Breaking News

Rubio: USAID 83 foizga qisqardi, qolgani Davlat departamenti izmida


USAIDning bosh idorasi bo'lgan imoratdan hatto tashkilotning nomi ham olib tashlandi, Vashington, 7-fevral, 2025
USAIDning bosh idorasi bo'lgan imoratdan hatto tashkilotning nomi ham olib tashlandi, Vashington, 7-fevral, 2025

Davlat kotibi Marko Rubio bayon qilishicha, Tramp ma'muriyati AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) faoliyatini bir yarim oy davomida elakdan o'tkazib, 60 yildan oshiq davrdan beri ishlab kelgan tashkilotning 83 foizini yo'q qilgan. Qolgan dasturlar endi Davlat departamenti nazorati ostida davom etadi.

Oq uy "tarixiy islohot" deb ataydigan qisqartirishlarni multimilliarder Ilon Mask boshchiligidagi Hukumat samaradorligini oshirish bo'limi olib bormoqda.

Rubio va Mask qator masalalarda chiqisha olmayotgani ma'lum, lekin bosh diplomat USAIDni "isrofgarchilikdan tozalash" ishlarida bu idoraga rahmat aytgan.

Prezident Donald Tramp 20-yanvarda imzo chekkan farmon USAIDni tubdan isloh qilishni buyurgan edi.

10 mingdan oshiq xodim va 90 dan ziyod davlatda vakolatxonaga ega agentlik bir kunda yopilgan.

Minglab xodim bo'shatildi. Minglab xodim ma'muriy ta'tilda. Bir necha yuz odamgina faoliyatini davom ettirmoqda. Xorijdagilar vatanga qayta olmay, sarson.

Vashingtonda USAIDni quvvatlab, namoyishlar, 27-fevral, 2025
Vashingtonda USAIDni quvvatlab, namoyishlar, 27-fevral, 2025

Tramp ma'muriyati USAIDni milliardlab dollarni behuda sovurganlikda, liberal g'oyalarni targ'ib qilib, Amerikaga foydasi bo'lmagan loyihalar olib borganlikda, davlat xavfsizligi va farovonligi uchun xizmat qilmaganlikda ayblaydi.

USAID xodimlari, agentlik hamkorlari va tarafdorlari esa uning faoliyatini global xizmat deya ta'riflaydi. Insoniyatga zarur yordam ko'rsatgan va shu tariqa AQSh manfaatlari va qadriyatlarini himoya qilgan tashkilot deb biladi.

Rubio deydiki, USAIDning 6200 dasturidan endilikda 5200 tamoman yopilgan. Uning fikricha, tugatilgan dasturlarning birortasi davlat talablariga javob bermagan.

Davlat kotibi bu masalada ma'muryat Kongress bilan ishlayotganini aytadi, ammo qonunchilar orasida USAID qisqarishiga qarshilik kuchli.

USAID qarorgohi, Vashington, 7-fevral, 2025
USAID qarorgohi, Vashington, 7-fevral, 2025

Demokratlarga ko'ra, Kongress ma'qullagan va zarur mablag' ajratgan agentlikni parchalash qonunga ziddir.

Mamlakat bo'ylab federal sudlar bu boradagi shikoyatlarni ko'rib chiqmoqda. Ayrimlari Tramp ma'muriyatiga USAIDning mablag'ini muzlatmaslikni, ko'zlangan maqsadlar uchun ishlatishni, ishdan olingan odamlarni qaytarishni, xorijda noiloj qolgan xodimlarning masalasini hal etishni buyurgan.

Oq uy AQShning tashqi yordamini to'xtatib qo'ygani, gumanitar ko'mak ko'rsatishda voz kechgani, taraqqiyot dasturlarini bekor qilgani uchun qoralansa-da, USAIDning yangi boshqaruvchisi Pit Morokko Mask yordamida "islohotlarni" davom ettirmoqda.

USAID shartnomalari bekor qilingani nafaqat chetdagi sheriklarga zarba, balki Amerika qishloq xo'jaligi va boshqa sohalarda bu agentlik bilan hamkorlik qilganlarning ham biznesiga zarar keltirgan.

Amerika yordami sifatida yetkazilgan oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa ashyolar turli shtatlardan ham borar edi.

Ko'plab pudratchilar va hamkorlar ham Oq uyni sudga berib, adolat talab qilmoqda.

Ular, shuningdek, USAIDga bevosita ishlaganlar xorijdagi xarajatlarni to'lay olishi uchun ham hukumatdan mablag' so'ramoqda, madad kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG