudiya qirolligi tashkil etgan.

"Tramp tinchlik kelishuviga erishish ilinjida, shoshmoqda, balki Nobel mukofotidan umidvor. Valiahd esa 2030-yilgacha yurtini iqtisodiy jihatdan yanayam boyitishni va'da qilgan. Ikkalasi sizdan ugina - bizdan bugina qabilida ishlashga moyil, bir-birga bu jihatdan juda mos", - deydi ekpert.

Falastinliklar, hayot qanchalik qiyin bo'lmasin, G'azoni tark etishni xohlamaydi va AQSh rejasidan g'azabda, Rafa, 16-fevral, 2025
Falastinliklar, hayot qanchalik qiyin bo'lmasin, G'azoni tark etishni xohlamaydi va AQSh rejasidan g'azabda, Rafa, 16-fevral, 2025

39 yoshli valiahd Tramp bilan uning birinchi prezidentligida yaqindan ishlagan va keyin ham biznes aloqalarni uzmagan.

Tramp Oq uydagi ilk muddatida xorijiy tashriflarini Saudiya Arabistonidan boshlagan. Qator yirik bitimlar imzolangan, jumladan 110 milliard dollarlik qurol savdosiga kelishilgan. Kelasi 10 yil uchun xuddi shunday shartnoma imzolanishi mumkin, bu safar qariyb 350 milliard dollarlik.

Tramp va valiahd orasidagi muloqotlarda o'zaro yarim trillion dollarlik biznes haqida gap ketayotgani ma'lum.

2021-yilda Saudiya Arabistoni Trampning kuyovi Jared Kushnerning firmasiga 2 milliard dollarlik sarmoya kiritgan. Prezidentning farzandlari tebratadigan kompaniya hozirda Riyod va Jiddada yirik loyihalaga ega.

Vladimir Putin va Muhammad bin Salmon, Riyod, 6-dekabr, 2023
Vladimir Putin va Muhammad bin Salmon, Riyod, 6-dekabr, 2023

Muhammad bin Salmon Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan ham do'st.

Saudiyalik tahlilchi Ali Shihabiy kuzatishicha, valiahd Vashingtonni uning Rossiya va Xitoy bilan yaqinligi aslida G'arb uchun foydali ekaniga ishontira olgan.

"Saudiya Arabistoni serqirra tashqi siyosat olib borishidan Amerika manfaatdor degan tushuncha targ'ib qilinadi",- deydi Shihabiy.

Valiahd hozir Tramp va Putinni uchrashtirish harakatida, deydi ekspert.

"Dunyoda biror boshqa lider valiahd kabi ham Putin, ham Tramp ishonchini qozongan emas", - deydi Shihabiy.

Saudiya Arabistonining yana bir qulay jihati bor: qirollik Xalqaro jinoiy sudga kirmagan, ya'ni uning qarorlariga bo'ysunmaydi. Bu sud esa 2023-yilda Putinni urush jinoyatlarida aybdor deb topib, uni hibsga olishni buyurgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG